Suriyada davom etayotgan janglar, Sholsning Kiyevga tashrifi va Yevropada migrantlarga qarshi choralar - kun dayjesti

Jahon 13:20 / 03.12.2024 3146

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Suriyada janglar avj olmoqda

Halab shahrini qo‘lga olgan isyonchilar janubga harakatlanmoqda. Hukumat kuchlari esa Asad hokimiyati ostida bo‘lmagan hududlarda Rossiya aviatsiyasi ko‘magida himoya chiziqlarini tashkil etmoqda.

SOHR ma’lumotiga ko‘ra, muxolifat qo‘shinlari Hama viloyati yaqinidagi qishloqlarga yetib kelgan. Hukumat kuchlari esa Taybat ul-Imom va Hama shimolidagi posyolkalarda mudofaa chiziqlarini tiklamoqda.

Rossiya havo hujumlari muxolifatning Idlib va Hama hududlariga yo‘naltirilgan. Hujumlar qochqinlar lageri va Halabdagi shifoxonalarga ham yo‘naltirilgan bo‘lib, qurbonlar orasida tinch aholi ham bor.

Asad hukumati isyonchilarga qarshi hujum rejasini e’lon qilgan. Shu bilan birga, BMT vakillari mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal qilishga chaqirmoqda.

Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Araqchiy Suriyadagi muzokaralarni davom ettirish uchun Anqaraga yo‘l olgan. Anqara esa Asadni u anchadan buyon inkor etib kelayotgan muzokaralarga undashi kutilmoqda.

Sholsning Kiyevga tashrifi

Germaniya dekabr oyida Ukrainaga qo‘shimcha harbiy yordam taqdim etadi. Bu haqda Kiyevga so‘nggi ikki yarim yil ichida ilk marta tashrif buyurgan Germaniya kansleri Olaf Shols ma’lum qilgan.

Sholsning Zelenskiy bilan uchrashuvida 650 million yevro qiymatidagi qurol-yarog‘ yetkazib berish rejasini e’lon qilishidan bir necha soat o‘tib Germaniya mudofaa vazirligi yordam IRIS-T havo hujumdan himoya tizimlari, Leopard tanklari va dronlarni o‘z ichiga olishi haqida bayonot bergan.

Yordam tarkibiga qishki jihozlar, qo‘l qurollari va isitish uskunalari ham kiritiladi.

Kansler Shols Kiyevda Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bilan birga Maydandagi xotira memoriali va yarador jangchilardan xabar olish uchun shifoxonaga tashrif buyurdi.

Zelenskiy va Shols Ukrainada ishlab chiqarilgan va Germaniya bilan hamkorlikda yaratilgan yangi dron namunalarini ko‘zdan kechirishdi. Ushbu dronlar Germaniya kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt asosidagi avtomatik nishonga olish tizimlari bilan jihozlangan. Ulardan foydalanish imkoniyatlari va jang maydonidagi samaradorligi namoyish etildi.

AQShdan Ukrainaga yordam

AQSh prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga qo‘shimcha milliardlab dollarlik qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.

Bu tashabbus yangi prezident Donald Tramp lavozimga kirishgandan keyin Ukrainaga nisbatan siyosatda keskin o‘zgarishlar bo‘lishidan xavotirlangan ittifoqchilarning harakati sifatida qabul qilinmoqda.

Bayden ma’muriyatining ba’zi amaldorlari Ukraina armiyasini kengaytirish va yangi askarlar tayyorlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirishga chorlamoqda. Ularning fikricha, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi qurol tafovuti to‘liq bartaraf etilmagan bo‘lsa-da, vaziyat sezilarli darajada yaxshilangan. Biroq Ukraina armiyasi jang maydonidagi yo‘qotishlarni qoplash uchun yetarli askarlarni tayyorlamaganligi tanqid qilinmoqda.

Shu bilan birga, AQSh rasmiylari qisqa muddatli yordamning boshqa harbiy missiyalarga ta’sir qilishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda. Donetsk oblastida Rossiya qo‘shinlari faoliyati kuchaygan bo‘lsa-da, AQSh tahlilchilari Pokrovsk janubidagi hududlarning yaxshi himoyalanmaganini ta’kidlamoqda va Ukraina harbiylari xavfsizroq pozitsiyalarga chekinishda davom etmoqda.

Reuters ma’lumotiga ko‘ra, AQSh 725 million dollarlik qurol-yarog‘ paketi tayyorlamoqda, bu HIMARS tizimlari, dronlar va piyodalarga qarshi minalarni o‘z ichiga oladi. Bayden ma’muriyatining bu harakatlari Ukrainaga qo‘shimcha yordam ko‘rsatish va ittifoqchilar xavotirlarini kamaytirishga qaratilgan o‘ylangan qadam sifatida baholanmoqda.

Gurjistonda davomli namoyishlar

Gurjistonda, beshinchi kundirki, Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishni talab qiluvchi namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda. Tbilisi va boshqa shaharlarda o‘n minglab odamlar hukumatning Yevropa integratsiyasi kursidan voz kechishiga qarshi chiqdi.

Namoyishlar davomida politsiya ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz, suv purkagichlar va tutunli granatalar ishlatgan. Hukumatga qarshi chiqishlar nafaqat poytaxtda, balki Batumi, Kobuleti va boshqa shaharlarda ham kuzatilmoqda.

Tbilisida parlament oldida tartibsizliklar va keskin qo‘lga olishlar sodir bo‘ldi. Namoyishchilar pirotexnika vositalaridan foydalangan va barrikadalar o‘rnatgan. Politsiya parlament atrofini tozalash uchun maxsus choralarni qo‘lladi.

Gurjistonning yetakchi banklari va kompaniyalari namoyishchilarni qo‘llab-quvvatladi. Hukumatning Yevropa integratsiyasini to‘xtatish qarori bir qator davlat xizmatchilari va diplomatlar tomonidan qoralandi. AQSh, Niderlandiya va boshqa davlatlardagi elchilar norozilik sifatida iste’fo bergan.

Yevropada migrantlarga qarshi choralar

Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar, jumladan, Polsha, Italiya va Daniyaning chaqiriqlariga javoban noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish qoidalarini kuchaytirish bo‘yicha yangi direktivani tayyorlamoqda. Yangi qoidalar 2025 yil fevral oyida muhokama uchun taqdim etilishi kutilmoqda.

Qoidalarga ko‘ra, a’zo davlatlarga Yevropa Ittifoqida qolish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish erkinligini cheklash imkoniyati berilishi mumkin. Shuningdek, migrantlarni uchinchi davlatlardagi maxsus «qayta yuborish markazlari»ga jo‘natish masalasi ham ko‘rib chiqilyapti. Bunday markazlar allaqachon Italiya va Albaniya o‘rtasidagi kelishuv asosida faoliyat ko‘rsatmoqda, unga ko‘ra Italiya Albaniyaga har yili 36 ming nafargacha migrant yuborishi mumkin.

Polsha oktyabrda migratsiya qonunchiligini kuchaytirib, Belarus orqali chegarani kesib o‘tganlarga boshpana berishni to‘xtatgan. Shuningdek, Germaniya, Fransiya, Daniya, Shvetsiya, Avstriya, Italiya va Sloveniya chegara nazoratini joriy etdi. Bu qarorlar Yevropada migratsiya oqimidan norozilikning ortishi va o‘ta o‘ng siyosiy kuchlarning ommalashishi fonida qabul qilingan.

50 mln zamonaviy qullar

Yaqin 30 yil ichida dunyoda millionlab insonlar «zamonaviy qullik» sharoitiga tushib qolishi mumkin. Xalqaro mehnat tashkiloti, Migratsiya bo‘yicha xalqaro tashkilot va Walk Free jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilda 50 milliondan ortiq inson shunday sharoitda kun kechirmoqda. Bu jahon aholisining 0,6 foiziga to‘g‘ri keladi.

Zamonaviy qullik turlariga majburiy mehnat, qarzdorlik, jinsiy ekspluatatsiya, majburiy nikoh, odam savdosi, bolalar mehnati va ularga nisbatan tazyiqlar kiradi. Ushbu sharoitdagi insonlarning uchdan ikki qismi — ayollar va qizlardir. Shuningdek, 160 milliondan ortiq bola og‘ir mehnatga jalb qilingan bo‘lib, ularning katta qismi qishloq xo‘jaligi, foydali qazilmalar qazish va tekstil sanoatida faoliyat yuritadi.

Iqlim o‘zgarishi qullik xavfini kuchaytiruvchi asosiy omillardan biri hisoblanadi. BMT prognozlariga ko‘ra, 2050 yilgacha Janubiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrikada 216 million inson tabiiy ofatlar sababli o‘z uylarini tark etishi mumkin. Bu ularni odam savdosi va qullikka tushib qolish xavfi ostida qoldiradi. Zamonaviy qullikning eng yuqori darajasi Janubiy Osiyo, Afrika va Xitoyda kuzatilmoqda. Birgina Hindistonda majburiy mehnatga jalb qilinganlar soni 11 milliondan ortiq.

OITVning davosi topildi

Odam immuniteti tanqisligi virusiga qarshi ukol yaratildi. Emori universiteti tomonidan o‘tkazilgan klinik tadqiqot natijalari buni isbotlamoqda.

Yarim yilda bir marta qilinadigan Lenacapavir ukoli OITVning oldini olishda 99 foiz samaradorlikni namoyish etdi.

Yangi dori vositasi kundalik qabul qilinadigan tabletkalar bilan taqqoslandi.

Eski dorilar ham tabletkalar garchi samarali hisoblansa-da, ular doimiy tarzda qabul qilinmasa, ta’siri pasayadi. Lenacapavir ukoli esa har yarim yilda bir marta qilinadi, bu esa dori qabul qilishga muntazam rioya qilish muammosini kamaytiradi.

Lenacapavir ukolini qabul qilgan ishtirokchilarning 99 foizida immunitet ko‘tarilib, OITV yuqtirmagan. Tabletkalar guruhida esa virus yuqtirish holatlari yuqori bo‘lgan.

Bu preparat VICh bilan eng ko‘p zararlangan aholi, jumladan, kam ta’minlangan va tibbiy yordamga qiyinchilik bilan erishadigan guruhlar uchun katta imkoniyatlar yaratadi. AQShning FDA agentligi tomonidan tasdiqlansa, Lenacapavir 2025 yilda savdoga chiqishi mumkin. Ammo uning bir yillik dozasi narxi 40 ming dollar bo‘lishi kutilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: