Angliya: Gvardiola ayanchli ahvolda
«Liverpul» – «Manchester Siti» 2:0
Gollar: 1:0 – 12 Gakpo, 2:0 – 78, penalti Saloh
«Liverpul» – Kelleher, Roberson, van Deyk, Gomes, Aleksander-Arnold (Kuansa, 73), Mak Allister, Gravenberh, Soboslai, Gakpo (Nunes, 73), Saloh (Jons, 84), Dias.
«Manchester Siti» – Ortega, Ake, Akanji, Ruben Diash, Uoker, Gundo‘g‘an (Savio, 58), Bernardu Silva, Mateush Nunesh (Doku, 57), Foden (de Bryuyne, 79), Lyuis (Grilish, 79), Holand.
Ogohlantirishlar: Mateush Nunesh (24), Foden (32), Gravenberh (36), Akanji (45+1).
«Siti» oxirgi oyni juda yomon o‘tkazdi, bunaqasi Gvardiola davrida hech qachon bo‘lmagandi. Besh mag‘lubiyat va «Feyyenoord» bilan mag‘lubiyatga teng durang. Liverpuldagi o‘yindan keyin esa amaldagi chempionlar uchun vaziyat yanada tushkun tus oldi.
«Siti» Chempionlar ligasidagi so‘nggi o‘yinda ko‘plab vaziyatlar yaratgan va g‘alabaga haqliroq o‘ynagan bo‘lsa, «Enfild»da mehmonlar shunchaki maydonda ko‘rinmay qoldi. O‘yindagi birinchi zarba 38-daqiqaga kelib berildi — Lyuisning zarbasi xato ketdi. To‘p Holandga umuman yetib bormadi, «Liverpul» esa tanaffusga qadar g‘olib masalasini hal qilib qo‘yishi mumkin edi.
Burchakdan to‘p uzatilganida van Deyk ikki marta hech qanday qarshiliksiz zarba yo‘lladi, birinchi marta to‘p ustunga tegdi, ikkinchisida ustun yonidan o‘tib ketdi. Boshqa epizodda Trentning jarima maydoni chizig‘i ustidan yo‘llagan zarbasi ustunni titratdi. Birinchi bo‘limdagi zarbalar ko‘rsatkichi — 10:1. «Liverpul» Angliyaning amaldagi chempioni emas, autsayderga qarshi o‘ynayotgandek harakatlandi. Slot jamoasiga yagona e’tiroz — vaziyatlardan foydalanish borasida.
Birinchi bo‘limda «Liverpul» faqat bir bor darvozani ishg‘ol qildi. 12-daqiqada Trentning uzun diagonalidan keyin Saloh jarima maydoni ichida to‘pga yetib bordi va darvozabon hududiga to‘p uzatdi, u yerda bo‘sh turgan Gakpo bir metr masofadan to‘pni darvozaga kiritib yubordi.
Goldan keyin ham «Liverpul» bosimni susaytirmadi: mezbonlar raqib jarima maydoni atrofida kuchli pressing qilishdi va raqib futbolchilariga qaraganda tezkorroq harakatlanishdi.
Ikkinchi bo‘limda «Siti» biroz o‘ziga kela boshladi. Gvardiola shogirdlari 10 soniyadan ko‘proq davom etadigan hujumlar uyushtirdi. Vahima aridi. Ayniqsa, Nunesh o‘rniga tushirilgan Doku o‘z fintlari bilan Trentni dog‘da qoldirib, jarima maydoniga xavfli reydlar uyushtirdi.
Baribir eng xavfli vaziyatlarni mersisaydliklar yaratishdi. «Liverpul» kichik va katta imkoniyatlarini ko‘kka sovurishda davom etdi. Masalan, Saloh yakkama-yakka vaziyatdan foydalana olmadi.
78-daqiqada esa aynan misrlik hujumchi penaltini aniq ijro etib, amalda intrigani o‘ldirdi. Bu ushbu futbolchi uchun joriy mavsumda barcha turnirlar doirasidagi 20 o‘yindagi 24-golli harakat bo‘ldi.
«Siti»da 83-daqiqada bitta javob goli urish uchun imkon bo‘ldi, van Deyk qo‘pol xatoga yo‘l qo‘yib, to‘pni bir necha daqiqa oldin zaxiradan tushgan de Bryuynega oldirib qo‘ydi, ammo Kelleher qahramonlik ko‘rsatdi. Bu mehmonlarning o‘yinda darvoza sohasiga to‘g‘ri borgan yagona zarbasi bo‘lib qoldi.
So‘nggi daqiqalarda «Liverpul» fanatlari Gvardiolaga qarata shunday so‘zlar bilan kuylashdi: «Sen tonggacha ishdan haydalasan». Murabbiy esa bunga javoban oltita barmog‘ini ko‘rsatib, necha marta Angliya chempionligini qo‘lga kiritganini eslatib qo‘ydi.
«Liverpul» ishonchli g‘alabani saqlab qoldi va APL turnir jadvalidagi birinchi o‘rinni mustahkamladi — ikkinchi o‘rindagi «Arsenal» bilan oradagi farq to‘qqiz ochkoni tashkil etmoqda. Arne Slot jamoasi barcha turnirlar doirasidagi g‘alabali seriyasini yetti o‘yinga yetkazdi. «Siti» esa navbatdagi mag‘lubiyatdan keyin kuchli to‘rtlikdan tushib ketdi — peshqadamdan 11 ochkoga ortda qolayotgan «shaharliklar» beshinchi pog‘onada joylashgan.
«Manchester Yunayted» – «Everton» 4:0
Gollar: 1:0 – 34 Reshford, 2:0 – 41 Zirkze, 3:0 – 46 Reshford, 4:0 – 64 Zirkze.
«Manchester Yunayted» – Onana, Martines, de Ligt (Maguayr, 56), Mazraui (Shou, 56), Brunu Fernandesh (Ugarte, 66), Reshford, Diogu Dalot, Kazemiro (Garnacho, 66), Maynu (Maunt, 80), Diallo, Zirkze.
«Everton» – Pikford, Mikolenko, Brentueyt, Tarkovski (O'Brayyen, 82), Yang (Patterson, 73), Guyye (Mangalya, 67), Dukure, Ndiay, Maknil, Lindstrem (Harrison, 67), Betu (Kalvert-Lyuin, 67).
Payshanba kuni «Old Trafford» Ruben Amorimning Angliyadagi ilk g‘alabasiga guvoh bo‘lgandi. Uch kun o‘tib portugaliyalik mutaxassis APLdagi ilk g‘alabasiga ham erishdi. Qolaversa, bu jamoa so‘nggi uch yil ichida ilk bor to‘rt gol farqi bilan g‘alaba qozonishi bo‘ldi, bunaqasi Erik ten Hag boshqaruvi davrida kuzatilmagandi.
Birinchi bo‘limning ikkinchi qismida Brunu Fernandesh ikkita golli assist amalga oshirdi. U murabbiy kim bo‘lishidan qat’i nazar standart vaziyatda original narsa o‘ylab topishi mumkin. Portugaliyalik futbolchi «Everton» vakillarini kornerdan jarima maydoni chizig‘i yaqiniga uzatma berish orqali hayron qoldirdi, u yerda turgan Reshford kuchli zarba berdi va to‘p himoyachilardan biriga tekkan holda yo‘nalishini o‘zgartirib darvozaga borib tushdi. Ikkinchi golli hujumda esa mezbonlarning ajoyib pressingini jamoa o‘yinidagi yangilik deyish mumkin.
Yangi murabbiy boshqaruvida Reshfordning sermahsul o‘yin ko‘rsatishga qaytmoqda, Diallo esa ten Hagning oxirgi haftalarida ham yomon emasdi, ammo yangi sxemada yanada kurashuvchanlik namoyish etmoqda. Bu o‘yindagi ikki golli hujum ham Diallo qanotda to‘pni olib qo‘yishi bilan boshlandi. Lekin mezbonlar uchun barchasi silliq kechmadi: Maynu va Lisandro Martines ortiqcha sariq kartochkalarini olishdi va endi hafta o‘rtasida «Arsenal»ga qarshi kechadigan o‘yinni o‘tkazib yuborishadi.
«Chelsi» – «Aston Villa» 3:0
Gollar: 1:0 – 7 Jyekson, 2:0 – 36 Fernandes, 3:0 – 83 Palmer.
«Chelsi» – Sanches, Kukurelya, Koluill, Fofana (Badyashil, 60), Kaysedo, Fernandes, Laviya (Gyusto, 86), Palmer (Joau Feliks, 86), Sancho (Madueke, 71), Netu, Jyekson (Nkunku, 71).
«Aston Villa» – Martines (Olsen, 46), Din, Pau Torres, Konsa, Kesh, Tilemans, Kamara (Barkli, 62), Makginn, Rodjyers (Duran, 66), Filodjin-Baydeys (Beyli, 66), Uotkins (Buendia, 84).
«Aston Villa» inqirozda. Jamoaning so‘nggi g‘alabasi 22 oktyabr kuni ro‘y bergandi, o‘shanda birminghemliklar Chempionlar ligasida «Bolonya»ni mag‘lub etishgandi. Shundan keyin Unai Emeri jamoasi Liga kubogidan chiqib ketdi, yevrokubokdagi ikki o‘yinda birgina ochko oldi, APLda esa to‘rt turda ikki bor yutqazib, ikki bor durang o‘ynadi. Shuning uchun «Stemford Brij»da barchasi o‘zgarishini kutish qiyin edi.
Umuman olganda, Jyeksonning tezkor golidan keyin hech qanday mo‘jizadan umid qolmadi. Va agar Emiliano Martinesning seyvlari bo‘lmaganida birinchi bo‘limning o‘zida hisob yirik ko‘rinishga kelishi mumkin edi. Shu bilan birga, epizodlardan birida argentinalikning o‘zi Jyeksonga to‘pni topshirib qo‘yib muammo keltirib chiqardi va forvardning oyoqlariga tashlangan holda xatosini tuzatdi. Bo‘lim oxiriga borib Dibu vatandoshi Enso Fernandesning zarbasi qarshisida ojiz qoldi, argentinalik futbolchi Palmer bilan devor uslubida o‘ynab, shvedka zarbasini yo‘lladi.
Martines jarohat tufayli ikkinchi bo‘limga chiqmadi, uning o‘rniga tushgan Ulsen oxirgi daqiqaga qadar qutqarib turdi, ammo Palmer uni baribir dog‘da qoldirdi. Bu ushbu yarimhimoyachining APLdagi 30-goli bo‘ldi, «Chelsi»ning biror futbolchisi 2017 yildan buyon bunday sermahsullik namoyish etmagandi. Ko‘klar turnir jadvalida «Arsenal» bilan yonma-yon ketayotgani va «Manchester Siti»ni ortda qoldirgani bejiz emas.
«Tottenhem» – «Fulhem» 1:1
Gollar: 1:0 – 54 Jonson, 1:1 – 67 Kerni.
«Tottenhem» – Forster, Udodji, Devis, Dregushin, Porro, Meddison (Bergvall, 85), Bissuma, Sarr (Grey, 85), Verner (Kulusevski, 68), Son Hyon Min, Jonson.
«Fulhem» – Leno, Robinson, Bassi, Diop, Tete, Berge, Lukich (Kerni, 62), Nelson (Uilson, 62), Smit-Rou (Kastan, 86), Ivobi (Sessenon, 86), Ximenes (Rodrigo Muniz, 78).
Chetlatish: Kerni (83).
«Tottenhem» «Nottinghem»dan o‘zib ketish va «Brentford» hamda «MYu» bilan oradagi farqni uzaytirish imkoniyatidan foydalana olmadi. Jonsonning mavsumdagi o‘ninchi goli ham yordam bermadi. Uelslik futbolchining goliga Kerni javob qaytardi, u oxirgi marta APL safar o‘yinida o‘n to‘rt yil (!) muqaddam gol urgandi. Ushbu yarimhimoyachi keyinroq qizil kartochka olib, «Fulhem»ning vazifasini qiyinlashtirdi, ammo mehmonlar durang hisobni saqlab qolishdi.
Ispaniya: Jud hal qildi
«Real» – «Xetafe» 2:0
Gollar: 1:0 – 30, penalti Bellinghem, 2:0 – 38 Mbappe.
«Real» – Kurtua, Fran Garsiya, Ryudiger, Asensio, Vaskes, Bellinghem (Gyuler, 46), Sebalyos, Valverde, Braim Dias, Mbappe, Rodrigo (Modrich, 67).
«Xetafe» – Soriya, Riko, Berrokal (Santyago, 78), Duarte, Iglesias, Karles Peres (Sola, 66), Alderete, Milya, Niom (Uche, 46), Arambarri (da Kosta, 46), Rodriges (Peter Federiko, 89).
O‘yindan oldin Opta «Real»ning natijalari jarohat olgan Vinisius Juniorga qaram bo‘lib qolmasligini ko‘rsatuvchi o‘ziga xos statistikani keltirdi. U maydonda ekanida madridliklar o‘yinlarining 64,5 foizida g‘alaba qozongan. Usiz — 67,6 foizida va «Xetafe» bilan uchrashuvdan keyin bu ko‘rsatkich yanada yaxshilandi. Karlo Anchelotti Rodrigo va Lukas Vaskes safga qaytganidan yengil tin oldi, bu Valverdeni o‘ng qanot himoyachisi pozitsiyasidan maydon markaziga qaytarishga imkon berdi.
Yana bir ijobiy holat — Bellinghem formasini yaxshilayotganida, u yakshanba kuni hisobni ochishdan tashqari bitta pas bilan raqib himoyachilarini dog‘da qoldirib, Mbappeni golli vaziyatga chiqardi. Angliyalik yarimhimoyachi darvozabon bilan to‘qnashuv tufayli ikkinchi bo‘limga chiqmadi. Unda jiddiy jarohat yo‘q, ammo murabbiylar shtabi miya chayqalishi gumoni tufayli asrashga qaror qilishdi. Jud birinchi bo‘limda bajargan ishlar esa rejadagi g‘alaba uchun yetarli bo‘ldi.
Madridliklar hisobni yirik ko‘rinishga keltirishi mumkin edi. Braim ajoyib imkoniyatdan foydalana olmadi, Soriya Valverdening uzoqdan yo‘llagan kuchli zarbasini qaytardi, Mbappe esa umuman g‘alati ish qildi: darvozabon bilan yakkama-yakka vaziyatga chiqib bordi, uni aldab o‘tdi, o‘ngroqqa ko‘chdi va shunchaki zarba berishni cho‘zib yuborib, olis burchakni aniq nishonga ololmadi.
Keyin yana bir vaziyatdan foydalana olmadi — bu safar Soriya duelda ustun keldi. Unda yangi jamoaga moslashish davom etmoqda.
«Real» xotirjamlik bilan g‘alaba qozonib, «Atletiko»ni bir ochkoga ortda qoldirmoqda va turnir jadvali peshqadami «Barselona»ni atigi bir ochkolik farq bilan ta’qib qilmoqda — «Valensiya»ga qarshi qoldirilgan uchrashuvdagi g‘alaba esa birinchi o‘ringa olib chiqadi.
Italiya: yana bir futbolchi hushini yo‘qotdi
Italiya chempionatining 14-turida «Fiorentina» va «Inter» o‘rtasidagi markaziy uchrashuv oxiriga yetmay qoldi. Birinchi bo‘limning 17-daqiqasida tibbiyot xodimlari mezbonlarning 22 yoshli yarimhimoyachisi Edoardo Bovega yordam ko‘rsatish uchun maydonga chiqib keldi.
Futbolchi hushini yo‘qotib, gazonga yiqildi va harakatsiz yotdi. Uning atrofida ikki jamoa futbolchilari to‘plandi va uni kameralardan to‘sib turishdi. Ayrim futbolchilarning ko‘zlari yoshlandi.
Keyin Boveni zambilga solib, burchakdagi bayroqcha oldiga olib borishdi, bu yerda tez yordam mashinasi kutib turgandi va futbolchi shoshilinch tarzda shifoxonaga olib ketildi.
O‘yin arbitri Daniele Doveri darhol uchrashuvni to‘xtatib, jamoalarni tribunalar ostiga olib ketdi. Keyinroq o‘yinni boshqa kunga qoldirish haqida qaror qabul qilindi: futbolchilar ham, tomoshabinlar ham hodisadan shok holatiga tushgandi.
«Fiorentina» klubining oxirgi xabariga ko‘ra, italiyalik futbolchi o‘ziga kelgan, ammo hamon farmakologik tinchlantirish ostida jonlantirish bo‘limida davolanmoqda.
«Bove barqaror gemodinamik holatda keltirilgan va dastlabki kardiologik hamda nevrologik tekshiruvlar natijasida markaziy asab tizimi va yurak-nafas tizimida o‘tkir shikastlanish yo‘qligi aniqlangan», deyilgan xabarda.
Bove «Roma» tarbiyalanuvchisi hisoblanadi, Italiya yoshlar jamoasida 14 o‘yin o‘tkazgan, «Fiorentina»ga 2024 yil yozida o‘tgan. A Seriyaning joriy mavsumida 11 o‘yinda maydonga tushib, bir golga mualliflik qilgan.
