Airbus Yevropa aerokosmik korporatsiyasi mudofaa-kosmik bo‘linmasidagi 2 mingdan ziyod ish o‘rnini qisqartiradi. Qisqarishlarning asosiy qismi Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya va Ispaniya hisobiga to‘g‘ri keladi.
Oktyabr oyida Airbus kosmik segmentda davom etayotgan qiyin biznes muhitini saqlab qolgan holda bo‘linmaning tashkiliy tuzilmasida o‘zgarishlarni rejalashtirayotgani haqida ogohlantirgandi. 5 dekabr kuni kompaniya bo‘linmaning 5 foizga yaqin shtati, ya’ni 2043 ta ish o‘rni qisqarishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ishdan bo‘shatiladiganlarning yarmidan ko‘pi — 1128 nafari kosmik segment hisobiga to‘g‘ri keladi.
Airbus ish o‘rinlarini qisqartirish jarayonini 2026 yil o‘rtalariga borib yakunlash niyatida. Qisqartirishlarning deyarli barchasi boshqaruvni qo‘llab-quvvatlash funksiyasiga taalluqli.
Ma’lumot uchun, joriy yil boshidan beri Airbus kapitalizatsiyasi 10,2 foizga oshgan.
Avvalroq Yevropa kompaniyalari iqtisodiy qulash fonida minglab ish o‘rinlarini qisqartirishni boshlagani to‘g‘risida xabar berilgandi. Xususan, avtomobil ehtiyot qismlarini yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi eng yirik kompaniyalardan biri hisoblangan Bosch 2027 yil oxiriga qadar 3,5 ming ish o‘rnini qisqartirmoqchi.