Politico: Yevrokomissiya noqonuniy migrantlar deportatsiyasi qoidalarini kuchaytirishni boshladi

Jahon 00:14 1306

Yevrokomissiya YeI davlatlarining, jumladan, Polsha, Italiya va Daniya chaqiriqlariga javoban migrantlarni deportatsiya qilishga oid yangi direktivani tayyorlamoqda. Bu haqda ismini oshkor etmagan yevropalik diplomatlarga tayanib, Politico xabar berdi. Yangi qoidalar 2025 yilning fevral oyida Yevropa Ittifoqi huzuridagi doimiy vakolatxonalarga topshirilishi kutilmoqda 

Qayd etilishicha, hozirda Yevrokomissiya yangi direktiva bo‘yicha talablarni inobatga olish uchun Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar bilan maslahat qilyapti. Ko‘plab cheklovlar qatoridan, a’zo mamlakatlarga endi Yevropa Ittifoqida qolish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarning harakatlanish erkinligini cheklashga ruxsat berilishi mumkin.

Yevrokomissiya ishining yana bir yo‘nalishi — migrantlarni uchinchi davlatlardagi «qayta yuborish markazlari»ga jo‘natishdir (u yerdan migrantlar o‘zlari kelgan yoki uzoq vaqt ishlagan mamlakatiga jo‘natib yuboriladi). Bunda kelishuv hozirda Albaniya va Italiya o‘rtasida amalda: Rim boshpana borasidagi arizalarni ko‘rib chiqqunga qadar Albaniyaga har yili 36 ming nafargacha migrantni yuborishi mumkin.

Politico suhbatdoshlaridan birining ta’kidlashicha, oldinlari bunday variant Yevropa komissiyasi uchun muammoli bo‘lgan, ammo hozirda uni muhokama qilish holatlari ko‘paygan.

Oktyabr oyida Polsha mamlakat chegarasini Belarus orqali kesib o‘tganlarga boshpana berishni to‘xtatish orqali migratsiya qonunchiligini kuchaytirgan edi. Undan oldin esa Germaniya, Fransiya, Daniya, Shvetsiya, Avstriya, Italiya va Sloveniya qo‘shni davlatlari bilan chegara nazoratini joriy etgan. Ushbu qarorlar saylovchilarning migrantlar oqimidan noroziligi va Yevropada o‘ta o‘ng siyosiy kuchlarning ommalashib borayotgani fonida qabul qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: