Kiyev rasmiylari ukrainalik qochqinlarning Germaniyada ish topishida yordam bermoqchi. Bu haqda 4 dekabr, chorshanba kuni Germaniya kansleri Olaf Shols aytdi, deb yozmoqda Reuters agentligi.
Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy unga Germaniya va Polshada qochqinlarga ish topish yoki o‘z vatanlariga qaytishda yordam beradigan Ukraina organlarini yaratish niyatida ekanligini aytdi. «Biz bu yo‘nalishda hamkorlik qila olamiz», deb ta’kidladi Germaniya vazirlar mahkamasi rahbari Bundestag deputatlarining savollariga javob berar ekan.
Germaniya kansleri 2 dekabr kuni Ukrainaga tashrif buyurdi va u yerda Zelenskiy bilan uzoq muddatli uchrashuv o‘tkazdi.
Reuters ta’kidlaganidek, Germaniyadagi milliondan ortiq qochqinning ko‘pi bu mamlakatda ish topmagan. Shu bilan birga, Kiyev rasmiylari harbiy xizmatga yaroqli erkaklarni vataniga qaytarishdan manfaatdor.
Shols nemis askarlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini rad etdi
Olaf Shols ayni bosqichda nemis askarlarini Ukrainaga yuborish imkoniyatini ham rad etdi. «Men uchun bu harbiy vaziyatda quruqlikdagi kuchlar haqida gap bo‘lishi mumkin emas», dedi u. «Hozirgi vaziyatda nemis qo‘shinlari yoki askarlari Ukrainaga yuborilishini istisno qilaman», dedi kansler. Shu bilan birga, u agar shunday kelishuvlarga erishilsa, Berlin Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish rejimini saqlash uchun xavfsizlik kuchlarida ishtirok etishi mumkinmi, degan savolga javob berishdan qochdi, deb yozadi Reuters.
Germaniyadagi muxolifat Sholsning Kiyevga tashrifini tanqid qildi
Germaniya muxolifat partiyalari Germaniya kansleri Olaf Sholsning Ukrainaga tashrifini keskin tanqid qildi. «Shols Ukraina xalqi hisobidan saylovoldi tashviqotini olib boryapti va shu bilan birga, Rossiyaning qo‘rqinchli bayonotlaridan foydalanyapti», dedi Xristian-demokratik ittifoq (XDI) tashqi siyosati eksperti Roderix Kizevetter 2 dekabr kuni Augsburger Allgemeine nashriga. «Bu nafaqat uyatli, balki Germaniyani tobora yakkalab qo‘yadi va bizning xavfsizligimizga xavf tug‘diradi», deydi Kizevetter.
Ukrainaga qilgan qisqa safari bilan kansler «Germaniyada o‘zining mas’uliyatsiz saylov kampaniyasi bo‘yicha o‘sib borayotgan tanqidlarni» kamaytirmoqchi bo‘ldi, deya qo‘shimcha qildi xristian-demokrat. Ukraina NATOga zudlik bilan taklif qilishni, uzoq masofali raketalar bilan ta’minlashni va Rossiyadagi harbiy nishonlarga G‘arb qurollari bilan zarbalar yo‘llashga ruxsat berishni talab qilmoqda, ammo Shols bu talablarning barchasini qat’iyan rad etadi, dedi Roderix Kizevetter. «Kansler Rossiya bilan maxsus tinchlik o‘rnatish orqali urushni boshqarishi mumkinligiga ishonib, jamoatchilikni chalg‘itmoqda», deb ta’kidladi XDI tashqi siyosati eksperti.