Hududlarda 2025-2030 yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi amalga oshiriladi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma’lum qilinishicha, 2025 yildan boshlab tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalariga sog‘liqni saqlash tizimida maqbullashtiriladigan shtat birliklari hisobidan onkonazorat xonalari uchun akusher-ginekolog shifokori shtat birliklari kiritilmoqda. Mobil va statsionar mammograflar ishini 2 ta smenada tashkil etish uchun rentgen-laborantlar ajratiladi.
Shuningdek, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi huzurida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Mammografiya tasvirini o‘qish markazi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Tuman (shahar) tibbiyot birlashmalarida amalga oshiriladigan ko‘krak bezi saratoni bo‘yicha skrining natijalari ushbu markazning yagona riding tizimiga integratsiya qilinadi.
Joriy yildan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida odam papilloma virusi diagnostikasi uchun qo‘llanadigan test tizimlari sifatini nazorat qilish bo‘yicha referens-laboratoriya faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
2025-2030 yillarda Bachadon bo‘yni va ko‘krak bezi saratonini nazorat qilish dasturi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan o‘zaro muvofiqlashtirilgan holda sifatli amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Qayd etilishicha, 2025 yil 1 mayga qadar Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazining hududiy filiallarini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvlarini o‘tkazish uchun tibbiy uskunalar, tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining onkonazorat xonalarini zarur tibbiy jihozlar bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan.