Amerikaning Amazon korporatsiyasining Tokioda joylashgan shtab-kvartirasida huquq-tartibot organlari tomonidan tintuv o‘tkazildi, deb xabar beradi Reuters.
NHK telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, Amazon Japan antimonopoliya qonunchiligini buzishda gumonlanmoqda. Yaponiya adolatli savdo davlat komissiyasi taxminicha, Amazonʼning shu’ba korxonasi reteylerlarni (chakana savdo bilan shug‘ullanuvchilar) o‘z tovarlari uchun narxlarni boshqa shunga o‘xshash onlayn platformalarga qaraganda pastroq belgilashga majbur qiladi.
Kompaniya, shuningdek, reteylerlarni o‘zining logistika servislaridan foydalanishga majburlaydi — buning evaziga Amazon Japan ushbu kompaniyalar tovarlarini o‘z saytida ko‘zga ko‘rinadigan pozitsiyalarga joylashtiradi. Davlat komissiyasiga ko‘ra, bunday amaliyot mamlakatning antimonopoliya qonunchiligini buzish hisoblanadi.
Avvalroq Amazon’da mahsulotlar bo‘yicha katta texnik menejer lavozimida ishlovchi xodimning kompaniyadagi ishi haqida internetga joylagan posti muhokamalarga sabab bo‘lgandi. U bir yarim yil davomida hech qanday muhim vazifani bajarmagan, ammo bu vaqt ichida taxminan 555 ming dollar maosh olgan.