Olimlar Arktikadagi dengiz muzlari qachon butunlay erib ketishini hisoblab chiqdi

Jahon 22:07 / 04.12.2024 8080

AQSh va Shvetsiya olimlaridan iborat guruh Arktikadagi dengiz muzlari qachon butunlay erib ketishi mumkinligini hisoblab chiqdi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu muddat oldinroq taxmin qilinganidan ertaroq kuzatiladi.

Oldingi hisob-kitoblar iqlim o‘zgarishi tufayli Arktikadagi dengiz muzlari misli ko‘rilmagan darajada tez — har o‘n yilda 12 foizdan ko‘proq yo‘qolishini ko‘rsatgan edi. 2024 yilda muz maydoni 4,28 million kilometr kvadratni tashkil etgan — bu 2012 yil sentabrda qayd etilgan tarixiy minimumdan oshiqdir.

Shimoliy Muz okeanidagi muz maydoni 1 million kilometr kvadratdan kamaysa, Arktika muzsiz qolgan hisoblanadi. Ilgari bu 2030 yillarda sodir bo‘lishi prognoz qilingan edi.

Yangi tadqiqot davomida mutaxassislar 300 dan ortiq raqamli simulyatsiya o‘tkazib, kompyuter modellaridan foydalangan. Testlarning aksariyati Arktika dengiz muzlaridan 2023 yildan keyingi to‘qqiz va yigirma yil oralig‘ida xalos bo‘lishini ko‘rsatgan. Eng erta prognoz — 2027 yil, yana to‘qqizta model Shimoliy Muz okeanidagi muzlar 3-6 yildan keyin erib ketishini ko‘rsatmoqda.

Olimlarning aniqlashicha, ekstremal ob-havo hodisalari seriyasi 2 million kilometr kvadrat muzlik qisqa muddat ichida erib ketishiga sababchi bo‘lishi mumkin: kutilmagan iliq kuz avvaliga dengiz muzlarini zaiflashtiradi, uning ortidan iliq arktik qish va bahor muzliklarning shakllanishiga imkon bermaydi.

Dengiz muzlari Arktikani isishdan asrab, quyosh nurini kosmosga qaytaradi. Muzlar quyosh nurini kamroq qaytarishni boshlasa, okean suvlari ularni ko‘proq yuta boshlaydi va Arktikada harorat ko‘tariladi.

Bundan tashqari, Arktikada haroratning ilishi shamol hamda dengiz oqimlarining yo‘nalishini o‘zgartirib yuborishi mumkin, bu esa butun dunyo bo‘ylab ekstremal ob-havo sharoitini yuzaga keltiradi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, yaxshi yangiliklar ham bor. Tadqiqotlar davomida aniqlanishicha, issiqxona gazlarining qisqarishi Arktika muzlarining erish muddatini kechiktirishi mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: