Turkmaniston O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan bojxona postini foydalanishga topshirdi

Jahon 19:38 / 05.12.2024 5112

Turkmaniston O‘zbekiston bilan chegarada joylashgan va qayta rekonstruksiya qilingan «Farob avtoyo‘llari» chegara-bojxona postini foydalanishga topshirdi. Bu haqda qo‘shni davlat bojxona xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Turkmaniston bojxona organlarini 2022-2028 yillarda rivojlantirish dasturi doirasida mamlakat hududidan o‘tuvchi tranzit yo‘laklarini rivojlantirish maqsadida Davlat bojxona xizmati tomonidan fuqarolik chegara bojxona postlarini takomillashtirish va ularning faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

«Bir qancha xalqaro tranzit yo‘nalishlari bo‘yida joylashgan «Farob avtoyo‘llari» bojxona posti orqali tranzit yuk tashish hajmi oshgani hisobga olinib, uni rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar bajarildi», — deyiladi xabarda.

Buxoro viloyatidagi «Olot» chegara bojxona postiga tutash mazkur post 10 gektargacha (oldin 5,2 gektar edi) kengaygan, endi bir vaqtning o‘zida 16 ta yuk avtotransport vositasini bojxona ko‘rigidan o‘tkazish mumkin. Natijada kuniga 1000 tagacha yuk avtotransport vositasi harakatlanishiga imkoniyat yuzaga keldi.

Ko‘proq yangiliklar: