​​​​​​​Kunlar soviyapti: Toshkent shahriga iflos havo yana qaytadimi?

O‘zbekiston 12:01 / 29.11.2024 7281

Havo sovishi bilan Toshkent shahrida havo sifati tushishni boshladi. Bosh prokuratura sanoat korxonalari filtr o‘rnatishni paysalga solayotganini aytyapti. Tegishli qarorga qaralsa, filtr o‘rnatish 2025 yilning oxiriga boribgina hal qilinadiganga o‘xshaydi.

Filtrsiz korxonalar

Noyabr boshidan beri Toshkent shahri havosi bir necha bor qizil (xavfli) va binafsharang (o‘ta xavfli) darajaga chiqdi. Bunga bosh rejaning yo‘qligi, avtomashinalarning ko‘paygani va yana boshqa faktorlar sabab bo‘lyapti. Lekin muammoning aynan kuz-qish oylarida rekord darajada tez-tez takrorlanishining bosh sababi – Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxona hamda sanoat zonalaridan chiqayotgan zahar. Obektlar gaz o‘rniga ko‘mir va mazut yoqishga majbur. Bu esa zaharni ko‘paytiryapti, yana ham yomonrog‘i – shu obektlarda zaharni tutib qolish uchun filtr o‘rnatilmaganida. O‘tgan yili parlamentga chaqirilgan ekologiya vaziri Aziz Abduhakimov bu muammoni tan olgandi.

O‘tgan yili nima bo‘lgandi?

2023 yilning oxiri va 2024 yilning boshida Toshkent shahri havosida PM2,5 zaharli zarrachalar me’yordan bir necha barobar oshgandi. Vaziyat shahardagi ko‘p obektlar gaz o‘rniga ko‘mir va mazut yoqishga o‘tganidan keyin yomonlasha boshladi. Bu shahar aholisini tashvishga solib qo‘ygach, 30 yanvarda vazir parlamentga chaqirilib, hisobot bergandi. Vazirga shahar atrofidagi ko‘mir yoqayotgan mingdan ortiq issiqxonalar, 25 ming ovqatlanish shoxobchalariga qarshi chora ko‘riladimi, deb savol berilgandi. Abduhakimov vazirlik 1,5 oy davomida o‘rganish o‘tkazgani va qisqa muddatda qozonxonalarga filtrlar o‘rnatish masalasi ko‘rib chiqilishini qo‘shimcha qilgandi.

Keyinroq Gazeta.uz’ga bergan intervyusida esa filtr o‘rnatmagan korxonalarga ko‘rilayotgan choralar juda yengil ekanini aytib, ularga qarshi moliyaviy sanksiyalar 5-10 marotaba ko‘paytirilayotganini ma’lum qilgan.

Toshkent shahri atrofida yashil belbog‘ emas, kulrang belbog‘ paydo bo‘lgan. Bunga esa ko‘mirga o‘tgan issiqxonalar sabab. Shahar atrofida 1300 dan ortiq issiqxonalar bo‘lib, ularning ko‘plari ko‘mirda isitishga o‘tgan. Lekin ming afsuski, ular ekologik ekspertiza xulosasida ko‘rsatilganidek filtrlar o‘rnatmasdan, to‘g‘ridan to‘g‘ri ko‘mirlarni yoqib, havoga juda ko‘p zararli moddalar chiqaryapti”, – degan vazir intervyusida.

Vaziyat nega o‘zgarmayapti?

Biroq 2024 yilda ham ko‘mir yoqayotgan issiqxonalar ta’siri kamaymayapti. Noyabr oyi boshida Yunusobodda havo sifati 780  mkg/m3 ifloslanish darajasiga chiqdi. Bundan butun shahar norozi bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda bir necha bor yozdi. Jumladan, jamoatchilik faoli Sherzodxon Qudratxo‘ja ham Yunusoboddagi havo ifloslanishida issiqxonalarni ayblagan, faollar esa muammoning ildizi gaz va umuman energetika sohasiga borib taqalishini ta’kidlagandi. Shu voqealar fonida shahar hokimligi qattiq yoqilg‘i asosida isitish uchun ichki yonuv tizimlaridan foydalanadigan barcha obektlar alohida hisobga olinishi va reyestrga kiritilishini aytib chiqdi.Isitish mavsumi davomida ularda maxsus guruhlar tomonidan rejadan tashqari tekshiruvlar o‘tkaziladi. Atmosferani ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar: issiqxonalardan tortib umumiy ovqatlanish korxonalarigacha, shu jumladan ochiq olovda taom tayyorlanadigan muassasalar ham nazoratga olindi”, – deb ma’lumot bergan hokimlik. Biroq hokimlik reyestrga nechta korxona kiritilgani haqida ma’lumot bermagan.

Paysalga solinayotgan filtrlar

Sanoat korxonalarida filtr o‘rnatish masalasi hamon hal bo‘lgani yo‘q. Yaqinda Bosh prokuratura Toshkent viloyati va poytaxt havosini ifloslantirayotgan sanoat korxonalarini tekshirib, korxonalar filtrlar o‘rnatishni paysalga solayotganini ma’lum qilgandi. O‘rganishlarga ko‘ra, I va II toifaga kiruvchi, atrof-muhitga ta’siri yuqori bo‘lgan sanoat Toshkent viloyatidagi 27 ta korxonaning 19 tasida, Toshkent shahrida esa 31 ta korxonaning faqat 8 tasida filtr qo‘yilgan.

O‘ziga xos hid va havo rangini o‘zgartiradigan boshqa materiallardan, masalan, shinalar yoki yoqilg‘i moyi (pech yoqilg‘isi)dan foydalanadigan korxonalarga mavjud uskunalarni filtrlar o‘rnatilgan holda ko‘mirga almashtirish talabi qo‘yilgan. Aks holda, bunday korxonalar og‘ir ekologik vaziyat yuzaga kelgan yillarda o‘z faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishga majbur bo‘ladi”, – deyilgan munosabatda.

Yana bir yil kutish kerak

Vaziyatni yaxshilash bo‘yicha sentabr oyida prezident qarori e’lon qilindi. Unda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I toifasiga mansub bo‘lgan sanoat korxonalarida chang-gaz tozalash uskunalarini 2025 yilning noyabr oyigacha o‘rnatish belgilangan. Ko‘mir bilan ishlaydigan issiqxonalarda samaradorligi kamida 99,5 foiz bo‘lgan sertifikatlangan chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish uchun esa 2025 yilning oktyabrigacha muddat qo‘yilgan.

Qolaversa, qarorda shahar havosini zaharlayotgan mazutdan voz kechish haqida ham so‘z boradi. Unda mazutdan bosqichma-bosqich voz kechishning oxirgi muddati 2030 yil deb ko‘rsatilgan. Bundan ko‘rinadiki, poytaxtliklar nisbatan toza havo uchun 2025 yil qishini, juda toza havo uchun esa 2030 yilni kutishlari kerakka o‘xshayapti.

Zuhra Abduhalimova,
jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: