Buyuk Britaniya hukumati bir necha hafta oldin Ukrainaga yana «o‘nlab» uzoq masofaga mo‘ljallangan Storm Shadow raketalarini yetkazib bergan. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.
Raketalar yetkazib berilgani to‘g‘risida ommaviy ravishda e’lon qilinmagan. Kir Starmer 2024 yil iyul oyida hukumat tepasiga kelganidan beri bu turdagi raketalarning birinchi marta yetkazib berilishidir.
Agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, Storm Shadow Vashington va London Ukrainaga uzoq masofali raketalar yordamida Rossiya hududidagi nishonlarga zarba uyushtirishga ruxsat berganidan oldin yuborilgan. Bloomberg manbalari raketalar aynan qachon Ukrainaga yetib kelgani, shuningdek, ularning soni nechta ekanini aytishdan bosh tortgan.
Noyabr boshida The Guardian Buyuk Britaniya ma’lum muddat Ukrainaga Storm Shadow raketalarini yetkazib bermasligi haqida yozgandi. The Times manbalariga ko‘ra, bu zaxiralar yetishmayotgani bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) Britaniyaning Storm Shadow raketalari yordamida Rossiya hududida ilk bor 20 noyabr kuni zarba berdi. Kursk oblastidagi Marino posyolkasi aholisi raketa qoldiqlariga shu kunning o‘zida duch kelgan. Storm Shadowʼdan foydalanish UQK Rossiya hududiga AQShning ATACMS raketalari yordamida zarba berganidan bir kun o‘tib sodir bo‘ldi.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 21 noyabr kuni Ukrainaning G‘arbda ishlab chiqarilgan uzoq masofaga mo‘ljallangan raketalar bilan Rossiya hududiga berilgan zarbalariga javoban Rossiya nima qilgani haqida kutilmaganda batafsil ma’lumot berdi. Xususan, u Dniprodagi «Yujmash» korxonasiga «Oreshnik» eksperimental ballistik tizimi orqali uyushtirilgan hujum haqida gapirdi. RF prezidentining ma’lum qilishicha, Rossiya ushbu sinovni Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) 19 va 21 noyabr kunlari Bryansk hamda Kursk oblastlaridagi nishonlarga ATACMS hamda Storm Shadow raketalari yordamida uyushtirilgan hujumga javob tariqasida amalga oshirgan.