Quyida BBC sharhlovchisi Sebastian Asherning Suriya shimolidagi so‘nggi voqealar bo‘yicha materiali tarjimasi keltiriladi.
Kutilmagan yurish Suriya hukumati qo‘shinlarining Halabdan olib ketilishiga sabab bo‘ldi, ko‘p yillardan buyon Asad rejimini qo‘llab-quvvatlab kelayotgan Rossiya aviatsiyasi esa 2016 yildan buyon ilk bor yana ushbu shaharni bombardimon qilishda ishtirok etishni boshladi.
Yurishga «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchilik qilmoqda — bu guruh ko‘p yillardan buyon Suriya mojarosida ishtirok etib keladi.
Suriya Inson huquqlari bo‘yicha kuzatuv kengashi ma’lumotlariga ko‘ra, hujumga Turkiya tomonidan qo‘llab-quvvatlangan bir nechta isyonchi guruhlar ham qo‘shilgan. Turkiya tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan esa buni inkor etdi.
«Hay’at Tahrir ash-Shom» qanday guruh?
«Hay’at Tahrir ash-Shom» (Hsh), yoki «Levantni ozod etish tashkiloti»ga 2011 yilda asos solingan. O‘shanda u «Jabhat an-Nusra» (An-Nusra fronti) deb atalardi va «Al-Qoida» terrorchilik tashkilotining to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkori bo‘lgan.
Hsh tashkilotchilaridan biri keyinchalik IShID rahbariga aylangan Abu Bakr al-Bag‘dodiy edi.
Hsh Suriyadagi fuqarolik urushi davrida prezident Asadga qarshi chiqqan eng xavfli guruhlardan biri bo‘lgan.
Ammo uning harakatlanuvchi kuchi baribir inqilobiy jo‘shqinlikdan ko‘ra ko‘proq jihodchilik mafkurasi edi. Bu esa Ozod Suriya bayrog‘i ostida harakatlanuvchi isyonchilarning asosiy koalitsiyasi niyatlariga zid kelardi.
2016 yilda esa guruh rahbari Abu Muhammad al-Jo‘laniy terrorchi tashkilot tamg‘asidan xalos bo‘lish uchun oshkora tarzda «Al-Qoida»dan ajralib chiqib, «Jabhat an-Nusra»ni tarqatib yubordi va yangi tashkilot tuzdi, oradan bir yil o‘tib o‘zi kabi kichik guruhlar bilan birlashgan holda «Hay’at Tahrir ash-Shom» nomini oldi.
Suriyani kim nazorat qiladi?
So‘nggi to‘rt yil mobaynida Suriyadagi urush mohiyatan tugagandek ko‘ringandi.
Prezident Bashar Asad mamlakatning yirik shaharlarini nazorat qilayotgandi, shu bilan bir vaqtda Suriyaning ayrim chekka hududlari bevosita uning bo‘ysunuvi ostida emasdi.
Bunday hududlar sirasiga kurd aholi ko‘pchilikni tashkil etadigan sharqdagi hududlar ham kiradi, ular mojaroning boshlang‘ich davridan buyon Suriya hukumati nazoratida bo‘lmagan.
Suriya janubida, 2011 yilda Asad boshqaruviga qarshi inqilobiy chiqishlar boshlangan hududda tartibsizliklar bo‘lib turadi, ammo oldingi kabi faol emas.
Suriyaning keng sahrolarida hamon IShID uyalari yashiringan. Odamlar tryufel (qo‘ziqorin turi) yig‘ish mavsumida
ushbu hududga kelganida xavfdan xoli bo‘lmaydi.
Mamlakat shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyati esa to‘lig‘icha muxolifat qo‘lida, ular urush yakunida ushbu hududga siqib chiqarilgandi.
Idlibdagi asosiy kuch esa – aynan shu kunlarda Halabga kutilmagan yurishni amalga oshirgan Hsh hisoblanadi.
Shafqatsiz ichki kurash
Suriya hukumati viloyat ustidan nazoratni tiklashga urinarkan, Idlib bir necha yil mobaynida janglar maydoni bo‘lib qoldi.
Ammo 2020 yilda Asadning uzoq yillik ittifoqchisi Rossiya va isyonchilarni qo‘llovchi Turkiya vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolandi. Shu vaqtga qadar unga amal qilib kelinayotgandi.
Idlib viloyatida 4 mln kishi istiqomat qiladi — ularning aksari Asad kuchlari vayrongarchilik urushlarida isyonchilardan qaytarib olgan shaharlarni tark etgan.
Halab shunday qonli jang maydonlaridan biri bo‘lgandi va isyonchilar aynan shu yerda eng yirik mag‘lubiyatini qabul qilib olgandi.
G‘alabaga erishish uchun Asad havoda Rossiya aviatsiyasiga, quruqlikda Eron ta’siridagi kuchlarga tayandi. Ular safiga Livandagi «Hizbulloh» guruhi ham kirardi.
Shubha yo‘qki, «Hizbulloh» oldingi oylarda Isroilning Livandagi yurishi tufayli bergan yo‘qotishlar, shuningdek, Isroil Suriyadagi eronlik qo‘mondonlarga yo‘llagan aviazarbalar Idlibdagi isyonchi kuchlar Halabda kutilmaganda muvaffaqiyatli hujum amalga oshirishida muhim rol o‘ynadi.
26 noyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, keyin esa AQSh prezidenti Jo Bayden Isroil va Livan o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvga erishilganini e’lon qildi.
«Hizbulloh» mojaroda hukumat qo‘shinlari tomonida turgan Eron bilan ham, Bashar Asad rejimining o‘zi bilan ham yaqin aloqada. Ba’zi hisob-kitoblarga ko‘ra, Suriyadagi urush davrida «Hizbulloh» Asadga 10 minggacha askar bergan, ammo ularning aniq sonini aniqlash imkonsiz.
Hozirda «Hizbulloh»ning imkoniyatlari minimal darajada, agar Isroil bilan uzoq muddatli sulh tuzilsa, u o‘z kuchlarini tiklashi mumkin. AQShning Suriyadagi so‘nggi elchisi Robert Fordning fikricha, Isroilning Suriya va «Hizbulloh» obektlariga bir necha oy davom etgan zarbalari isyonchilarga oldinga siljish imkonini beradigan omildir. Asadning yana bir ittifoqchisi Rossiya ham ikki yarim yildan ko‘proq vaqtdan beri davom etayotgan Ukrainaga qarshi urush tufayli qiyinchiliklarni boshdan kechirmoqda. Asadga yordam berishi mumkin bo‘lgan Eron ham hozir Isroil bilan qarama-qarshilikda. Masalan, Isroil mudofaa armiyasi 26 oktyabrga o‘tar kechasi Erondagi harbiy obektlarga bir qator havo hujumlarini amalga oshirgandi.
AQShda joylashgan Yaqin Sharq institutining Suriya bo‘yicha tahlilchisi Charlz Listerning fikricha, Rossiya ham, Turkiya ham mojaroga kirishishi xavfi mavjud: har bir davlatning mintaqada himoya qilinishi kerak bo‘lgan o‘z manfaatlari bor. 30 noyabr kuni Rossiya TIV ikki davlat tashqi ishlar vazirlari telefon orqali muloqot qilib, «Suriyadagi mavjud vaziyatni muhokama qilgani»ni ma’lum qildi. «Har ikki tomon ham Halab va Idlib viloyatlarida harbiy eskalatsiya tufayli Suriyadagi vaziyatning xavfli rivojlanishidan jiddiy xavotir bildirdi», deyiladi Rossiya TIV matbuot relizida.
Charlz Listerning so‘zlariga ko‘ra, yana bir xavf — bu IShID aralashuvi bo‘lib, ular sodir bo‘layotgan voqealarda mintaqaga to‘liq qaytish imkoniyatini ko‘rishi mumkin. IShID Suriyadagi so‘nggi platsdarmini 2019 yilda boy bergandi, ammo tashkilotning mamlakatda uyqudagi yacheykalari qolgan.
Hsh jangarilari Idlibda yaxshi mustahkamlangan tayanch hudud yaratishdi va amalda bu yerdagi ma’muriyat vazifasini bajarishdi.
Hsh viloyatdagi boshqa guruhlar bilan shiddatli kurashlarda ishtirok etdi, ammo uning ambitsiyalari noaniqligicha qolayotgandi.
«Al-Qoida» bilan aloqalarini uzganidan keyin guruhning maqsadi butun mintaqada xalifalik tuzish emas (IShIDning bunga urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlangandi), faqat Suriyaning o‘zida diniy boshqaruv o‘rnatish bilan cheklangandi.
Hozirga qadar Hsh Suriyadagi mojaroni keng miqyosda qayta qo‘zg‘atishga va mamlakatning katta qismi bo‘ylab Asad boshqaruviga qarshi yana tahdid solishga urinish niyatini bildirmagandi. Ammo so‘nggi kunlardagi voqealar hammasini o‘zgartirib yuborishi mumkin.