Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad mahalliy davlat hokimiyati organlarini rivojlantirish uchun xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirish va davlat boshqaruvini nomarkazlashtirish bo‘yicha Avstriya tajribasini o‘rganishdan iborat bo‘ldi.
Delegatsiya O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida Avstriya parlamenti, Davlat xizmatlari vazirligi, Adliya vazirligi, Shahar va qishloqlar uyushmasi, Shtiriya federal yeri, Grats, Vena va Krems shaharlari ma’muriyatlari hamda Krems amaliy fanlar universitetida samarali muzokaralar o‘tkazdi.
Avstriya federal davlat boshqaruvi akademiyasi bilan hamkorlikda mamlakatning davlat xizmatchilari uchun maxsus o‘quv kurslarni tashkil qilish masalasi Davlat xizmatlari vazirligida muhokama etildi.
Avstriya adliya vazirligida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda esa mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlikni nafaqat ikki tomonlama, balki ko‘p tomonlama ham faollashtirish hamda o‘zaro manfaatli sohalarda normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va ularni imzolash bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shahar va qishloqlar uyushmasida O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari mamlakatning boshqaruv tizimi faoliyati va ularni rivojlantirishda uyushmaning o‘rni to‘g‘risidagi ma’lumotlarga ega bo‘lishdi.
Tashrif davomida, Shtiriya federal yeri, Grats va Vena shaharlari ma’muriyatlaridagi uchrashuvlarda hokimiyatning taqsimlanishi, sohalarda ishlarni tashkil qilish tartibi va delegatsiyani qiziqtirgan boshqa savollar bo‘yicha ham fikrlar almashildi.
Krems shahri ma’muriyati va Krems amaliy fanlar universiteti rahbariyati bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda delegatsiya a’zolari mazkur shahar aholisining turmush tarzi, undagi oliy o‘quv yurtlarida kadrlar tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishishdi. Mamlakatlar shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini o‘rnatish, hududlarda joylashgan oliy o‘quv yurtlari bilan hamkorlik qilish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.