«Fiorentina» A seriiyada uchinchi o‘rinda bormdqda. Jamoa 13 turda 28 ochko to‘plagan. «Inter»da ham shuncha, ammo milanliklar hozircha qo‘shimcha ko‘rsatkichlar evaziga «fialkalar»dan oldinda.
«Parma» – «Latsio» 3:1
Gollar: 1:0 – 6 Man, 2:0 – 53 Hoj Muhammad, 2:1 – 80 Kastelyanos, 3:1 – 90+1 Del Prato.
«Parma» – Sudzuki, Valeri, Balog, Leoni (Eno, 71), Del Prato, Zom, Keyta (Esteves, 46), Kancheliyeri (Benedichak, 82), Hoj Muhammad (Kamara, 70), Man, Bonni (Sharpante, 46).
«Latsio» – Provedel, Pellegrini, Romanioli, Xila, Ladzari (Marushich, 82), Dele-Bashiru (Pedro, 46), Rovella (Noslin, 89), Genduzi, Dzakkani, Kastelyanos, Isaksen (Tshauna, 65).
«Torino» – «Napoli» 0:1
Gol: 0:1 – 31 Maktominey.
«Torino» – Milinkovich-Savich, Mazina (Sosa, 76), Koko, Valyukevich, Voyvoda (Karamo, 75), Gineytis, Linetti (Vlashich, 64), Richchi, Pedersen (Lazaro, 46), Sanabriya (Ndji, 64), Adams.
«Napoli» – Meret, Olivera, Buondjorno, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Lobotka, Zambo-Angissa (Folorunsho, 87), Kvaratsxeliya (Neres, 80), Lukaku (Simeone, 87), Politano (Spinatssola, 75).
Yakshanba kungi birinchi o‘yinda «Latsio» kutilmaganda Parmada mag‘lubiyatga uchradi. Rimliklar besh g‘alabadan iborat seriyani to‘xtatdi va kuchli to‘rtlikdan tushib ketdi. «Napoli» esa raqiblarining natijalaridan qat’i nazar birinchi o‘rinda qolishini ta’minladi. Hal qiluvchi hujumda Kvaratsxeliya ikki himoyachi orasidan jarima maydoniga kirib bordi va to‘pni Maktominayning oyog‘iga tashlab berdi. Antonio Konte jamoasi uchun hisobni ochib olganidan keyin uch ochkoni saqlab qolish muammo emas va jamoa to‘qqizinchi marta darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Bu mavsumda top-5 ligalarda bundan ko‘proq «quruq» o‘yinni faqat «Yuventus» o‘tkazgan, ammo turinliklardan farqli o‘laroq neapolitanliklar gol ham urishmoqda. Har doim ham ko‘p emas, to‘rt bor 1:0 hisobida g‘alaba qozonilgan — ammo bu turnir jadvalida 12 ochko degani.
«Lechche» – «Yuventus» 1:1
Gollar: 0:1 – 68 Kambiyazo, 1:1 – 90+3 Rebich.
«Lechche» – Falkone, Gallo (Perotti, 84), Baskirotto, Gashpar, Gilber, Ramadani (Kaba, 75), Kulibali, Morente (Rebich, 75), Dorgu, Rafya (Uden, 81), Krstovich.
«Yuventus» – Perin, Kambiyazo, Kalulu, Gatti (Ruhi, 63), Danilo, Tyuram (Fadjoli, 63), Lokatelli, Yildiz (Mbangula, 75), Kopmeyners, Fransishku Konseysau (Pugno, 84), Vea.
O‘yin kunini «Yuventus» yopib berdi, jamoa asosiy to‘purari Vlahovichsiz o‘ynashda davom etmoqda. Turnir jadvalining quyi qismidagi raqibni usiz ham mag‘lub etish mumkindek ko‘ringandi. Birinchi bo‘limda hisob ochilmay qoldi, Fransishku Konseysauning zarbasi ustunga tegdi. Tanaffusdan keyin esa Kambiyazo mehmonlarni hisobda oldinga olib chiqdi, ammo Italiyaning eng yaxshi mudofaasi qo‘shimcha daqiqalarda xatoga yo‘l qo‘ydi. Krstovich qanotdan uzatma berdi, bu mavsumni «Lechche» safida o‘tkazayotgan Rebich Italiyadagi sevimli jamoasi darvozasiga navbatdagi golini urdi (jami 5 gol). «Keksa siniora» turnir jadvalida «Latsio»ni quvib o‘tish imkoniyatidan foydalana olmadi va oltinchi o‘rinda qoldi. Bu turinliklar uchun joriy yil boshidan buyon 18 bor durang o‘ynashi bo‘ldi, bunaqasi tarixda birinchi marta ro‘y bermoqda.
Germaniya: «Ayntraxt» «Bavariya»ga yaqinlashmoqda
«Haydenhaym» – «Ayntraxt» F 0:4
Gollar: 0:1 – 22 Marmush, 0:2 – 49 Shaibi, 0:3 – 58 Marmush, 0:4 – 90+4 Ekitik.
«Haydenhaym» – Myuller, Gimber, Maynka, Melouni (Shimmer, 55), Ferenbah, Dorsh (Bek, 82), Sheppner, Bush, Siyenza (Honzak, 55), Vanner (Konte, 46), Kaufmann (Broynig, 68).
«Ayntraxt» F – Trapp, Teate, Kox, Tuta (Kollinz, 68), Kristensen, Braun (Ekitik, 73), Larsson (Heylund, 79), Sxiri, Gyotse (Knauff, 68), Marmush, Matanovich (Shaibi, 46).
Ogohlantirishlar: Tuta (33), Teate (90+3).
«Ayntraxt» sur’atni tushirmayapti, «Haydenhaym»da esa bu jamoaga qarshi turish uchun shunchaki kuch va resurslar yetishmadi. Debyut mavsumida sensatsiya ko‘rsatib yevrokuboklarga yo‘llanma olganidan keyin bu jamoa toliqib qoldi. Noyabr va dekabr oralig‘idagi tig‘iz taqvimda jamoa to‘qqiz kun ichida «Bayyer» (2:5), «Chelsi» (0:2) va «Ayntraxt» bilan o‘ynashiga to‘g‘ri keldi. Yakunda Dino Toppmeller jamoasi g‘alabali seriyasini (7) davom ettirib, «Bavariya» bilan oradagi farqni to‘rt ochkogacha qisqartirdi. Dubl qayd etgan Marmush esa o‘n uch turdan keyin «bir o‘yinda bir gol» grafigi bo‘yicha ketmoqda.
Kun statistikasi
«Liverpul» hujumchisi Muhammad Saloh «Manchester Siti» bilan o‘yinlardagi 12-golini urdi — u Xosep Gvardiola jamoasiga qarshi o‘yinlardagi eng yaxshi to‘purar.
«Lill» hujumchisi Jonatan Devid yil boshidan buyon urgan gollari sonini 34 taga yetkazdi. Klub tarixida so‘nggi 75 yillikda bu Fernan Devlaminkadan keyingi ikkinchi natija, u 1957 yilda jamoa raqiblari darvozalariga 39 bor to‘p kiritgandi.
Saloh Angliyadagi faoliyati davomida 36 o‘yinda ham gol urib, ham golli uzatma muallifi bo‘lgan. Misrlik bu borada Ueyn Runi tomonidan o‘rnatilgan APL rekordini takrorladi.
«Manchester Siti» o‘yindagi birinchi zarbasini yo‘llashi uchun 39 daqiqa talab etildi. Bu 2010 yil aprelidan buyon maksimal natija, o‘shanda «Arsenal» «shaharliklar»ga faqat 58-daqiqaga kelib ilk zarbani yo‘llashga imkon bergandi.
«MYu» yarimhimoyachisi Brunu Fernandesh APLdagi golli uzatmalari sonini 36 taga yetkazdi. U Bernardu Silvani ortda qoldirib, turnir tarixidagi eng yaxshi portugal assistentga aylanib oldi.
«Liverpul» APLdagi uy o‘yinlarida birinchi bo‘limdan keyin hisobda oldinda borganida 149 o‘yindan buyon yutqazmagan. Ayni vaqtda bu seriya qatorasiga 31 uy g‘alabasini ham o‘z ichiga oladi.
«Lion» hujumchisi Lyakazett top-5 ligalardagi gollari sonini 205 taga yetkazdi. Bu fransuz futbolchilari orasida yettinchi natija, reytingni Karim Benzema boshqarmoqda (281).
Tibo Kurtua «Real» safida 250-o‘yinini o‘tkazdi.