Xitoyda qadimgi odamlar qoldiqlari topildi. Ularning boshi ancha katta

Jahon 16:49 2003

Xitoyda ilgari noma’lum bo‘lgan qadimgi odamlar qoldiqlari topildi va unga Homo juluensis deb nom berildi. Ushbu tur vakillari zamonaviy odamlardan g‘ayritabiiy katta boshlari bilan farq qilgan. Kashfiyot haqida Manoa shahridagi Havay universiteti antropologi Kristofer Jyey Bey va Xitoy Fanlar akademiyasi paleontologi Syutsze Vu ma’lum qildi. Ularning maqolasi Nature jurnalida chop etildi.

Foto: nature.com

Homo juluensis bosh suyagining hajmi 103-109 kub dyuym (1688-1786 kub santimetr) atrofida. Taqqoslash uchun, neandertal odamning bosh suyagi hajmi 88 kub dyuym (1442 kub santimetr), Homo sapiens’niki esa 82 kub dyuym (1343 kub santimetr) ni tashkil etadi. Biroq bu yo‘qolib ketgan turning hozirgi zamon odamlardan aqlliroq bo‘lganini anglatmaydi.

Jami 16 ta Homo juluensis qoldiqlari topildi. Olimlar ularni neandertallar va denisovlarning toshga aylangan qoldiqlari bilan taqqosladi. Ma’lum bo‘lishicha, Homo juluensis’ning birinchi tur bilan hech qanday bog‘liqligi yo‘q, lekin ikkinchisi bilan umumiy xususiyatlarni o‘zida jamlagan. Denisovlar va Homo juluensis’larning tishlari o‘xshash. Ikkala turda ham ancha yirik oziq tishlari mavjud. Mutaxassislar, shuningdek, tishlarning yuzalarini taqqoslab, oziq tishlarining yuzalari deyarli bir xil bo‘lganini aniqladi.

Bey va Vu denisovlar mustaqil tur emas, balki Homo juluensis’ga tegishli populyatsiya bo‘lishi mumkin, degan farazni ilgari surdi.

Topilgan artefaktlar va hayvon suyaklari Homo juluensis yovvoyi otlarni ovlaganini ko‘rsatadi. Ular bu hayvonlarning go‘shti, ilik va tog‘aylarini iste’mol qilgan, ularning terisidan kiyim-kechak tayyorlagan.

Tur 300 ming yil avval boshlangan so‘nggi to‘rtlamchi davrda shakllangan bo‘lishi mumkin. Bu davr iqlim o‘zgarishlari bilan tavsiflanib, ular takrorlanuvchi muzlik davrlarini keltirib chiqargan va qadimgi odam turlarining qirilib ketishiga sabab bo‘lgan.

Denisovlarning qoldiqlari Denisov g‘orida, Tibetdagi Bayshiya g‘orlarida va Laosdagi Tam-Ngu-Xao-2 g‘orida topilgandi. Ularning qoldig‘i aniqlangan to‘rtinchi manzil — Echki g‘origa yaqinda virtual sayohat tashkil etildi. G‘or Oltoy o‘lkasining Krasnoshchekovo tumanida joylashgan. Tarixiy yodgorlik 2020 yilda topilgan bo‘lib, 2021-2023 yillar davomida o‘rganildi. Topilmalar orasida tosh qurollar, qadimgi inson tishi va Denisov odami DNKsi mavjud bo‘lgan tuproq cho‘kindilari bor.

Ko‘proq yangiliklar: