So‘nggi 30 yil ichida dunyoda qandli diabet bilan kasallanganlar soni ikki baravar ko‘payib, 800 milliondan oshdi. Bu haqda xalqaro tadqiqot ma’lumotlariga tayanib The Guardian xabar bermoqda.
Lancet jurnalida chop etilgan global tahlil natijalariga ko‘ra, 1990 yildan 2022 yilgacha bo‘lgan davrda katta yoshli aholi orasida qandli diabet kasalligi tarqalishi 7 foizdan 14 foizgacha oshib, ikki baravarga ko‘paygan. Eng yuqori ko‘rsatkichlar past va o‘rta daromadli mamlakatlarda kuzatilgan.
Ushbu tadqiqot barcha mamlakatlarda qandli diabet va uni davolash ko‘rsatkichlarining ilk global tahlili bo‘ldi. NCD-RisC olimlari Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti bilan hamkorlikda turli mamlakatlarda o‘tkazilgan 1000 dan ortiq tadqiqotlarni tahlil qildi. Ularda ishtirok etgan 18 va undan katta yoshli 140 milliondan ziyod odamning ma’lumotlaridan foydalanildi. Mamlakatlar va mintaqalar o‘rtasida kasallikning tarqalishi va davolash usullarini yuqori aniqlikda taqqoslash uchun statistik vositalar qo‘llandi.
Tadqiqotda, shuningdek, sog‘liqni saqlash sohasida tengsizlik tobora ortib borayotgani aniqlandi. Dunyo bo‘ylab qandli diabetga chalinish holatlarining yarmidan ko‘pi to‘rtta mamlakatga to‘g‘ri kelmoqda. 2022 yilda qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarning chorak qismidan ortig‘i (212 million) Hindistonda, 148 millioni Xitoyda, 42 millioni AQShda va 36 millioni Pokistonda yashovchilar bo‘lgan. Indoneziya va Braziliyada esa mos ravishda 25 million va 22 million holat qayd etilgan.
Tinch okeani, Karib dengizi, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikaning ayrim orol davlatlarida ayollar va erkaklarning 25 foizdan ortig‘i qandli diabet kasalligidan aziyat chekmoqda. Shu bilan birga, yuqori daromadli G‘arb mamlakatlari orasida AQSh (12,5 foiz) va Buyuk Britaniyada (8,8 foiz) qandli diabet bilan kasallanishning eng yuqori ko‘rsatkichlari qayd etilgan.
Aksincha, 2022 yilda qandli diabet tarqalishi Fransiya, Daniya, Ispaniya, Shveytsariya va Shvetsiyada ayollar orasida atigi 2-4 foizni, Daniya, Fransiya, Uganda, Keniya, Malavi, Ispaniya va Ruandada erkaklar orasida 3-5 foizni tashkil etgan.
Dunyo aholisining qarishi fonida semizlik bilan og‘rigan odamlar sonining ko‘payishi sabab diabet xavfi ortib bormoqda.
“Qandli diabetning nogironlikka va o‘limga sabab bo‘lishi mumkin bo‘lgan oqibatlarini hisobga olsak, sog‘lom ovqatlanish va jismoniy mashqlar yordamida diabetning oldini olish butun dunyoda sog‘liqni saqlash uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega”, — dedi Hindistondagi Madras diabet tadqiqotlari jamg‘armasi hammuallifi va prezidenti doktor Ranjit Mohan Anjana.
“Natijalarimiz, ayniqsa past daromadli hududlarda, yanada qat’iyroq choralar ko‘rish zarurligini ko‘rsatadi. Bular nosog‘lom ovqat iste’molini cheklash, sog‘lom ovqatlarni arzonlashtirish va sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini yaxshilashdan iborat bo‘lishi kerak. Bunga sog‘lom ovqatlar uchun subsidiyalar va maktablarda bepul tushlik joriy etish, shuningdek sayr va sport maydonchalarini targ‘ib qilish, jumladan, jamoat bog‘lari va fitnes markazlariga bepul kirish imkoniyatini yaratish kabi tadbirlar orqali erishish mumkin”.
Tadqiqotga ko‘ra, qondagi qand miqdorini pasaytirish uchun samarali dorilar borligiga qaramay, muolaja yo‘qligi tengsizlikning kuchayishiga olib kelmoqda. Daromadi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda davolanish ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilangan. 2022 yilda ularda katta yoshdagi diabet bilan og‘rigan bemorlarning 55 foizdan ortig‘i davolangan bo‘lsa, past va o‘rta daromadli ko‘plab mamlakatlarda davolanayotganlar ulushi yomonligicha qolgan.
Natijada, 2022 yilda 30 va undan katta yoshli bemorlarning yarmidan ko‘pi (445 million yoki 59 foiz) muolaja olmagan.
Tadqiqot yetakchi muallifi, London Imperial kolleji professori Majid Ezzati shunday dedi: “Past daromadli mamlakatlarda diabetga chalingan odamlar odatda yosh bo‘ladi. Agar samarali davolanmasa, ular umr bo‘yi davom etadigan asoratlar xavfi ostida qoladi. Bu asoratlarga oyoq-qo‘llarning kesilishi, yurak kasalliklari, buyrak zararlanishi yoki ko‘rish qobiliyatining yo‘qolishi, ba’zi hollarda esa erta o‘lim ham kiradi”.
JSST bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyyesus ham tadqiqot natijalariga fikr bildirdi: “So‘nggi o‘ttiz yil davomida qandli diabet kasalligining tashvishli darajada ko‘payishiga guvoh bo‘lyapmiz. Bu holat semizlik ortishi, nosog‘lom oziq-ovqatlar marketingining salbiy ta’siri, jismoniy faollik yetishmasligi va iqtisodiy qiyinchiliklar tufayli yanada kuchaymoqda”.
Qandli diabetni o‘rganish bo‘yicha Yevropa assotsiatsiyasi prezidenti Shantal Mate ushbu kasallik sog‘liqni saqlash bilan bir qatorda iqtisodiyot uchun jiddiy xavf tug‘dirishini ta’kidladi.
Uning qo‘shimcha qilishicha, siyosatchilar “profilaktika strategiyalarini qo‘llashi, skrining imkoniyatlarini kengaytirishi va uzoq muddatli boshqaruvni takomillashtirish tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashi zarur”.