Kanada tog‘larida adashib qolgan 20 yoshli Sem Benastik oradan 50 kun o‘tgach qutqarildi, deb xabar beradi The Guardian.
Oyog‘iga uxlash uchun mo‘ljallangan qop parchalarini o‘rab, tayoqqa suyangan holda harakatlanib yurgan ozg‘in yigitni neft kompaniyasi ishchilari payqab qolgan: ular bir hafta davomida mahalliy hududda tadqiqot ishlarini olib borayotgan bo‘lgan. Bu vaqtga kelib Benastikni qidiruv ishlari rasman yakunlangan edi.
Turist kompaniya xodimlari tomonidan yordam ko‘rsatilgach, otasiga qo‘ng‘iroq qilgan.
Kanada qirollik otliq politsiyasi hozirda yigit shifoxonaga joylashtirilganini tasdiqlagan. Uni sovuq urgan, bundan tashqari, vaqtinchalik boshpanasi yonib ketgan vaqtda tutundan zaharlangan.
Benastik 7 oktyabr kuni Redfern-Keyli bog‘idan safarga chiqqan va u o‘z turi 10 kun davom etishini rejalashtirgan. Biroq 17 oktyabr kuni Sem uyiga qaytmagan va yigitning qarindoshlari uni bedarak yo‘qolgan deya e’lon qilgan.
Redfern-Keyli provinsial bog‘i Qoyali tog‘larning shimoliy qismida joylashgan bo‘lib, 80 ming gektar maydonni egallaydi. U yerda Alp o‘tloqlari, o‘rmonlar, cho‘qqilar, muzliklar, sharsharalar, ko‘llar mavjud. Bog‘ eng yaqin avtomobil yo‘lidan 80 kilometr uzoqlikda — u yerda ob-havo tez-tez o‘zgarib turadi, oxirgi uch kunda harorat -20 darajada tushib ketgan va qor yog‘gan.