O‘zbekiston 2027 yilda qilichbozlik bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qiladi

Sport 08:32 / 04.12.2024 2274

Toshkent Olimpiya o‘yinlari oldidan 2027 yilgi qilichbozlik bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionatiga mezbonlik qiladi. Bu Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi (FIE) kongressida ma’lum bo‘ldi, deb xabar berdi Milliy olimpiya qo‘mitasi.

Musobaqa 2027 yilning 20−28 iyul kunlari bo‘lib o‘tadi va Los-Anjyelesda 2028 yil 14−30 iyul kunlari o‘tkaziladigan Olimpiya o‘yinlariga saralashda muhim rol o‘ynaydi. Chempionatda to‘plangan ochkolar sportchilarning Olimpiya o‘yinlariga saralanishiga ta’sir qiladi.

Kongressda kelib chiqishi O‘zbekistondan bo‘lgan rossiyalik tadbirkor Alisher Usmonov FIE prezidenti etib saylandi. Uning saylovlardagi raqibi Shvetsiya qilichbozlik federatsiyasi prezidenti Otto Drakenberg bo‘ldi. Usmonov 120, Drakenberg 26 ovoz oldi. 

Tadbir davomida yil yakuni bo‘yicha taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Yilni yoshlar o‘rtasidagi jahon reytingida yetakchi sifatida yakunlagan O‘zbekiston qilichbozlik terma jamoasi vakili Fernanda Errera taqdirlandi.

Ko‘proq yangiliklar: