Xitoy Vashingtonning Tayvanga qurol sotish borasidagi qaroridan keyin 13 ta AQSh kompaniyasi va olti nafar top-menejerni sanksiyalar ro‘yxatiga kiritdi. Bu haqda XXR Tashqi ishlar vazirligi bayonotida so‘z boradi.
Pekinning fikricha, Vashingtonning qarori «Xitoyning ichki ishlariga jiddiy aralashish va mamlakat suvereniteti hamda hududiy yaxlitligiga putur yetkazish bo‘lib, «yagona Xitoy» tamoyili va uchta Xitoy—Amerika qo‘shma kommyunikesini buzmoqda».
Shu bois Xitoy hukumati harbiy texnologiyalarga aloqador Amerika kompaniyalariga sanksiyalar qo‘lladi: Trieda Brown Engineering, BRINC Drones, Rapid Flight, Red Six Solutions, Shield Artificial Intelligence, Cynics, Firestorm Laboratories, Kratos Unmanned Systems, Havoc Artificial Intelligence, Niros Technologies, Cyberlux, Domo Tactical Communications va Group W.
Ularning Xitoydagi mulklari muzlatiladi, Xitoy fuqarolari va tashkilotlariga esa ular bilan hamkorlik qilish taqiqlanadi. Yuqorida nomlari keltirilgan kompaniyalar Pentagonning qurollanish bo‘yicha yangi shartnomalarida tilga olingan.
Bundan tashqari, AQShdagi harbiy sanoat korxonalarining olti nafar top-menejeri ham cheklovlarga tushgan:
- Raytheon harbiy-dengiz bo‘linmasi prezidenti Barbara Borgonovi;
- uning o‘rinbosari Jyerald Shubel;
- Bayi Land and Weapons Systems bosh direktori Charlz Vudbern;
- United Technology Systems Operations asoschisi va bosh direktori Richart Krouford;
- Data Link Solutions prezidenti Bet Adler;
- BRINC Drones asoschisi va bosh direktori Bleyk Reznik.
Oktyabr oyida AQSh Tayvanga 2 milliard dollarlik qurollanish paketini yetkazishi mumkinligini e’lon qilgandi. Vashington Tayvan bilan rasmiy diplomatik aloqa o‘rnatmagan, ammo qonunga muvofiq, orolga o‘zini o‘zi mudofaa qilishi uchun himoya vositalarini yetkazib berishga majbur. Noyabr oxirlarida esa AQSh Tayvanga F-16 qiruvchi samolyotlari uchun ehtiyot qismlar va radiolokatsion tizimlar yetkazib berishi ma’lum bo‘lgandi.