Turkiyada yashirinib yurgan O‘zbekiston fuqarolarini ushlash amaliyoti kuchaytiriladi

O‘zbekiston 19:17 / 25.11.2024 6126

Bosh konsulxona xabariga ko‘ra, so‘nggi yillar davomida O‘zbekistonda tergov va suddan yashiringan ayrim shaxslarning Turkiya hududida yashirinishga urinishi bilan bog‘liq ko‘plab holatlar kuzatilmoqda. Shu bilan birga, Turkiya va O‘zbekiston ichki ishlar vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro huquqiy yordam tadbirlari doirasida bu kabi shaxslarga nisbatan jinoiy taqibni amalga oshirish samarali ko‘rinishga ega bo‘lgan.

«Jumladan, birgina 2024 yilning 10 oyida javobgarlikdan qutulish maqsadida yillar davomida qardosh davlat hududida yashirinib yurgan 37 nafar ayblanuvchilar qo‘lga olinib, odil sudlov hukmiga havola etildi. Bundan buyon qidiruvdagi shaxslarni qo‘lga olish tadbirlari yanada kuchaytiriladi, jinoyatchilikka qarshi murosasiz kurash jadal davom ettiriladi, jinoyat uchun javobgarlik prinsipi qat’iy ta’minlanadi»,deyiladi konsullik xabarida.

Shuningdek, konsulxona qidiruvdagi shaxslar uchun yagona va eng to‘g‘ri yo‘l — «O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalariga yoki respublika huquqni muhofaza qiluvchi idoralariga murojaat qilish, tergov va sud protsessida qonuniy himoya huquqidan foydalanish» ekanligini eslatib o‘tgan.

Joriy yil 12 sentabr kuni Toshkentda O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar, ichki ishlar vazirlari hamda xavfsizlik xizmati rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda ikki mamlakat huquqni muhofaza qiluvchi idoralari o‘rtasida munosabatlarni institutsionallashtirish, ochiq qolayotgan huquqiy masalalarni tartibga solish ustida kelishuvlar imzolangan edi.

Foto: Turkiya TIV

Kun.uz muxbiri ushbu uchrashuv atrofida ko‘tarilgan masalalar yuzasidan siyosatshunos Fazliddin Madiyev bilan suhbatlashgan.

Ko‘proq yangiliklar: