Bir shisha aroq uchun samolyotni halokatga uchratgan uchuvchi – 70 kishi o‘lgan hodisa tarixi

Jahon 20:03 / 12.01.2025 7326

1986 yilda Tu-134 samolyoti Kuybishev aeroportiga qattiq qo‘nishni amalga oshiradi. Shunda uning shassisi ishdan chiqib, sudralib ketadi. So‘ng Tu-134 ikkiga bo‘linib, portlaydi va 70 kishi halok bo‘ladi. Surishtiruvlarda o‘sha kuni uchuvchi hamkasblari bilan bir shisha aroqdan garov o‘ynagani va samolyotning old oynasini yopib qo‘ndirishga uringani aniqlanadi.

Fuqaro aviatsiyasi tarixida g‘alati va ahmoqona ishlar ortidan sodir bo‘lgan halokatlar ham yetarlicha.

Masalan, 1994 yilda Moskva-Hongkong yo‘nalishida parvoz qilgan Airbus A310 Kemerovo viloyatida halokatga uchraydi. Oqibatda uning bortida bo‘lgan 12 nafar ekipaj a’zosi va 63 nafar yo‘lovchi halok bo‘ladi.

Keyinchalik surishtiruvlarda o‘sha kuni samolyot uchuvchisi Airbus A310 boshqaruvini voyaga yetmagan o‘g‘li va qiziga topshirgani halokatga sabab bo‘lgani aniqlanadi.

2008 yilda Moskvadagi Sheremetevo aeroportidan uchgan samolyot Perm shahri aeroporti yaqinida halokatga uchraydi.

Hodisadan so‘ng o‘tkazilgan surishtiruvlarda ekipaj komandiri mast bo‘lgani va samolyotni boshqara olmay halokatga uchratgani aniqlanadi.

Hodisa oqibatida samolyotdagi barcha – 88 kishi halok bo‘ladi. Ular orasida bir nafar O‘zbekiston fuqarosi ham bor edi.

Tu-134 samolyotlari kichik o‘lchamli bo‘lib, ularga 75-80 nafar yo‘lovchi o‘rni bo‘lgan
corbisimages.com

Xuddi shunday voqealardan biri sovet davrida, 1986 yilda sodir bo‘ladi. O‘shanda o‘zini juda tajribali deb bilgan ekipaj komandiri ikkinchi uchuvchi, shturman va bort muhandisiga samolyotning old oynalarini parda (shtor) bilan yopib, faqat priborlar yordamida qo‘ndira olishini aytib maqtanadi.

Hamkasblari bunga ishonmagach, ekipaj komandiri o‘rtaga bir shisha aroq tikib garov o‘ynaydi. O‘shanda bu ishning oqibati juda yomon tugaydi. Samolyot bo‘laklanib ketadi va yoqilg‘i sig‘imi portlab, odamlar halok bo‘ladi.

Hodisa

1986 yil 20 oktyabr kuni soat 14:33 da Sverdlovskdagi (hozirgi Yekaterinburg) Kolsovo aeroportidan Tu-134 samolyoti havoga ko‘tariladi.

U Sverdlovsk – Kuybishev (hozirgi Samara) – Grozniy yo‘nalishida uchishi lozim edi. Samolyotda 87 nafar yo‘lovchi, 7 nafar ekipaj a’zolari bor edi.

Samolyot 1979 yilda ishlab chiqarilgan va Shimoliy Kavkaz aviatsiya boshqarmasi ixtiyoriga yuborilgan. O‘shangacha u qariyb 10 ming marta uchish-qo‘nishni amalga oshirgan va jami 16 154 soat parvoz qilgandi.

O‘sha kuni samolyotda ekipaj komandiri Aleksandr Klyuyev, ikkinchi uchuvchi Gennadiy Jirnov va shturman Ivan Moxonko bo‘lgan. Uchuvchilar ancha tajribali bo‘lib, uzoq yillik malakaga ega edi.

Oradan bir soat o‘tgach Tu-134 Kuybishev aeroportiga yaqinlashadi va uchuvchilar dispetcherdan qo‘nishga ruxsat olgach pastlay boshlaydi.

Samolyot soatiga 280 km tezlikda uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushadi va qattiq qo‘nishni amalga oshiradi. Shunda kuchli zarba tufayli samolyotning shassisi buklanib qoladi va Tu-134 “qorni” bilan sudralib ketadi.

Shassi ishdan chiqqani uchun samolyot surilib borib, uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketadi. Shu paytda Tu-134 dvigatellarida yong‘in yuzaga keladi va olov aviakerosin bilan to‘la yoqilg‘i sig‘imiga o‘tadi. Bu paytda samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagining so‘nggi qismidan 214 metr chiqib ketgandi.

So‘nggi daqiqalarda samolyotning o‘ng qanoti uzilib tushadi va fyuzelaj qismi to‘ntarilib, sirpanishda davom etadi. Tu-134 shu holatda yana 254 metrga surilib boradi va fyuzelaj ikkiga bo‘linib, uning yoqilg‘i sig‘imi portlaydi.

Hodisa joyiga darhol aeroportning o‘t o‘chirish va qutqarish xizmati xodimlari yetib boradi. Olov o‘chirilib, tirik qolganlar darhol kasalxonaga jo‘natiladi.

livejournal.com

O‘sha paytda halokat yuz bergan joyga darhol KGB xodimlari ham yetib keladi. Ular atrofni suratga olayotgan qutqarish xizmati fotografining qo‘lidan plyonkani tortib olib, o‘zini hodisa joyidan quvib yuboradi.

Ular fotografning suratlar surishtiruvlar va tergovda asqotishi mumkin ekani haqidagi gaplarini eshitishni ham xohlamaydi.

O‘shanda samolyot bortida bo‘lgan 94 kishidan qariyb 60 kishi voqea joyida, yana o‘ndan oshiq odam shifoxonada halok bo‘ladi. Qolgan 24 kishi turli darajada tan jarohatlari oladi.

Portlash samolyotning dum qismi tomonida sodir bo‘lgani uchun asosan o‘sha tomonda o‘tirganlar halok bo‘lgan, old tomondagilar tirik qolgandi.

Shu jumladan, 7 nafar ekipaj a’zosining 3 nafari tirik qolgan, ular orasida komandiri Aleksandr Klyuyev ham bor edi. Ikkinchi uchuvchi va uch nafar styuardessa halok bo‘lgandi.

desastresaereosnews.blogspot.com

Bir shisha aroq uchun o‘ynalgan garov

Halokatdan so‘ng maxsus komissiya tuziladi va ular samolyotning turli burchaklariga o‘rnatilgan to‘rtta qora qutini topib, undagi yozuvlarni o‘rganib chiqadi.

Bir muddat davom etgan surishtiruvlardan keyin so‘nggi xulosa tayyorlanadi. Unga ko‘ra, samolyotni ekipaj komandiri halokatga uchratgandi.

Gap shundaki, Tu-134 Sverdolovskdan havoga ko‘tarilgandan so‘ng ekipaj komandiri Aleksandr Klyuyev ikkinchi uchuvchi, shturman hamda bort-muhandis bilan do‘stona bahslashib qoladi.

Klyuyev samolyotni Kuybishev aeroportiga faqat priborlar yordamida qo‘ndira olishini aytib maqtanadi. Hamkasblar unga bu ishni uddalay olmasligini aytadi. Shundan so‘ng Klyuyev ular bilan garov o‘ynaydi. O‘rtaga bir shisha aroq tikiladi.

Samolyot Kuybishev aeroporti tepasiga kelgach Klyuyev hamkasblari kuzatuvi ostida old oynalarni ichkaridan yopiladigan maxsus parda bilan to‘sadi. So‘ng samolyotni uchish-qo‘nish yo‘lagiga tushira boshlaydi.

Samolyot yerga yetishiga 60 metr qolganda xavfdan ogohlantiruvchi signal ishlab ketadi. Biroq Klyuyev Tu-134 ni pastlatishda davom etadi. U bilan garov o‘ynaganlar esa chorasiz holda uni kuzatib turishadi xolos.

Biroq Klyuyev eplay olmaydi va samolyot qattiq qo‘nishni amalga oshirib, shassilarni ishdan chiqaradi va “qorni” bilan sudralib ketadi. Oqibatda samolyot ikkiga bo‘linib, yonib ketadi.

Garov o‘ynab samolyotni halokatga uchratgan Klyuyev
livejournal.com

Tekshiruvlarda 58 odam samolyotning yoqilg‘i sig‘imi portlaganda, 5 kishi turli jarohatlar tufayli yana 7 kishi kasalxonada vafot etgani ma’lum bo‘ladi.

O‘shanda “Aeroflot” rahbarlari avvaliga odamlarning o‘limiga qutqaruv va o‘t o‘chirish xodimlarini aybdor qilib ko‘rsatmoqchi bo‘ladi. Hukumatga o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar halokat sodir bo‘lgan joyga kechikib yetib kelgani haqida “ma’lumot” olib kiriladi.

Shundan so‘ng Kuybishev aeroportida sinov o‘tkaziladi. Unda halokat sodir bo‘lgan zahoti o‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilarning otlanib mashinalariga chiqishi va voqea joyiga yetib borishi tekshirib ko‘riladi.

O‘t o‘chiruvchilar va qutqaruvchilar bu jarayonni 18 marta takrorlab ko‘rsatishadi. Shundan so‘ng ular o‘z vaqtida yetib borgani va odamlar portlash vaqtida vafot etgani oydinlashadi.

Shuningdek, surishtiruvlar davomida old oynani parda bilan to‘sib samolyotni faqat priborlar yordamida qo‘ndirish “amaliyoti” o‘zini tajribali deb biladigan sovet uchuvchilari orasida urfda bo‘lgani aniqlanadi.

Hatto ayrim uchuvchilar yo‘lovchilarning hayotini xavfga qo‘yib, bunday ishni bir necha marta takrorlagani oydinlashadi.

livejournal.com

Tergov va sud

Ancha vaqt davom etgan surishtiruv va tergov jarayonlaridan so‘ng Moskvada RSFSR Oliy sudida Aleksandr Klyuyevga nisbatan ochilgan jinoyat ishini ko‘rib chiqish boshlanadi. Sud majlisi yopiq tarzda o‘tkaziladi.

Sudda ekipaj komandirining halokatda aybdorligi to‘liq o‘z isbotini topadi va Aleksandr Klyuyev 15 yilga ozodlikdan mahrum etiladi. Suddan so‘ng Klyuyev SSSR Oliy sudiga apellyatsiya beradi.

1988 yilda uning apellyatsiyasi ko‘rib chiqiladi va sud bu safar uning jazosini yengillashtiradi, uchuvchiga olti yil qamoq jazosi beriladi. Aleksandr Klyuyev “sanadan sanagacha” qamoqda o‘tiradi va 1994 yilda ozodlikka chiqadi.

Kuybishevdagi halokatdan so‘ng SSSRda yo‘lovchi samolyotlarining salonlarini jihozlashda tez yonuvchan materiallarni kamroq, faqat zarur joylarga ishlatadigan bo‘lishadi.

Bundan tashqari, old oynani to‘sadigan pardani (shtor) muhrlab qo‘yish amaliyoti joriy qilinadi. Shuningdek, uchuvchilarga talablar kuchaytiriladi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: