Toshkent shahar IIBB YHXB Yakkasaroy tumanida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi yuzasidan ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, 25 noyabr kuni soat 16:30 larda Yakkasaroy tumani Yusuf Xos Hojib ko‘chasidagi «Korzinka» savdo majmuasi qarshisida Cobalt hamda Forthing rusumli transport vositalari harakatlanib ketayotgan vaqtida avtomashinalar ustiga qurigan daraxt shoxi qulab tushgan.
Yo‘l-transport hodisasi oqibatida Cobalt transport vositasining yo‘lovchisiga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan.
Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar IIBB YHXB mas’ul xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda. «Shu o‘rinda barcha haydovchilardan kuz-qish mavsumida transport vositalarini daraxtlar va qurilish maydonlari yaqinida qoldirmasliklarini so‘rab qolamiz», — deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, may oyida Chilonzor tumanida enagasi bolalar aravachasida olib ketayotgan 1 yoshli qizning ustiga daraxt qulagan va oqibatda bola voqea joyida halok bo‘lgandi.