Donald Tramp AQSh prezidenti lavozimiga kirishgach, Kanada va Meksikadan keladigan barcha tovarlarga 25 foizlik, Xitoydan keladigan tovarlarga qo‘shimcha 10 foizlik boj joriy etishni rejalashtirmoqda. Bu amerikalik tadbirkorlar va iste’molchilar uchun xarajatlarning keskin oshishiga olib kelishi mumkin, deb yozdi CNN.
«20 yanvar kuni birinchi farmoyishlarimdan biri sifatida Kanada va Meksikadan keluvchi barcha mahsulotlarga 25 foizlik boj joriy etish bo‘yicha barcha kerakli hujjatlarni imzolayman. Giyohvand moddalar, xususan fentanil va barcha noqonuniy xorijliklar mamlakatimizga kirishni to‘xtatmaguncha, bu tarif amalda qoladi», deb yozdi Tramp ijtimoiy tarmoqda.
Amerikalik siyosatchining ta’kidlashicha, Meksika va Kanada orqali mamlakatga ilgari misli ko‘rilmagan darajada «jinoyat va giyohvand moddalar» olib kiruvchi odamlarning katta oqimi kuzatilmoqda. Uning ta’kidlashicha, Meksika va Kanada uzoq vaqtdan beri mavjud muammoni osonlikcha hal qilish uchun mutlaq huquq va imkoniyatga ega.
Tramp shuningdek, Xitoy o‘z tovarlariga nisbatan yuqori boj tariflariga duch kelishini, bu mavjud bo‘lgan har qanday tariflardan 10 foizga yuqori bo‘lishini aytdi. U agar Xitoy Amerikaga giyohvand moddalar yetkazib berishni to‘xtatsa, o‘z qarorini qayta ko‘rib chiqishini ta’kidladi.
«Xitoy rasmiylari menga bu ishni qilayotgan giyohvand modda savdogarlariga maksimal jazo, jumladan, o‘lim jazosini qo‘llashini aytishdi. Ammo, afsuski, ular buni qilmadi va giyohvand moddalar mamlakatimizga misli ko‘rilmagan miqdorda, asosan, Meksika orqali kirib kelmoqda. Ular buni to‘xtatmaguncha, biz qo‘shimcha tariflar ustiga, barcha Xitoy mahsulotlariga qo‘shimcha 10 foizlik boj joriy qilamiz», dedi u.