Gvineyaning Nzerekore shahridagi o‘yinda fanatlarning keng ko‘lamli mushtlashuvi ro‘y berdi va bu o‘nlab kishilar o‘limiga olib keldi. Afrikaning ushbu mamlakatidagi eng yirik shaharlardan biridagi shifoxonalar va o‘likxonalar to‘lib ketgan, bosh vazir esa aholini tinchlantirishga urinmoqda.
Nimalar bo‘ldi?
Hodisa Nzerekore va Labedagi klublar o‘rtasidagi o‘yin chog‘ida ro‘y bergan. Bosh hakam jamoalardan birining futbolchisiga qizil kartochka ko‘rsatgan, keyin esa penalti belgilagan. Referining qarorlari muxlislarga yoqmagan va ular maydonga yugurib chiqishgan: ikki tomon muxlislari bir-biri bilan mushtlashgan va toshbo‘ron qilishgan.
«Barchasi hakamning bahsli qaroridan boshlandi. Keyin fanatlar maydonga chopib kirishdi», — deya guvohlardan iqtibos keltiradi Agence France-Presse.
Politsiya fanatlarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llagan. Ultras a’zolari stadiondan qochib chiqqan va chiqish joyida tiqilinch yuzaga kelgan. Ko‘pchilik nafas ololmay bo‘g‘ilib yoki ko‘chaga sakrab tushishga uringanida arena devorlaridan yiqilib halok bo‘lgan.
Keyinroq g‘azabnok muxlislarning bir guruhi politsiya uchastkasiga hujum qilib, uni yoqib yuborgan. Bu esa shusiz ham og‘ir vaziyatni og‘irlashtirgan. Qurbonlar soni ortgan.
O‘likxona va shifoxonalar to‘lib-toshgan
Mamlakat hukumati ma’lumotiga ko‘ra, hodisa qurbonlarining jami soni 56 kishini tashkil etgan. Hukumat matbuot xizmati hozircha mutaxassislar faqat shahardagi o‘likxona va shifoxonalarga keltirilganlar hisobga olingan. Qurbonlar soni ortishi mumkinligi istisno qilinmayapti.
Shifokorlardan birining so‘zlariga ko‘ra, mahalliy shifoxona o‘likxonasi to‘lib-toshgan. «Jasadlar xonaga qator qilib terib qo‘yilgan. Qolganlari koridorlarda yotibdi», — degan u jurnalistlarga.
Gvineya bosh vaziri Amadu Uri Ba ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida hududiy rasmiylar shaharda tartibni tiklash uchun bor imkoniyatni ishga solayotgani haqida ma’lum qilgan.
«Hukumat vaziyatni kuzatib bormoqda va yana bir bor tibbiy xizmatlar jabrlanuvchilarga birinchi yordam ko‘rsatishiga xalaqit bermaslik uchun xotirjamlikka chaqiradi», — deya qayd etgan mulozim.
Mahalliy muxolifat voqea yuzasidan tekshiruv o‘tkazishga chaqirgan. Ularning qo‘shimcha qilishicha, turnir harbiy yetakchi, Gvineya vaqtincha prezidenti polkovnik Mamadi Dumbuyaning «noqonuniy va noo‘rin» siyosiy ambitsiyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tashkil etilgan. 2021 yilda mamlakatda harbiy to‘ntarish sodir bo‘ldi va shundan beri Gvineya amalda harbiylar tomonidan boshqarilmoqda. Hissiyotlar junbishga kelishining sababi bu ushbu turnir finali edi.