Ispaniya kompaniyasi Buxoroda ko‘ngilochar majmua quradi

O‘zbekiston 13:04 / 02.12.2024 1285

Tomonlar Ispaniya delegatsiyasining O‘zbekistonga safari yakunlarini, qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning borishini muhokama qildilar. Bo‘lib o‘tgan safar ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlashda muhim bosqich bo‘lgani ta’kidlandi. Uning doirasida 80 dan ortiq uchrashuvlar o‘tkazildi va muhim kelishuvlarga erishildi.

Xususan, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish, shuningdek, Ispaniyaning Alcobendas HUB modelini joriy etish bo‘yicha Tashkent Pharma Park aksiyadorlik jamiyati bilan sheriklikni rivojlantirish istiqbollari, jumladan, pudratchi formatidagi hamkorlik va autsorsing masalalari muhokama qilindi.

Samarqand shahrida O‘zbekiston mahsulotlarini Yevropa bozorlariga yetkazib berishni yanada rivojlantirish maqsadida mahalliy hunarmandlar, zargarlar, to‘qimachilik korxonalari uyushmalari bilan aloqalar yo‘lga qo‘yildi.

Oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, O‘zbekiston mahsulotlarining Yevropaga eksporti hajmini oshirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

Buxoroda suv bo‘yida ko‘ngilochar majmua qurish, farmatsevtika ishlab chiqarishini modernizatsiya qilish kabi yirik loyihalarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi. Savdo-sanoat palatasining hududiy bo‘limi bilan konsessiyalarga asoslangan suvni tozalash loyihalari, shuningdek, DXSh formatida hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston iqtisodiyotining muhim tarmoqlariga investitsiya kiritish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish uchun yangi istiqbollarni ochishga yordam beradigan kelishuvlarni ilgari surish muhimligini ta’kidladilar.

Ko‘proq yangiliklar: