Xiyobonlarni xususiylashtirishni taqiqlash to‘g‘risidagi qonun loyihasi Qonunchilik palatasiga kiritildi

O‘zbekiston 16:34 432

«Adolat» partiyasi va Ekologik partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyalari a’zolari tomonidan aholining madaniy hordiq va dam olish maskanlari muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqildi va Qonunchilik palatasiga kiritildi.

Qayd qilinishicha, bu yangi parlamentning birinchi qonun loyihasi bo‘ldi va siyosiy partiyalar fraksiyalarida qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Deputatlarning bu boradagi o‘rganishlaridan ma’lum bo‘lishicha, so‘nggi yillarda davlat mulki hisoblangan umumiy foydalanishdagi bog‘lar, sayilgoh, xiyobon va daraxtzorlar hududida bino-inshootlarni qurish amaliyoti kengayib borayotgani ko‘p yillik daraxtlarning kesilishiga, atrof muhit ifloslanishiga, oqibatda aholining haqli noroziligiga sabab bo‘layotgan edi.

Ta’kidlanishicha, istirohat bog‘lari yerlarini mahalliy hokimiyat zaxirasiga olish va keyinchalik begonalashtirish amaliyoti kengayib borayotgani oqibatida bog‘lar hududi qisqarib bormoqda.

Deputatlar tashabbusi bilan ishlab chiqilgan qonun loyihasida madaniy hordiq maskanlarini, ularning yerlarini hamda ushbu yerlardagi bino-inshootni begonalashtirishni, madaniy hordiq maskanlari hududini qisqartirish, ularda bino-inshoot qurish (yengil turdagi obektlar bundan mustasno) yoki mavjud bino-inshootni qurilish osti maydonini kengaytirishni taqiqlash nazarda tutilgan. Bu turdagi huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi mumkin.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan «botanika bog‘lari» muhofaza etiladigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritilmoqda. Ularning yerlarini begonalashtirish, hududida bino-inshootlar qurish yoki qurilish osti maydonlarini kengaytirish taqiqlanmoqda.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev Qonunchilik palatasining yangi tarkibdagi birinchi majlisida «Adolat» sotsial-demokratik partiyasining bu tashabbusini ma’qullagan edi.

Ko‘proq yangiliklar: