Uranda baliq bormi? Olimlar olis sayyorada hayot bo‘lishi mumkinligini aytmoqda

Fan-texnika 13:50 / 02.12.2024 4918

Odamlarda Uran sayyorasi haqidagi tasavvurlarning aksariyati NASA’ning “Voyajyer-2” kosmik missiyasi kuzatuvlari natijasida paydo bo‘lgan. Ammo “Voyajyer-2” tashrifi kuchli quyosh bo‘roni bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelgan, bu esa apparat tomonidan olingan ma’lumotlarni buzib ko‘rsatgan, oqibatda ushbu sayyora tizimi haqida noto‘g‘ri tasavvur shakllangan, deya yozadi BBC.

Uran — Quyosh tizimining eng chekkasida joylashgan nihoyatda go‘zal sayyora. Muz qobig‘i bilan o‘ralgan bu sayyora eng uzoq va sovuq osmon jismlaridan hisoblanadi.

Bundan tashqari, Quyosh tizimidagi boshqa barcha sayyoralardan farqli o‘laroq, Uranning aylanish o‘qi uning orbita tekisligida joylashgan, ya’ni sayyora go‘yo ag‘darilib, yonboshlab yotgandek ko‘rinadi — bu esa uni yanada sirli qiladi.

Sayyoraning yaqindan olingan tasvirlarini ilk bor 1986 yilda ko‘rganmiz — o‘shanda Uran yaqinidan uchib o‘tgan “Voyajyer-2” uning o‘zi va beshta eng katta yo‘ldoshi suratlarini yuborgan.

Apparat tomonidan olingan ma’lumotlar esa olimlarni yanada hayratga soldi. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, Uran tizimi biz o‘ylagandan ancha g‘alatiroq va ajoyibroq tuzilgan. Quyosh sistemasining tashqi qismidagi boshqa barcha sayyoralardan farqli o‘laroq, sayyoraning o‘zida ham, uning yo‘ldoshlarida ham hech qanday faollik aniqlanmagan.

Kuzatuvlar natijalariga ko‘ra, Uranning himoya magnitosferasi sayyoraga nisbatan simmetrik emas, balki Quyoshga qaragan tomondan sal siljigan va yassi holatda.

Odatda, sayyora magnit maydoni geologik faollik natijasida uning qa’ridan otilib chiqadigan gazlar va boshqa moddalarni sayyoradan tashqariga chiqarmaydi. “Voyajyer-2” Uranda bunday jarayonlarning birorta belgisini topmadi. Bu esa olimlarni Uranning o‘zi va beshta eng yirik yo‘ldoshida mutlaqo hayot yo‘q, degan xulosaga olib keldi.

So‘nggi kashfiyot olimlar uchun kutilmagan yangilik bo‘ldi, chunki yuqorida ta’kidlanganidek, Uran Quyosh tizimidagi boshqa barcha sayyoralardan va ularning tabiiy yo‘ldoshlaridan ajralib turadi.

Rasm: Uran yo‘ldoshlaridan biri Mirandaning “Voyajyer-2” tomonidan olingan surati. Yangi tadqiqotga ko‘ra, Miranda sirtining ostida butun boshli okean yashiringan bo‘lishi mumkin – hatto yashash uchun qulay sharoitlar borligi ehtimoldan xoli emas.

Uranda okean bormi?

O‘n yillar davomida yechilmay kelgan jumboq yangi ma’lumotlar tahlili tufayli hal etildi. So‘nggi tadqiqotlar “Voyajyer-2” Uran yaqinidan juda noqulay vaqtda uchib o‘tganini ko‘rsatdi.

Rasm: “Voyajyer-2” Yupiter, Saturn, Uran va Neptunni o‘rganish uchun 1977 yilda uchirilgan.

Apparat sayyoraga eng yaqin masofaga kelgan paytda, Quyoshda magnit bo‘roni avj olgan. Natijada, kuchli quyosh shamoli yuzaga kelgan — u sayyoradagi faollik izlarini uchirib yuborgan yoki magnitosferani vaqtincha o‘zgartirib qo‘ygan bo‘lishi mumkin.

London Universitet kolleji doktori Uilyam Dannning aytishicha, 40 yil davomida Uran va uning beshta eng katta yo‘ldoshi haqida noto‘g‘ri tasavvurga ega bo‘lib kelganmiz.

“So‘nggi natijalar Uran tizimi ilgari o‘ylanganidan ko‘ra ancha qiziqarli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda”, — deb tushuntiradi u. “U yerda hayotni qo‘llab-quvvatlay oladigan sharoitlarga ega yo‘ldoshlar mavjud bo‘lishi mumkin. Ularning sirtida esa baliqlarga to‘la okeanlar mavjlanib yotgani ham ehtimoldan xoli emas!”

“Voyajyer” Uran haqida dastlabki ma’lumotlarni yuborgan paytda missiya ilmiy xodimlari orasida yosh Linda Spilker ham bor edi. Hozirgacha NASA’ning “Voyajyer” ilmiy loyihasida ishlab kelayotgan olim yangi tadqiqotlar natijalarini o‘qib, mamnun bo‘lganini aytdi.

“Ajoyib natijalar, men Uran sayyoralar tizimida hech bo‘lmaganda nazariy jihatdan hayot uchun qulay sharoitlar mavjud bo‘lishi mumkinligidan juda xursandman”, — deb u ta’kidladi. “Yanada quvonarlisi shundaki, “Voyajyer” tomonidan 1986 yilda to‘plangan ma’lumotlar hanuzgacha o‘rganilmoqda va yangi ilmiy kashfiyotlarga imkon bermoqda”.

Tadqiqotda ishtirok etmagan Dublin Istiqbolli tadqiqotlar instituti mutaxassisi, doktor Affeliya Vibisono ham natijalarni juda ruhlantiruvchi deb baholadi:

“Bu eski ma’lumotlarga murojaat qilish qanchalik muhimligiga yana bir misol. Chunki ba’zida ular ortidan keyingi kosmik missiyalarni ishlab chiqishda asqatadigan yangiliklar paydo bo‘lishi mumkin.”

NASA aynan shu ish bilan shug‘ullanmoqda, bunga qisman yangi tadqiqot turtki bo‘ldi. “Voyajyer-2” so‘nggi marta muzlagan Uran va uning yo‘ldoshlari yonidan uchib o‘tganidan beri qariyb 40 yil o‘tdi.

Yana 10 yildan keyin NASA sayyorani batafsil o‘rganish uchun yangi missiya — “Uran” orbital zondini uchirishni rejalashtirmoqda.

Rasm: Saturn yo‘ldoshlaridan biri Enseladusdan chiqayotgan modda izlari sayyora sirtining ostida okean mavjud bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatadi. Uran yo‘ldoshlari ham shunday tuzilishga ega bo‘lsa-chi?

“Voyajyer-2” uzatgan ma’lumotlarni qayta o‘rganish g‘oyasi bilan chiqqan NASA xodimi Jyeymi Yasinski o‘z ishining natijalari Uranga yuborilayotgan har qanday ilmiy missiyaga bebaho yordam ko‘rsatishiga ishonch bildirdi.

“Yangi kosmik kemalar uchun ayrim asbob-uskunalarni ishlab chiqish asosan “Voyajyer-2” kuzatuvlariga tayanib amalga oshirilgandi”, — deb eslaydi u. “Endi bilsak, bu kuzatuvlar butun sayyoralar tizimi g‘ayritabiiy hodisani boshdan kechirayotgan paytda amalga oshirilgan ekan. Shuning uchun yangi missiya uchun qurilmalarni qanday ishlab chiqish masalasni qayta ko‘rib chiqishimiz kerak. Ular yangi kashfiyotlar uchun zarur bo‘lgan eng aniq ma’lumotlarni to‘play olishi lozim”.

NASA zondi Uranga 2045 yilda yetib borishi kutilmoqda. O‘shanda bir paytlar o‘lik deb hisoblangan olis sayyoralar yashash uchun qanchalik yaroqliligini aniqlash mumkin bo‘ladi, deb umid qilmoqda olimlar.

Ko‘proq yangiliklar: