Polshadagi «Drujba» neft quvurida avariya yuz berdi

Jahon 15:52 / 03.12.2024 2662

2 dekabr, dushanba kuni PERN milliy quvur operatori xabariga ko‘ra, Polsha «Drujba» neft quvuridan bir kun avval sodir bo‘lgan yonilg‘i sizib chiqishiga qaramay, Germaniyaga neft yetkazib berishda davom etmoqda. Sizib chiqish 1 dekabr kuni ertalab davlat yong‘in xavfsizligi xizmati tomonidan Pnevi shahri yaqinida Germaniyadagi neftni qayta ishlash zavodiga neft yetkaziladigan g‘arbiy uchastkaning ikkita liniyasidan birida aniqlangan.

Shikastlangan liniyada neft yetkazib berish to‘xtatildi, ikkinchi liniya orqali yetkazib berish davom etmoqda. Voqea sodir bo‘lgan joyda ta’mirlash ishlari olib boriladi: xomashyoni tayyorlash va almashtirishdan so‘ng, sizib chiqish yuz bergan uchastka yangisi bilan almashtiriladi.

Hodisa sabablarini PERN tarkibidagi ichki qo‘mita o‘rganadi. Kompaniyaning ta’kidlashicha, u quvur liniyasiga shikast yetkazilishining barcha mumkin bo‘lgan versiyalarini ko‘rib chiqmoqda — texnik nosozlikdan tortib to diversiyagacha.

Qozog‘iston nefti «Drujba» shimoliy tarmog‘i bo‘ylab yetkaziladi

«Drujba» — Rossiyaning eng yirik quvuri bo‘lib, u orqali Yevropaga neft yuboriladi. Belarusning Mozirida neft quvuri tarmoqlari bo‘linib, janubiy tarmog‘i Ukraina, Vengriya, Slovakiya va Chexiyaga, shimoliy tarmog‘i Polsha va Germaniyaga boradi. Rossiyadan neftni shimoliy tarmoq orqali yetkazish Yevropa Ittifoqining sanksiyalari tufayli to‘xtatilgan, biroq janub orqali to‘xtatilgani yo‘q.

Avariya «Drujba»ning shimoliy tarmog‘ida sodir bo‘lgan: 2023 yil fevralidan Germaniyaning Shvedt shahridagi neftni qayta ishlash zavodiga Qozog‘iston nefti yetkazib berilmoqda. Yuklama quvvati kuniga 2 million barrelga teng.

Ko‘proq yangiliklar: