GFR Mudofaa vazirligi: RF tank ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropadan oldinda

Jahon 12:33 / 06.12.2024 4213

Rossiya tanklar ishlab chiqarish bo‘yicha Yevropadan sezilarli darajada ustundir, dedi Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius 5 dekabr, payshanba kuni Bundestagda so‘zlagan nutqida. Unga ko‘ra, Moskvadan harbiy tahdid kuchaymoqda. «Rossiya o‘z iqtisodini butunlay harbiy bazaga aylantirdi va qurolli kuchlarini har yili 1000-1500 ta tank bilan ta’minlaydi. Bu Yevropaning eng yirik besh davlatini jamlagandan qariyb ikki baravar ko‘p», — deydi Pistorius. «Shunisi aniqki, Rossiya bizning xavfsizligimiz uchun eng katta tahdid va yaqin kelajakda shunday bo‘lib qoladi», — deya qo‘shimcha qildi u.

Germaniya hukumatining uchta qonun loyihasi

Germaniya hukumati Bundestagga uchta qonun loyihasini taqdim etdi. Ulardan biri Litvada joylashtiriladigan Bundesver brigadasi harbiy xizmatchilari va davlat xizmatchilarining maoshlarini oshirishga qaratilgan. Ikkinchi hujjat Berlin va Vilnyus o‘rtasidagi ushbu brigadani joylashtirish bo‘yicha hukumat kelishuvini tartibga soladi. Uchinchi qonun loyihasida Germaniya rasmiylarining oldindan ruxsatisiz boshqa davlatda, masalan, Rossiya yoki Xitoyda ishlagan sobiq nemis harbiylari uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan.

Boltiq dengizidagi RF kemasi ekipaji Bundesver vertolyotini o‘qqa tutdi

Boltiq dengizidagi Rossiya kemasining ekipaji Bundesver vertolyotini o‘qqa tutdi. Hodisa o‘tgan hafta sodir bo‘ldi, deb xabar berdi dpa agentligi 5 dekabr kuni Bryusseldagi manbalarga tayanib.

Germaniya fregati bortidagi vertolyot razvedka missiyasini bajarayotgan edi, deb yozadi dpa mudofaa doiralaridagi manbalarga tayanib. Rossiya tankeriga RF harbiy kemasi hamrohlik qilgan, deya ta’kidlanadi qo‘shimcha ravishda.

Shu kuni Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok NATOga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Bryusseldagi yig‘ilishi chog‘ida Boltiqbo‘yida ro‘y bergan voqeani qisqacha aytib o‘tdi va tafsilotlarni keltirmadi. Berbok Rossiyaning «soyadagi floti» deb ataladigan kemalari Boltiq dengizida Rossiya Federatsiyasiga qarshi sanksiyalarni chetlab o‘tishda ishtirok etayotganini ta’kidladi va mintaqada muhim infratuzilmani himoya qilish uchun patrullar sonining ko‘payishini e’lon qildi.

Dpa agentligining ta’kidlashicha, signal raketalaridan foydalanishga faqat favqulodda vaziyatlarda ruxsat etiladi. Voqeaga Rossiyaning qaysi kemasi aloqadorligi aniqlashtirilmagan. G‘arb sanksiyalarini chetlab o‘tish uchun tankerdan foydalanish ehtimoli haqida ham ma’lumot yo‘q.

Ko‘proq yangiliklar: