Ruminiyada 1 dekabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida saylov uchastkalari yopilganidan so‘ng, mamlakatning hukmron Sotsial-demokratik partiyasi (PSD) eng ko‘p ovoz yig‘moqda. Onlayn ovozlarni hisoblash ma’lumotlariga ko‘ra, byulletenlarning qariyb 90 foizi qayta ishlangandan so‘ng, PSD 23,84 foizni oladi. Undan keyingi o‘rinda 17,85 foiz ovoz bilan o‘ta o‘ng «Ruminlar birligi uchun alyans» (AUR), uchinchi o‘rinda 14,64 foiz ovoz bilan o‘ng markazchi Milliy-liberal partiya joylashgan.
Avvalroq e’lon qilingan ekzitpollar natijalariga ko‘ra, PSD 26 foiz, AUR 19 foiz ovoz olgan. Biroq, barcha o‘ta o‘ng partiyalar katta muvaffaqiyatga erishdi, mutaxassislar ta’kidlashicha, ularning umumiy natijasi taxminan 30 foizni tashkil etdi. Agar saylovning yakuniy natijalari ekzitpollar orqali tasdiqlansa, PSD boshchiligidagi g‘arbparast koalitsiya hukumatni shakllantirish uchun parlamentda yetarlicha o‘rinlarni qo‘lga kiritishi mumkin. Ruminiyaning sotsial-demokrat bosh vaziri Marchel Cholaku mamlakat «o‘zligini, milliy qadriyatlarini va e’tiqodini himoya qilgan holda» Yevropa yo‘lida davom etishi kerakligini aytdi.
Biroq, ekzitpollar natijalariga xorijda ishlayotgan yuz minglab ruminiyaliklarning ovozlari kiritilmagan, ular o‘ta o‘ng guruhlar va markazchi muxolifatni qo‘llab-quvvatlashi kutilmoqda. Xorijda ovoz berish kecha boshlandi va ikki kun davom etadi.
Ruminiyada prezidentlik saylovlaridagi ovozlar qayta sanaladi
Ruminiya Konstitutsiyaviy sudi Markaziy saylov komissiyasiga o‘ta o‘ng rossiyaparast siyosatchi Kelin Jorjyesku eng ko‘p ovoz olgan prezidentlik saylovlarining birinchi bosqichi natijalarini qayta hisoblash majburiyatini yukladi. Bu haqda 28 noyabr kuni Ruminiyaning Digi24 telekanali xabar berdi. Kanal suhbatdoshlari ta’kidlaganidek, bunday chora firibgarlik gumonini bartaraf etish uchun zarur. Shunday qilib, ovoz berishning birinchi bosqichi natijalarini rasman tasdiqlash keyinga qoldirildi.
Prezidentlikka ikki nomzod birinchi tur natijalarini bekor etishni talab qilmoqda
Shu bilan birga, sudga prezidentlikka ikki nomzoddan birinchi tur natijalarini bekor qilish to‘g‘risida arizalar kelib tushdi. Sud Kristian Terxeshning apellyatsiya arizasini qonunda belgilangan muddatdan keyin berilganligi sababli rad etdi. Sebastyan Popesku topshirgan ikkinchi arizani ko‘rib chiqish 29 noyabr kuni bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
Popesku Jorjyeskuni saylovoldi tashviqotini moliyalashtirish manbalarini yashirganlikda va shu tariqa o‘zini «shaffof mustaqil nomzod» sifatida ko‘rsatib, saylovchilarni chalg‘itayotganlikda aybladi. Bundan tashqari, Popesku so‘zlariga ko‘ra, Jorjyeskuning TikTok platformasidagi saylovoldi videolarining «viruslilik» ko‘lamiga faqat blogerlar va reklamalar yordami bilan erishib bo‘lmaydi. «Gap ofisi Xitoyda joylashgan TikTok'ning to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlovi haqida ketyapti», dedi Popesku.