Yangi Zelandiya shimolidagi Ruakaka qirg‘og‘iga chiqib qolgan 30 dan ortiq grind(qora delfin)lar to‘dasi qutqarildi, deb xabar bermoqda BBC rasmiylarga tayanib.
Tabiatni muhofaza qilish departamenti (DOC) ma’lumotiga ko‘ra, ularning ko‘pchiligi sayozlikdan chiqarilib, dengizga tashlandi, ammo uchta katta va bitta yosh grind nobud bo‘lgan. Departament delfinlar yana sohilga chiqib qolmasligi uchun tun davomida plyajni kuzatdi.
Qutqaruv ishlariga yuzlab odamlar, jumladan, mahalliy maori qabilasi, hukumat va jamoatchilikning boshqa vakillari qo‘shildi. Ular qora delfinlarni choyshablar yordamida suvga qaytardi.
Bundan tashqari, dushanba kuni sohilda nobud bo‘lgan to‘rt grind uchun maori marosimi o‘tkazildi. Yangi Zelandiyaning tub aholisi ushbu jonivorlarni muqaddas deb hisoblaydi.
Delfinlar va kitlar Yangi Zelandiya qirg‘oqlariga tez-tez chiqib qoladi. Ko‘p hollarda buning sababi noma’lum, lekin hayvonlar sayoz qirg‘oqlar tufayli yo‘nalishini yo‘qotishi mumkin, deb taxmin qilinadi.
1840 yildan buyon Yangi Zelandiyada besh mingdan ortiq kit va delfinlarning qirg‘oqqa chiqib qolish holatlari qayd etilgan. Oxirgi ommaviy hodisa 2024 yil aprel oyida kuzatilgan: o‘shanda 100 ta grind sayozlikka chiqib qolgandi, ulardan 31 tasi nobud bo‘lgan.