Yevrokomissiya Ruminiyadagi prezidentlik saylovlari fonida TikTokʼka qarshi tergov boshlaydi

Jahon 21:34 / 05.12.2024 1412

Yevrokomissiya Ruminiyadagi prezidentlik saylovlarining birinchi turida yevropaparast kuchlarning mag‘lub bo‘lgani fonida TikTok platformasiga qarshi rasmiy darajada bosim kampaniyasini boshladi.

Yevrokomissar Xenna Virkunnen o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga mazkur qaror Rossiyaga qaratilganini yozib qoldirdi. Ta’kidlanishicha, RF TikTok orqali «Ruminiyadagi saylovlarga ta’sir ko‘rsatgan».

«Erkin va adolatli saylovlar — bu demokratiyaning asosi. Yevrokomissiyaning raqamli xizmatlar to‘g‘risidagi akti (VYF) o‘ta yirik internet platformalardan elektoral jarayonlar uchun xavfni kamaytirishni talab qiladi. Bugun biz TikTokʼka faktlarga asoslangan voqealar rivoji baholangunga qadar, Ruminiyadagi saylovlarga bog‘liq barcha ma’lumotlarni saqlab qo‘yishni buyurdik», — deydi Virkunnen.

O‘z navbatida Yevrokomissiya matbuot xizmati ham holat bo‘yicha bayonot berdi. Unga ko‘ra, YeK TikTokʼka servis Ruminiyadagi saylovlarga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan «har qanday hujjatlarni o‘z holicha saqlash» bo‘yicha ko‘rsatma bergan.

DSA doirasidagi bunday ko‘rsatma Yevrokomissiya tomonidan internet platformaga qarshi tegishli tergov boshlangani yoki tez orada boshlanishini anglatadi.

Avvalroq Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi Markaziy saylov komissiyasiga o‘ta o‘ng rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku eng ko‘p ovoz olgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalarini qayta hisoblash majburiyatini yuklagandi. 3 dekabr kuni esa Konstitutsiyaviy sud prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalarini haqiqiy deb topdi.

«Yangi Ruminiya» partiyasidan prezidentlikka nomzod Sebastyan Popesku Jorjyeskuni saylovoldi tashviqotini moliyalashtirish manbalarini yashirganlikda va shu tariqa o‘zini «shaffof mustaqil nomzod» sifatida ko‘rsatib, saylovchilarni chalg‘itayotganlikda ayblamoqda. Bundan tashqari, Popesku so‘zlariga ko‘ra, Jorjyeskuning TikTok platformasidagi saylovoldi videolarining «viruslilik» ko‘lamiga faqat blogerlar va reklamalar yordami bilan erishib bo‘lmaydi. «Gap ofisi Xitoyda joylashgan TikTok’ning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlovi haqida ketyapti», dedi Popesku.

Ko‘proq yangiliklar: