Tanamiz hujayralarida vodorod peroksid (H₂O₂) nafaqat “tozalovchi” rolini o‘ynaydi, balki muhim signallarni uzatishda ham ishtirok etadi. Biroq stress holatlarida, masalan yallig‘lanish vaqtida, H₂O₂ temir bilan reaksiyaga kirishib (Fenton reaksiyasi), gidroksil radikallarini hosil qiladi. Bu molekulalar DNK va RNKga tartibsiz ravishda hujum qilib, genetik darajada jiddiy shikast yetkazishi mumkin.
Yuta universiteti olimlari kimyo professori Sintiya Berrouz rahbarligida CO₂ dan hosil bo‘lgan bikarbonat Fenton reaksiyasi oqibatlarini yumshatishi mumkinligini aniqladi. Bunda agressiv gidroksil radikallar o‘rniga karbonat radikallari hosil bo‘ladi. Ushbu radikallar DNKga tanlab ta’sir ko‘rsatadi, to‘rtta azotli asosdan faqat bittasini — guaninni shikastlaydi.
Berrouz kashfiyot hujayra kimyosini tushunishda g‘oyat muhim ekanini ta’kidladi. Uning aytishicha, hujayra muhitida bufer vazifasini bajaruvchi bikarbonat temir bilan bog‘lanib, reaksiya xarakterini butunlay o‘zgartiradi. Natijada kamroq zararli birikmalar hosil bo‘ladi, bu esa DNKning tasodifiy shikastlanish xavfini pasaytiradi.
“Karbonat radikallari go‘yo nishonga aniq urilgan nayza kabi faqat guaninni zararlaydi, gidroksil radikallari esa xuddi sochma miltiqdan otilgandek ta’sir ko‘rsatadi”, — deb izohladi professor.
Kashfiyotdan so‘ng ilgari hujayraviy stress bo‘yicha o‘tkazilgan ko‘plab laboratoriya tadqiqotlari noto‘g‘ri bo‘lishi mumkin, degan xulosaga kelindi. Gap shundaki, standart tajribalarda hujayralar tabiiy muhitini qayta tiklash uchun CO2 miqdori yuqori bo‘lgan inkubatorlarda o‘stiriladi. Ammo hujayralar inkubatordan olinishi bilanoq, CO₂ ning ta’siri yo‘qoladi va bikarbonat o‘zining himoya vazifasini bajarishni to‘xtatadi. Shu sababli, tajriba natijalari yetarlicha aniq bo‘lmasligi mumkin.
Mutaxassislar tajribalarga bikarbonat qo‘shishni tavsiya etmoqda, chunki bu hujayra ichidagi haqiqiy sharoitlarni yaxshiroq aks ettiradi. Bu kashfiyot laboratoriyalardan tashqarida ham qo‘llanilishi mumkin. Masalan, mutaxassislar kosmik kapsulalar yoki suv osti kemalari kabi yopiq makondagi odamlarga karbonat angidrid gazining ta’sirini o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Olimlarning taxminiga ko‘ra, CO₂ darajasini biroz oshirish organizmni radiatsiya shikastlanishidan himoya qilishi mumkin. Bu kashfiyot kosmonavtlarni kosmik radiatsiya ta’siridan himoya qilish usullarini ishlab chiqish uchun yangi istiqbollarni ochadi.
Tadqiqot karbonat angidrid nafaqat global iqlim omili sifatida ahamiyatli ekani, balki hujayralarning ichki kimyoviy himoyasida muhim rol o‘ynashini isbotlaydi. Ushbu xulosalar qarish jarayoni, saraton kasalliklari va oksidlanish stressi bilan bog‘liq boshqa patologiyalarning rivojlanish mexanizmlarini yanada chuqurroq o‘rganishga sezilarli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.