Erdo‘g‘an va Putin Suriyadagi urushni muhokama qildi

Jahon 14:54 / 05.12.2024 4205

Suriyada noyabr oyi oxirida boshlangan urushda temp biroz tushgan bo‘lsa-da, keskinlik kamaygani yo‘q. Hukumat kuchlari Rossiya havo kuchlari yordamida isyonchilar pozitsiyasiga zarba berayotganiga qaramay, boy berilgan shaharlarni qaytib olgani yo‘q. Bu orada Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Rossiya prezidenti Vladimir Putinga qo‘ng‘iroq qildi.

Kreml axborotida telefon suhbati Turkiya tomoni tashabbusi bilan amalga oshirilganiga e’tibor qaratilgan. Putin Erdo‘g‘an bilan suhbatda ham Suriya hukumat kuchlariga hujum qilganlarni terrorchi guruhlar deb atagan va Suriyada vaziyatni barqarorlashtirish uchun Anqaraning mintaqadagi imkoniyatlaridan foydalanishga chaqirgan.

Tomonlar vaziyatni barqarorlashtirish uchun birgalikda harakat qilish zarurligini ta’kidlagan. «Rossiya, Turkiya va Eronning birgalikda harakati Suriyadagi vaziyatni normallashtirish uchun hal qiluvchi omil ekani ta’kidlandi», deyiladi Kreml xabarida. Ma’lumot uchun, 2019 yil aynan shu uch davlat ishtirokida kelishuv imzolangan va ko‘p o‘tmay Suriyada sulh tuzilgandi. Putin va Erdo‘g‘an Suriyadagi inqirozni deeskalatsiya qilish uchun aloqada bo‘lib turishga kelishgan.

Turkiya nashrlarida esa suhbat tafsilotlari to‘liqroq yoritildi. Unda aytilishicha, Erdo‘g‘an Turkiya Suriya hududiy yaxlitligini qo‘llashini aytgan. Shuningdek, mintaqada diplomatik muloqot tashkil etilishi, unga Suriyani ham jalb etish kerakligini qo‘shimcha qilgan. Erdo‘g‘an urush vaqtida tinch aholi jabrlanmasligi kerakligi, Anqara bu uchun hamma ishni qilishini aytgan, shuningdek, Suriyadagi holatdan foydalanishga urinayotgan Kurdiston ishchi partiyasini ham tanqid qilishga ulgurgan.

Nega bu suhbat muhim?

Erdo‘g‘an va Putin o‘rtasidagi suhbat shunisi bilan muhimki, Anqara isyonchilar harakatidan manfaatdor degan gaplar borgan sari ko‘paymoqda. Chunki turklar Idlibda xavfsiz zona yaratish istagi haqida anchadan beri gapirib keladi. Biroq isyonchilar ortida Turkiya turganining hech qanday isboti yo‘q. Erdo‘g‘an balki bunday shubhalarni bartaraf etish uchun Suriya hududiy yaxlitligini qo‘llashini aytgandir.

Putin esa tabiiyki Suriya hukumat kuchlarini qo‘llaydi, chunki u Asadning yaqin ittifoqchisi. Rossiya Anqaradan farqli bu mojaroga rasman aralashib bo‘ldi. Ruslar Suriya hukumat kuchlariga qarshi urushayotgan guruhlar pozitsiyasiga zarbalar berdi, Suriyaga qo‘shimcha harbiy yordam yuborilishini aytdi.

Amalda Rossiya va Turkiya bu mojaroning ikki tomonida deyish mumkin. Chunki Turkiya anchadan beri Asadni muzokara stoliga o‘tqizishga intilmoqda, Erdo‘g‘an bunga Putin bilan suhbat vaqtida ham ishora qilgan.

Har ikki tomon telefon suhbati haqida xabarda o‘z pozitsiyasini diplomatchasiga bayon qilib ketgan. Putin isyonchilarni navbatdagi marta terrorchilar dedi. Erdo‘g‘an esa Asadni diplomatiyaga undash kerakligini aytgan. Ammo xabarlarda telefon suhbatining asosiy tafsilotlari keltirilmagani aniq. Har holda ikki siyosatchining suhbati keskin kechmagan ko‘rinadi. Bu telefon suhbatiga aloqasi bormi-yo‘qmi, aniq emas, lekin suhbatdan keyin Suriya armiyasi qarshi hujumga o‘tdi. Hukumat kuchlari 10 km hududni qaytib olgani aytilmoqda. Biz voqealar rivojini kuzatib boramiz.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Ko‘proq yangiliklar: