AQSh Kongressi Vakillar palatasining respublikachi a’zolari o‘z partiyadoshi, saylangan prezident Donald Trampga Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha muzokaralarni boshlash imkonini beruvchi qonun loyihasini tayyorladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
Hozir respublikachilar loyihani zarur qo‘llab-quvvatlovchilar bilan ta’minlash choralarini ko‘rmoqda. Agar qonun loyihasi qabul qilinsa, Tramp Daniya bilan muzokaralarni 20 yanvar kuni, ya’ni AQSh prezidenti lavozimiga kirishganida boshlashi mumkin.
Agar AQSh Grenlandiyani sotib olish bo‘yicha Daniya bilan kelishuvga erishsa, Tramp 5 kun ichida kelishuvni, shu jumladan barcha ilova materiallarini Kongress qo‘mitalari muhokamasiga taqdim etishi kerak.
Grenlandiya dunyodagi eng katta orol bo‘lib, Shimoliy Amerikaning shimoli-sharqida joylashgan va avtonom hudud sifatida Daniya tarkibiga kiradi. XIX asrdan beri Qo‘shma Shtatlar hukumati orolni qo‘lga kiritish masalasini bir necha bor ko‘targan.
Tramp Grenlandiyani qo‘lga kiritish istagini 2019 yilda prezident sifatidagi birinchi muddatida bildirgan edi. 2024 yilgi prezidentlik saylovida g‘alaba qozongach, yana shu g‘oyaga qaytdi. Unga ko‘ra, shu yo‘l bilan AQSh o‘zining milliy xavfsizligini kafolatlaydi.
Grenlandiya bosh vaziri Mute Egede bir necha bor orol mustaqilligini qo‘llab-quvvatlagan va orol «sotilmaydi» degan. Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen qirollik yaxlitligini saqlab qolish istagini bildirdi, biroq orolning mustaqillikka intilishini «qonuniy va tushunarli» deb atadi.