Vengriya O‘zbekiston tadqiqotchilari uchun ilmiy stajirovkalar tashkil etadi

O‘zbekiston 14:12 / 03.12.2024 1000

Joriy yilgi forum O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi faol hamkorlik platformasiga aylandi.

Innovatsion rivojlanish agentligi direktori Sharof Rajabboyev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi innovatsiyalar sohasida kelgusidagi qo‘shma loyihalarga asos solgan muhim muzokaralar olib bordi.

Budapeshtning Etvyosh Lorand universiteti rektori Laslo Borgi va Milliy tadqiqot, ishlanmalar va innovatsiyalar byurosi prezidenti Ishtvan Adam Kiss bilan ikki davlat universitetlari o‘rtasida akademik almashinuvni tashkil etish, shuningdek, birgalikda ilmiy tadqiqotlar olib borish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.

Vengriya Madaniyat va innovatsiyalar vazirligi Davlat kotibi o‘rinbosari Laslo Bodish bilan uchrashuvda muhim tashabbuslar muhokama qilindi. Laslo Bodish 2024 yil oktyabr oyida Jizzax viloyatiga tashrifi yakunlarini esga oldi. Obuda universiteti va Jizzax universitetlari bilan yuqori texnologiyalar sohasida qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli boshlanganini ta’kidladi.

Vengriya tomoni O‘zbekiston tadqiqotchilari uchun ilmiy stajirovkalar tashkil etish va ikki mamlakat universitetlari hamda kompaniyalari ishtirokida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ta’lim sohasidagi aloqalarni mustahkamlash va innovatsion salohiyatni rivojlantirish orqali innovatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini bildirdi. O‘zbekiston va Vengriya universitetlar hamda ilmiy markazlar o‘rtasidagi hamkorlikni yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash va ilg‘or texnologiyalarni ilgari surishning muhim vositasi sifatida ko‘rmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: