Yaponiya kompaniyasi prezidenti O‘zbekistonning Xiroshimadagi faxriy konsuli etib tayinlandi

O‘zbekiston 11:30 / 25.11.2024 800

Faxriy konsul O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiya siyosatini faol ilgari surish, Yaponiya bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim va turizm sohalarida hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shadi.

O‘zbekiston elchisi Muhsinxo‘ja Abdurahmonov o‘z nutqida Balcom Group kompaniyasi prezidenti Tetsuro Yamasaka tomonidan so‘nggi yillarda mamlakatda bir qator investitsiyaviy loyihalar amalga oshirilganini, shuningdek, ikki davlat o‘rtasida turizm va madaniy almashinuvlar yo‘nalishida ko‘plab tadbirlarni tashkil qilganini ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarni rivojlantirish, yangi loyihalarni amalga oshirish hamda Yaponiya hududlarida yurtimizning investitsiyaviy, eksport va turizm salohiyatini keng targ‘ib qilish, madaniy tadbirlar uyushtirish va vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Tetsuri Yamasakani O‘zbekiston faxriy konsuli etib tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Faxriy konsul Tetsuro Yamasaka o‘z nutqida, ushbu mas’uliyatli lavozimga tayinlangani va O‘zbekiston tomonining yuksak ishonchi uchun minnatdorlik bildirdi. "Faxriy konsullik okrugiga kiruvchi Xiroshima, Fukuoka va Okayama prefekturalari hamda O‘zbekiston hududlari o‘rtasida keng ko‘lamli hamkorlik aloqalarini rivojlantirishga hissa qo‘shish uchun bor bilim va kuchimni sarflashga tayyorman", - dedi u.

Shuningdek, Xiroshima shahrida tashkil etiladigan faxriy konsullik uchun bino ajratilgani va kelgusida ushbu binoda o‘zbek milliy mahsulotlari "shou-rumi" hamda Savdo uyini tashkil etilishi ma’lum qilindi.

Bundan tashqari, Xiroshima prefekturasida "O‘zbekiston brendi"ni keng targ‘ib qilish maqsadida o‘zbek milliy taomlari restoranini ochish va turizm ko‘rgazmasini tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: