Gap shundaki, Grenlandiya poytaxti Nuukda 2200 metr uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagiga ega yangi xalqaro aeroport ochilmoqda. U yirikroq samolyotlarga Arktika hududini dunyoning qolgan qismi bilan bog‘lash imkonini beradi.
Iyundan boshlab AQShning Nyu-Jyersi shtatidan to‘g‘ridan to‘g‘ri mavsumiy reyslar yo‘lga qo‘yiladi, parvoz davomiyligi to‘rt soatdan sal ko‘proqni tashkil etadi.
Hozir ham Grenlandiyaga yiliga 130 000 sayyoh kruiz kemalari yoki samolyotlar orqali tashrif buyurmoqda. Mintaqa turizmga ochilishi bilan bu raqam oshadi, shu bilan birga, rasmiylar haddan tashqari yuklama tushmasligiga umid bildirdi.
Yangi aeroport ochilishidan oldin, Grenlandiyaga shimoldagi Kangerlussuak yoki janubdagi Narsarsuak kabi kichikroq shaharlar orqali parvoz qilinardi. Bu ikkala shahar ham Ikkinchi jahon urushi paytida qurilgan AQSh sobiq harbiy bazalari bo‘lib, ular kattaroq samolyotlarni qabul qila oladi.
Yangi aeroport Air Greenland uchun baza vazifasini o‘taydi. Aviakompaniya Airbus A330neo samolyotini Daniyaning Kopengagen yo‘nalishida ekspluatatsiya qiladi. Aeroport soatiga 800 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Bundan tashqari, parvozlar Nuukni Islandiyaning Reykyavik shahri bilan bog‘laydi.
Greenland Airports bosh direktori Yens Lauridsen Nuukda yangi obektning ochilishi turizm va iqtisodiyotga katta ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, har bir parvoz Grenlandiya iqtisodiyotiga 200 ming dollar keltiradi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, sayyohlar Grenlandiyaga kelganida ularni nostandart turistik tajriba kutayotganini tushunishi kerak: “Biz Arktikada turibmiz, bu yerga kelgan sayyohlarni sarguzashtlar kutadi”.
Grenlandiyada 2026 yil oxirida shimoldagi Ilulissat va janubdagi Kakortok shaharlarini bog‘laydigan yana ikkita aeroport ochilishi rejalashtirilmoqda. Atigi 90 kilometr asfaltlangan yo‘lga ega bu mamlakatda mahalliy aholi va sayyohlar Grenlandiyadagi boshqa manzillarga borish uchun samolyotda uchishi yoki qayiqda suzishi kerak. Yangi aeroportlar esa sayohatlarni ancha osonlashtiradi.