“JST – bu adolatli savdo tizimi” - Jamshid Qo‘chqorov

Iqtisodiyot 17:13 2305

Qonunchilik palatasining 26 noyabr kungi majlisida 2025 yilgi davlat budjeti to‘g‘risidagi qonun loyihasi birinchi o‘qishda konseptual jihatdan qabul qilindi.

Majlisda bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov ma’ruza qilib, o‘z so‘zida Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishning ahamiyatiga ham to‘xtaldi.

“Jahon savdo tashkiloti – umuman olganda, bir adolatli savdo tizimi. JSTga a’zo bo‘lganlar va a’zo bo‘lmaganlar orasida tengsizlik bor. Masalan, biz birorta rivojlangan mamlakat bilan savdo-sotiq qiladigan bo‘lsak, ular bizdan doimo o‘zi uchun mo‘’tadil, qulay shart-sharoitlarni talab qilish huquqiga ega. Bu yerda imtiyozlarni nazarda tutmayapman.

Shu bilan birga, JSTga a’zo bo‘lgan ayrim mamlakatlar bor – [qaysiligini] bu yerda hozir aytib o‘tirmoqchi emasman – hech qaysi mamlakat uchun qo‘ymagan import bojlarini O‘zbekiston uchun qo‘ygan. Uni biz faqat ikki tomonlama muzokaralarda ko‘rishimiz mumkin, “e, bu noto‘g‘ri bo‘lyapti, boshqa” deb. Buni yo qilishi, yo qilmasligi mumkin. Lekin agar biz ham JSTga a’zo bo‘lganimizda edi, bu ularga shaxsan bizning eksportimizni cheklashga qaratilgan chora-tadbir ko‘rishga imkoniyat bermaydi.

Fikrimni lo‘nda qilib aytadigan bo‘lsam, JSTga kirish – O‘zbekistonga boshqa, avvalo rivojlangan va tez rivojlanayotgan mamlakatlar bilan adolatli va teng paritet shart-sharoitlarda savdo qilish huquqini beradi.

Endi, kimdir yo‘qotishi mumkin, kimdir boshqa bo‘lishi mumkin, lekin mening fikrimcha, JST – bu adolatli savdo tartib-taomillari. Shuning uchun O‘zbekistonning har bir tadbirkori bo‘ladimi, korxonasi bo‘ladimi, mana shu ochiq raqobat sharoitida, adolatli sharoitda tadbirkorlik yuritishga o‘rganishi kerak”, – dedi Qo‘chqorov.

O‘zbekiston hukumati 2026 yilgacha Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish maqsadini e’lon qilgan.

“Iqtisodiyotimizga oldinlari proteksiya qaysidir ma’noda kerak edi. Yana shu yo‘lda davom etsak, imkoniyatlarimiz cheklanib qoladi”, – deya ushbu maqsadni izohlagan prezident Shavkat Mirziyoyev.

Ko‘proq yangiliklar: