«O‘zcharmsanoat» uyushmasiga yangi rais tayinlandi

O‘zbekiston 22:18 / 25.11.2024 1735

Akbar Sultonov «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi lavozimiga tasdiqlandi, deb xabar beradi uyushma matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, bugun 25 noyabr kuni «O‘zcharmsanoat» uyushmasi va unga a’zo tadbirkorlik sub’yektlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan.

Yig‘ilishda tashkiliy masalalar ko‘rib chiqilgan. Unda uyushmaga a’zo korxonalar tomonidan «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi lavozimiga Akbar Sultonov bir ovozdan tasdiqlangan. Shuningdek, uyushma kengashining yangi tarkibi saylangan.

Bundan tashqari, yig‘ilishda 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan charm-poyabzal va mo‘yna sanoatini rivojlantirishning maqsadli parametrlari tasdiqlandi. 2024 yilda charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard kvadrat detsimetr, poyabzal mahsulotlarini 205 million juftga, charm-attorlik mahsulotlarini esa 143 million donaga yetkazish choralari belgilangan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning mart oyida «O‘zcharmsanoat» uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev lavozimini tark etgandi. Rais vazifasini vaqtincha bajaruvchi etib uning o‘rinbosari Farhod Nurmuhamedov tayinlangan edi.

Ko‘proq yangiliklar: