2024 yilgi mavsum yakunida «Paxtakor» klubi raisi Jahongir Ortiqxo‘jayev OAV vakillari bilan matbuot anjumani uyushtirib, jamoaning bu yilgi natijasi, klubdagi voqealar, Maksim Shatskixning bosh murabbiylikni tark etishi va jamoaning yangi bosh murabbiyi Pedro Moreyra bilan 2025 yilda qanday rejalar qilinayotganini haqida ma’lumot berdi.
«Maqsadimiz chempionlik emasdi, umuman bu yil Toshkent klublari achinarli natija qayd etdi»
- Avvalambor, sizlarni kirib kelayotgan Yangi yil bilan tabriklaymiz. Yakunlanayotgan 2024 yilda «Paxtakor» uchun qiyin vaziyatlar bo‘ldi, kerakli o‘rinni egallay olmadik. Buning uchun jamoa muxlislaridan uzr so‘raymiz. Lekin ochiq aytish kerak, yil boshida chempionlik maqsadimiz yo‘q edi. Ko‘proq yoshlarga imkoniyat berishni ko‘zlagandik. «Paxtakor» bir yillik emas, ko‘p yillik jamoa. Shundan kelib chiqib, jamoaning ertasini o‘ylab, uzoq yillik strategiya uchun yoshlarga ishondik. Bu yil Superligada 6-o‘rinni egalladik, bu natijani qoniqarsiz deb bo‘lmaydi.
O‘zi umuman olganda, bu yil Toshkent klublarining natijalarini achinarli desa ham bo‘ladi. Mana, «Lokomotiv» ligadan tushib ketdi, «Olimpik» oxirgi o‘rinlarda, «Bunyodkor» turnir jadvalida qiyin sharoitda edi. Toshkent jamoalariga nima bo‘ldi, bilmadim-u, poytaxt klublari yilni ko‘ngildagidek o‘tkazmadi. Endi yangi bosh murabbiy bilan davom etamiz. Yakunlangan mavsum uchun barchaga minnatdorchilik bildirib, hakamlarga ham rahmat aytamiz. To‘g‘ri, biroz qizishganda muxlislar ularni haqorat qiladi, ammo hakamlarga ham oson emas, ulardan buning uchun uzr so‘rayman.
«Paxtakor»ning faqat O‘zbekistonda emas, jahonda ham obro‘i bo‘lishini xohlardim»
- Men istagan «Paxtakor» qanday bo‘lishi kerak? Bilasizmi, biz «Paxtakor» bilan birga ulg‘aydik, yoshligimizdan jamoaning har bir o‘yiniga borardik. Jamoada o‘ynaganlardan Mirjalol Qosimovni o‘zbek futboli afsonasi deb bilaman, Igor Shkvirin o‘yinlarini ham kuzatganmiz. «Paxtakor» Osiyoda ilg‘or jamoalardan biri, dunyoda ham o‘ziga yarasha obro‘si bor. Yevropaga borganimizda ham ko‘pchilik «Paxtakor»ni bilishadi, jamoa o‘yinlarini kuzatishganini aytishadi. Kelajak haqida gapirsak, «Paxtakor» bir yillik chempion emas, o‘ziga yarasha kuchli, obro‘-e’tibori bo‘lishini, Osiyodagi har qanday jamoa bilan tengma-teng, yelkama-yelka kurash olib bora oladigan jamoa bo‘lishini istayman. Barcha harakatlarni shu maqsadda olib boryapmiz. Buni qila olish mumkinmi? Ha. Faqat O‘zbekistonda emas, Osiyoda, jahonda ham obro‘i bo‘lishini xohlardim.
Misol uchun, Marokashni JCh-2022dagi ishtirokini ko‘rdik, Islandiyani o‘yinlarini aytish mumkin. Xorvatiyani qanday yorib chiqqanini ko‘rish mumkin. Klublar ichidan ham Moldovaning kichik «Sherif» klubi Yevropada sensatsiyalar qayd etganini ko‘rdik yoki «Shaxtyor» ham Yevropada o‘z obro‘siga ega edi. Ulardan kam joyimiz yo‘q, men ham klub bilan shunga harakat qilamiz.
Yoahim Lyov bilan uchrashuv, stadion va Shatskixning keyingi taqdiri haqida
- Ha, Yoaxim Lyov bilan ko‘rishdik biz. Lekin bu uchrashuv uni murabbiylikka chaqirish uchun emasdi. Oddiygina bir joyda o‘tirib, birga ovqatlanishga to‘g‘ri kelib qoldi. Men borgan shaharga u ham borgan ekan. Shu xolos.
Stadion bo‘yicha rejalar? «Paxtakor» stadionini bahordan ta’mirlashni boshlaymiz, chimini esa hozirda FIFA standartlariga mos tarzda yangilaymiz. Xudo xohlasa, bahordan o‘z maydonimizda o‘ynashni boshlaymiz.
Maksim Shatskix nega iste’foga chiqarilmoqda? Avvalambor, unga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Bosh murabbiy sifatida 3 yil ishladi. Ikki marta chempionlikni olib berdi, bu yil esa uning oldiga chempion bo‘lamiz deb, vazifa qo‘ymagandik. Chunki kuchli o‘yinchilarimizni boshqa jamoalarga qo‘yib yuborgandik. Biz asosan yoshlar bilan harakat qilib ko‘rmoqchi edik va kattalar 6-o‘rinni olgan bo‘lsa-da, qolgan yosh toifasidagi U18, U21 jamoalarimiz O‘zbekiston chempioni bo‘lishdi. Maqsadimiz yoshlarga imkon berish edi.
Maksim Shatskix iste’fo bergani yo‘q, ha faqat bosh murabbiylikdan ketdi, u endi direktorlar kengashida menga maslahatchi bo‘lib yonimda bo‘ladi, yordam beradi. Buning uchun unga minnatdorchilik bildiraman. Ya’ni, u klubda qoldi, yangi murabbiyga ham kerak bo‘lgan yordamini beradi. Shatskixdan yangi murabbiyga o‘tish davrini yengiroq o‘tishiga yordam berishi kerak.
«Nasaf» haqli tarzda chempion bo‘ldi»
- O‘zi, aytinglar-chi, O‘zbekistonda 3 yil ichida jamoasini ikki bor chempion qilib, keyin 6-o‘rinni olgan murabbiy bormi? Tarixida bo‘lganmi? Ro‘ziqul Berdiyevni hurmat qilaman, «Nasaf»ni necha yildan buyon boshqarayaptilar? 12 yil! Shuncha yil ichida birinchi bor shu yil chempion qildilar. U kishi bilan bir bor ko‘rishganman, juda hurmat qilaman, yaxshi odam. «Nasaf» haqli tarzda chempion bo‘ldi. Bungacha jamoaga kelgani bilan ikki bor chempion qilgan Arveladze bor edi, undan keyin bormi? Yo‘q, demak Shatskixdan minnatdor bo‘lishimiz kerak.
Yangi murabbiyimiz Moreyra bilan «1+1» ko‘rinishida shartnoma tuzdik. Uning o‘zi chempionlik uchun kurashmoqchi. Shunga harakat qilamiz.
«Paxtakor»dagi sabotajlar haqida
- Moliyaviy masalalar haqida gapiradigan bo‘lsam, «Paxtakor» bu borada hech kimning bir kunlik oyligini ham qoldirmay, to‘lab beradigan O‘zbekistondagi yagona jamoa bo‘lsa kerak. Endi sabotaj haqida gapiradigan bo‘lsam. Ko‘p futbolchilarimiz chempion bo‘lib charchab ketgan, ya’ni bundan to‘ygan. Ularni faqat keyingi yilgi shartnoma qiziqtiradi. Ular bilan shartnoma qilishni xohlamaymiz. Chunki ular maydonda bo‘lsa ham, o‘yinda bor yo‘qligi sezilmaydi. O‘tgan yili ham shunday holat yuz berdi va men turnir tugashiga 10 tur qolganda yoshlardan Diyor Xolmatovni sardor qilib qo‘ydim. Ular yoshi katta o‘yinchilarga dars bergandek bo‘lishdi. Xohlardimki, o‘yinchilar faqat jamoaning puli emas, klubda o‘ynashni sharaf deb bilishsin. Faqat maoshni, moliyaviy masalani o‘ylamaslik kerak. «Paxtakor»da o‘ynash – sharaf bo‘lishi kerak. Moliyaviy masalada esa jamoada bir kun ham oylik maoshni kechiktirganimiz yo‘q.
«Paxtakor»ning 2024 yilgi xarajatlari 100 milliarddan oshdi, 2025 yilda budjetimiz yana oshadi»
- «Paxtakor» qachon foyda olib keladi? Faqat O‘zbekiston klublari emas, dunyoda o‘zi faqat 10-15 ta klub foyda keltirsa kerak. Ya’ni, Angliya, Ispaniya va yana qolgan chempionatlar yetakchi klublari. Juda ko‘pi esa zararda.
O‘zi «Paxtakor»ni foyda keltirishi uchun emas, yoshlikdan shu klubga muxlis bo‘lganimiz uchun yordam beryapmiz. Baribir, kimdir qilishi kerak-ku! Shu yerda o‘sdik, ulg‘aydik, kimdir qo‘llab-quvvatlashi kerak. Bugun imkoniyatimiz bor yordam beryapmiz, imkoniyat bo‘lmaganda, uzr, hozir qo‘limiz kaltalik qilyapti, deb aytamiz. O‘zbekistonda futboldan daromad kelishiga men ishonmayman. Tadbirkor sifatida bunga ishonmayman. Boshqa klublar ham bundan pul topolmasa kerak.
2024 yil «Paxtakor»ning smetasi taxminan 100 milliard so‘mdan oshdi. 2025 yilda smeta oshadi, chunki tez orada «Paxtakor» stadioni rekonstruksiyasi ham boshlanadi, taklif qilinadigan yangi o‘yinchilar bor.
«Cheran endi murabbiylikka o‘qisa yaxshi bo‘lardi, u keyingi yilgi talabga javob bermaydi»
- Kamoliddin Tojiyev, Cheran va Sobirxo‘jayevlar ko‘rinmayapti? Ular ham ikki oyga ta’tilga chiqishgandi. Bilasiz, Dragan Cheran 38 yoshda, menimcha, u murabbiylikka o‘qisa yaxshi bo‘lardi. Keyingi yil Cheranni «Paxtakor»da ko‘rmayapmiz. Cherandan kuchli murabbiy chiqadi. Hamma obro‘si borida tugatgani chiroyli, deb o‘ylayman. Ertaga jarohat olib, qiyin vaziyatda tugatgandan ko‘ra shu yaxshiroq. Uni fidoyi inson deb bilaman. Cheran keyingi yilgi maqsadimizga mos emas.
Cheran bilan xayrlashuv uchrashuvi? U hali hech qayerga ketayotgani, O‘zbekistondan ketayotgani yo‘q-ku! Qanday xayrlashuv qilish kerak? Muxlislar bilan? O‘zi o‘sha muxlisni o‘zi yo‘q-ku, 500 kishi kelayaptimi yo‘qmi stadionga. Agar xayrlashuvga talab bo‘lsa, chiroyli tashkil qilib beramiz, gap yo‘q. Balki, unga boshqa klublarda ehtiyoj bordir, boshqa klubda o‘ynar. Ammo Cheran «Paxtakor» qo‘yayotgan keyingi yilgi talablarga to‘g‘ri kelmaydi. Futbolchi joyni band qildimi, 90 daqiqa yugurishi kerak. U hozir avvalgidek yugurmayapti, bizga mos emas.
Jamoani Pavel Pavlyuchenko, Kimi Merk va Dragan Cheran tark etadi. Iroqlik Bashar Resan bilan kelishuvga erishdik. Bosh murabbiy bilan maslahatlashgan holda kuchaytiramiz.
«Yangi murabbiyning maoshini ochiqlay olmaymiz, natija qilib bersa bo‘ldi»
- Yangi murabbiy Pedro Moreyraning maoshi? Bosh murabbiy shartnomasida maoshni e’lon qilmaslik bandi bor, shu bois buni ochiqlay olmaymiz. Qancha bo‘lsa ham o‘ziga buyursin. Bizga yaxshi futbol namoyish etib, natija qilib bersa bo‘ldi.
Yangi bosh murabbiyning ishiga aralashmaymiz. Bunga hech kimning haqqi yo‘q. Uni o‘zbeklashtirilib, bir haftadan keyin choyxonadan chiqa olmaydigan bo‘lib qolmaydigan qilmasligimiz kerak.
Toshkentga 4ta klub ko‘p emasmi? Shaxsiy fikrimcha, Toshkentga 4 ta klub ko‘p, lekin bu masalada hech nima qila olmayman. Fikringiz to‘g‘ri, ammo gapimni, iltimos, kesgan holda chiqarib yubormanglar. Qandaydir fitnaga aralashib qolishni istamayman. Ammo fikringiz o‘rinli – mening ham fikrimcha, 4ta klub Toshkent uchun ko‘p, - dedi Jahongir Ortiqxo‘jayev.