Jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tumani sudi raisi Jahongir Yakubxo‘jayev yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni kaltaklab, unga jarohat yetkazgan. Bu haqda Kun.uz manbasi xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, holat 2025 yilning 18 yanvar kuni sodir bo‘lgan. Sud raisi Jahongir Yakubxo‘jayev yordamchisi Shohjahon Yaxshiboyevni o‘zining xizmat xonasida kaltaklagan. Jarohat olgan yordamchi To‘raqo‘rg‘on tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilgan. Tibbiy ma’lumotnomada Yaxshiboyev yuz sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi tan jarohati olgani ko‘rsatilgan.
Bosh prokurorning matbuot kotibi Kun.uz so‘roviga javoban ushbu hodisa yuz berganini tasdiqladi va holat yuzasidan Chust tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qildi.
Sud raisining bu qilmishi MJtKning 52-moddasi (Yengil tan jarohati yetkazish) 2-qismi bilan malakalanishi mumkin. Bordi-yu shunday bo‘lib chiqsa, Jahongir Yakubxo‘jayev bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravarigacha (1,5 mln so‘m) miqdorda jarima to‘lashiga to‘g‘ri keladi. MJtKning 245-moddasiga ko‘ra bunday toifadagi ishlar jinoyat ishlari bo‘yicha sudda ko‘rib chiqiladi.
Ammo qonunga ko‘ra sudyaning shaxsi daxlsiz hisoblanadi. U tegishli sudyalar malaka hay’atining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.
Ma’lumot uchun, Jahongir Yakubxo‘jayev 2023 yil iyul oyida sudyalik vakolati muddati davrining besh yil muddatiga jinoyat ishlari bo‘yicha Chust tuman sudining raisi lavozimiga tayinlangan. Bungacha u jinoyat ishlari bo‘yicha Izboskan tuman sudi raisi lavozimida faoliyat yuritgan.