Turkmaniston O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni ko‘paytiradi

Iqtisodiyot 15:31 / 06.12.2024 9530

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Xalq Maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhamedov o‘rtasida 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqotida tomonlar tabiiy gaz sohasidagi hamkorlikni ham muhokama qildi.

“Turkman xalqining milliy yetakchisi va qo‘shni qardosh davlat rahbari gaz sohasida hamkorlikda olib borilayotgan ishlar yuqori samaradorlikni qayd etib, uning uzoq muddatli ekanini ta’kidlab, O‘zbekistonga turkman tabiiy gazini yetkazib berish hajmini oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, yaqin kelajakda amalga oshirilishi rejalashtirilgan qo‘shma gaz loyihalarining katta istiqbollariga urg‘u berildi”, – deyiladi Turkmaniston prezidenti matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, telefon muloqotida suv xo‘jaligi sohasidagi ikki tomonlama hamkorlik masalalari ham ko‘rib chiqilgan. Berdimuhamedov Markaziy Osiyodagi suv muammosining yechimi borasida Turkmanistonning pozitsiyasini ma’lum qilgan. Bu pozitsiyaga ko‘ra, mintaqadagi suv resurslari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalari asosida hal etilishi, shuningdek, mintaqadagi barcha mamlakatlarning manfaatlari inobatga olinishi zarur. Markaziy Osiyodagi suv masalasini xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda BMT ishtirokida ko‘rib chiqish zarur, degan Turkmaniston parlamenti raisi. O‘zbekiston prezidenti ikki davlatning bu boradagi yondashuvlari “to‘liq mos kelishi”ni qayd etgan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati ham o‘z xabarida yetakchilar energetika va suvdan foydalanish sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilganini qayd etgan. Joriy xalqaro vaziyat va mintaqaviy kun tartibi yuzasidan ham fikr almashilgan.

Oktyabr oyi oxirida Turmaniston Rossiyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatgani ma’lum bo‘lgandi. “Turkmengaz” va “Gazprom” o‘rtasidagi shartnoma muddati joriy yilning 30 iyun kuni tugagan va tomonlar yoqilg‘ining yangi narxi bo‘yicha kelisha olmagani sabab yangi shartnoma tuzilmagan.

Avvalroq “Turmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston” (TAPI) gaz quvurining Afg‘onistondan o‘tadigan qismi qurilishi boshlangani xabar qilingandi.

Ko‘proq yangiliklar: