Prezidentning “Charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik tarmoqlarini rivojlantirishni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Toshkent va Jizzax viloyatlarida charm-poyabzal kichik sanoat zonasi hududini kengaytirish orqali, charmni chuqur qayta ishlash va tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan charm-poyabzal sanoati klasterlarini tashkil etish vazifasi yuklatilgan edi.
Shu sababli Ohangaron tumanida 15,7 gektar yer maydonida kichik sanoat zonasi tashkil etildi, deya xabar bermoqda “O‘zcharmsanoat” uyushmasi.
Shuningdek, charm-sanoat texnoparki direksiyasi tashkil etilgan. Rasmiy xabarga ko‘ra, bugungi kunda mazkur kichik sanoat zonasida 7 tashabbuskor tomonidan 23 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan. Loyihalarning umumiy qiymati 31,5 mln dollarni tashkil qiladi
“Mahalliy tadbirkorlar bilan bir qatorda Rossiya, Xitoy, Turkiya kompaniyalari ushbu hududda o‘z loyihalarni amalga oshiradi.
Kichik sanoat zonasida avtomatlashtirilgan kushxona, terini qayta ishlash va undan tayyor mahsulot olishga ixtisoslashgan klaster, poyabzal ishlab chiqarish korxonalari va junni qayta ishlash zavodlari joy egallaydi”, - deyiladi xabarda.
Uyushma ayni vaqtda Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki va “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamkorligida kichik sanoat zonasida suv tozalash inshootlarini barpo etish bo‘yicha Xitoy kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazilayotganini qo‘shimcha qilgan.
Bundan tashqari, Prezident qarori bilan Toshkent viloyati hokimligi tomonidan sanoat zonasiga yondosh hududlardan yana 20 gektar yer maydonini ajratish ishlari boshlangan.
Yer maydonlari ajratilgach auksionga qo‘yiladi. Hozirda uyushma tomonidan yangi tashabbuskorlarning takliflari o‘rganib chiqilmoqda.
Jizzax va Toshkent viloyatida tashkil etiladigan sanoat zonalaridagi tadbirkorlarga qanday imtiyozlar beriladi?
Prezident qarori bilan Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida, shuningdek Ohangaron tumanida tashkil etilgan charm-poyabzal kichik sanoat zonalari hududida quriladigan ishlab chiqarish bino-inshootlari tadbirkorlarga to‘g‘ridan to‘g‘ri 7 yilgacha muddatga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan yoki ijara asosida beriladi.
Poyabzal va charm-attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalarni xarid qilish maqsadida xorijiy valutada ajratiladigan kreditlarning 3 million AQSh dollaridan ortiq bo‘lmagan qismi bo‘yicha foiz xarajatlarining 6 foiz banddan yuqori qismi, biroq 5 foizdan ko‘p bo‘lmagan miqdorda “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ tomonidan kompensatsiya qilib beriladi.
Xorijiy brendlarni jalb qilgan poyabzal va charm-attorlik mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarga “sorsing” kompaniyalari uchun sarflangan xarajatning 30 ming AQSh dollarigacha qismi qoplab beriladi.
Sanoat zonalarida tashkil etiladigan korxonalar mol-mulk solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan ozod etiladi.