O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil G‘azo markazidagi Xon Yunus shahrining Al-Mavasiy tumanida qochqinlar to‘plangan hududlar va oziq-ovqat omborlariga aviazarbalar berdi. Hujumlar davomida Shayx Radvon va An-Nafaq tumanlaridagi turar joy binolari ham nishonga olindi.
Mahalliy shifokorlarning ma’lum qilishicha, hujumlarda kamida 10 nafar falastinlik halok bo‘ldi, yana o‘nlab odamlar yaralangan.
Shimoliy G‘azo «falokat zonasi» deb e’lon qilingan. Jabaliya, Bayt Hanun va Bayt Lahiya hududlaridagi yer, dengiz va havodan hujumlar jiddiy humanitar krizisga sabab bo‘lmoqda.
Falastinliklar genotsidi 426 kundan buyon davom etmoqda. G‘azo sektori Sog‘liqni saqlash vazirligiga ko‘ra, bu davrda 44 ming 580 nafar inson halok bo‘lgan. Ularning 17,5 mingdan ziyodi yosh bolalar. 105 ming 739 kishi yaralangan. O‘tgan sutkada 5 ta ommaviy qatl sodir etilgan, 48 kishi halok bo‘lgan va 201 kishi yaralangan.
Falastin yerlarini boshqarish
Falastinning HAMAS va FATH harakatlari Qohirada o‘tkazilgan muzokaralar davomida G‘azo sektoridagi urushdan keyingi boshqaruvni amalga oshirish uchun qo‘shma qo‘mita tuzishga kelishib oldilar, deb xabar bermoqda AFP agentligi.
Kelishuvga ko‘ra, qo‘mita 10-15 nafar siyosiy jihatdan mustaqil texnokratlardan iborat bo‘lib, ularning aksariyati G‘azo sektorida tug‘ilgan. Qo‘mita ta’lim, sog‘liqni saqlash, iqtisodiyot, humanitar yordam va hududni tiklash kabi sohalarni boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi.
Noyabr oyida HAMAS harakati bunday qo‘mita tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirgan edi, ammo qo‘mita hududdagi barcha sohalarni to‘liq nazorat qilishi shartligini ta’kidlagan. Bu taklif Misr tomonidan ilgari surilgan bo‘lib, HAMAS uni ijobiy qabul qilgan.
Suriyadagi vaziyat
Suriyadagi Hama shahri muxolifat qo‘liga o‘tdi. Asad rejimiga qarshi isyon ko‘targanlar Halabdan boshlab Damashq tomon yurishda davom etmoqda. Suriya armiyasi shiddatli to‘qnashuvlardan so‘ng shahardan chekinganini tasdiqladi. Hama — strategik ahamiyatga ega bo‘lib, u hukumat nazoratida qolgan edi. Isyonchilar shahar qamoqxonasidan mahbuslarni ozod qilib, shahar markaziga yaqinlashmoqda.
Hama — Halabdan Damashqqa qadar yo‘lning uchdan bir qismidir, uning egallanishi mamlakatdagi yana bir yirik shahar Homs tomon yo‘l ochadi. Homs esa Suriyaning aholi eng ko‘p yashovchi regionlarini, xususan, poytaxtni O‘rta Yer dengizi sohillarida, Rossiya bazalari joylashgan Tartus va Lataqiya bilan bog‘lovchi yo‘llar chorrahasida joylashgan.
Suriyaning kattaligi bo‘yicha beshinchi shahri hisoblanadigan Hama fuqarolik urushi davomida Asad hukumati qo‘lida bo‘lgan muhim shaharlardan biri edi. Uning qulashi Asad hukumati va uning Rossiya va Eron kabi ittifoqchilari uchun jiddiy zarba bo‘ldi. Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi muxolifat guruhlari ham ushbu yurishda ishtirok etmoqda.
Rossiya va Eron Asad hukumatini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishini ma’lum qildi. AQSh esa isyonchilarning kutilmagan yurishiga aloqasi yo‘qligini bildirdi. Yaqin Sharq mintaqasi beqarorlikka yanada yaqinlashmoqda.
NATOning Ukraina bo‘yicha strategiyasi o‘zgardi
Bloomberg xabariga ko‘ra, NATO Ukraina bo‘yicha strategiyasini o‘zgartirib, uning urushda g‘alaba qozonishidan ko‘ra, tinchlik muzokaralarida yaxshiroq pozitsiyaga ega bo‘lishiga e’tibor qarata boshlagan. Endi alyans Rossiya bosqinini tutib turish va Ukrainaga xavfsizlik kafolatlari berish kabi variantlarni muhokama qilmoqda.
NATOga a’zo davlatlar Ukrainaga qurol-yarog‘ yetkazishni kuchaytirgan, biroq mojaro Rossiya tomonidan bosib olingan hududlarni saqlab qolish sharti bilan muzlatilishi mumkinligini inobatga olmoqda. Shuningdek, demilitarizatsiya zonalarini yaratish haqidagi ssenariylar o‘rganilmoqda.
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy Kiyevdagi matbuot anjumanida Ukraina hech qachon Rossiya okkupatsiyasini tan olmasligini va mamlakat hududining qaysidir qismini NATOga a’zo bo‘lish evaziga qurbon qilmasligini ma’lum qildi. Moskva tomonidan urushni yakunlash bo‘yicha muzokaraga tayyorlik belgisi hozircha ko‘rinmayapti.
Koreya prezidenti tergovda
Janubiy Koreya politsiyasi prezident Yun Suk Yolga nisbatan «davlatga xiyonat» va «isyon» ayblovlari bo‘yicha tergov boshladi.
Shikoyatlar muxolifat partiyalari va faollar tomonidan taqdim etilgan. Prezident harbiy holat e’lon qilgan, ammo bu muxolifat va fuqarolik jamiyati tomonidan konstitutsiyaga zid, deb baholangan.
Shikoyatlarda prezidentdan tashqari sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Hyon, armiya shtabi boshlig‘i general Pak An Su va ichki ishlar vaziri Li San Min nomi ham ko‘rsatilgan.
Prezident harbiy holatni muxolifat mamlakatni inqirozga uchratishga urinayotgani uchun joriy qilganini aytgan. Ammo Milliy assambleya harbiy holatni bekor qilish rezolyutsiyasini qabul qilgan va ortidan prezident qarorni bekor qilgan.
Muxolifat Yun Suk Yolga impichment e’lon qilishni talab qilmoqda, fuqarolik tashkilotlari esa hukumat iste’fosini talab qilyapti.
Fransiya hukumati iste’foga chiqdi
Fransiya prezidenti Emmanuel Makron mamlakat parlamenti — Milliy majlis tomonidan hukumatga ishonchsizlik votumi bildirilganidan keyin bosh vazir Mishel Barne hukumatining iste’fosini qabul qildi. Barne yangi bosh vazir tayinlangunga qadar o‘z lavozimida qolaveradi. U zamonaviy Fransiya tarixida uch oydan kamroq ishlagan birinchi bosh vazir bo‘ldi.
Milliy majlisda 574 deputatdan 331 nafari hukumatga ishonchsizlik bildirish uchun ovoz bergan. Barne ovoz berish jarayonlarini chetlab o‘tib, ijtimoiy sug‘urta budjeti bo‘yicha qonun qabul qilganidan keyin tanqidga uchragan edi.
Barne Fransiya va Yevropa Ittifoqi darajasida katta siyosiy tajribaga ega. U Makron davridagi beshinchi bosh vazir hisoblanadi. Makron sentabr oyida Barnega birlashtiruvchi hukumat tuzishni topshirgan edi.
Rubl qulashining sabablaridan biri
Rossiya moliya vaziri Anton Siluanov rublning qulashiga AQShning «Gazprombank»ka qarshi qo‘llagan sanksiyalari sabab bo‘lganini aytdi. Unga ko‘ra, tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilariga yangi hisob-kitob imkoniyatlari topish uchun vaqt kerak va kurs yaqin haftalarda barqarorlashadi.
Siluanov shuningdek, rubl kursini mustahkamlash uchun valuta tushumlarini sotish me’yorlarini oshirishdan ma’no yo‘qligini ta’kidladi.
Ayni paytda, Rossiya banki dollar uchun rasmiy kursni 104,24 rubl atrofida belgilagan. Noyabr oxirida kurs 109,6 rublga chiqib ketgan edi, jumladan, Forex bozorida 1 dollar 114 rubldan oshgan.
Markaziy bank ichki valuta bozorida chet el valutasi xaridini 2024 yil oxirigacha to‘xtatganidan keyin kurs tushishni boshladi. Vladimir Putin vaziyat nazoratda ekanini va valuta kursi tebranishlari bir necha omilga bog‘liqligini ma’lum qildi.
Qirg‘iziston madhiyani o‘zgartirmoqchi
Qirg‘iziston 2025 yil may oyigacha yangi davlat madhiyasini tasdiqlashni rejalashtirmoqda. Parlament spikeri Nurlanbek Shakiyevning ta’kidlashicha, yangi madhiya matni va musiqasini yaratishda fuqarolarni tanlovlar va jamoatchilik muhokamalari orqali jalb etish zarur.
Shakiyevning so‘zlariga ko‘ra, amaldagi madhiya Sovet Ittifoqi davridagi Qirg‘iziston SSR madhiyasiga o‘xshash bo‘lib, uchinchi shaxs nomidan yozilgan. U yangi madhiya mamlakatning taraqqiyot yo‘lini aks ettirishi kerakligini ta’kidladi. Prezident Sadir Japarov ham ushbu tashabbusni qo‘llab-quvvatlab, yangi madhiya yoshlar va kelajak avlodlarga ilhom bag‘ishlashi lozimligini qayd etdi.
Qayd etish joizki, 2023 yilda Qirg‘iziston davlat bayrog‘iga o‘zgartish kiritilgan bo‘lib, unda quyosh nurlarining shakli to‘g‘ri chiziqqa o‘zgartirilgan edi.
Shuningdek, yangi madhiyani yaratish jarayonida fuqarolarning faol ishtiroki ta’minlanishi rejalashtirilgan. Bu orqali yangi madhiya barcha yoshdagi fuqarolar tomonidan oson kuylanadigan va mamlakatning mustaqillik davridagi yutuqlarini ifoda etuvchi ramzga aylanishi ko‘zda tutilgan.