UzcharmStyle-2023 xalqaro tanlovi charmsanoat bozorida yangi avlod dizaynerlari nomini taqdim etdi

O‘zbekiston 08:06 / 18.09.2023 5008

Kelajak charmsanoati uchun eng yaxshi dizaynlar. Toshkent ilk bor xalqaro charmsanoat bozori uchun ana shu mezonga asosan yosh iqtidorli dizaynerlarning nomlarini taqdim etdi. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasi, Turkiyaning “Ege”, Gretsiyaning “Krit” universitetlari va Toshkent to‘qimachilik va yengil sanoat instituti hamkorligida bo‘lib o‘tgan “UzcharmStyle-2023” birinchi xalqaro yosh dizaynerlar tanlovi ilk bor o‘tkazilishiga qaramasdan o‘z mavqeyi va nomini xalqaro dizaynerlik tanlovlari qatoriga joylashtirdi.

Foto: O‘zcharmsanoat

Ko‘rgazmaning bosh tashkilotchisi “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi Faxriddin Boboyev xalqaro tanlov haqida quyidagi fikrlarni bildirdi:

- "Mazkur tanlov o‘tgan yillarda respublika bo‘ylab o‘tkazib kelinar edi. Joriy yilda u xalqaro maqomni oldi. Maqsadimiz mamlakatimiz hamda jahon charmsanoatiga yangi avlod dizayner va texnologlarini yetkazib berish hamda ularning ishlanmalarini ishlab chiqarishga tatbiq etish orqali har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdir. Tanlovga kelib tushgan ijodiy ishlarda eng avvalo soha uchun yangi yechimlar, innovatsion g‘oyalar hukmron. O‘ylaymizki, mazkur xalqaro tanlov O‘zbekistonning yosh dizaynerlari va ularning ishlanmalari uchun muhim platforma bo‘ladi".

Foto: O‘zcharmsanoat

Xalqaro tanlov ilk bor o‘tkazilishiga qaramasdan unda ishtirok etish istagini bildirgan yoshlarning safi ko‘p ekani quvonarli xolat. O‘zbekistondan tashqari, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiyadan ham 100dan ortiq arizalar kelib tushdi. Har bir yo‘nalish bo‘yicha takrorlanmas ijodni uchratish mumkin. Bu esa o‘z-o‘zidan katta raqobatning yuzaga kelishiga asos bo‘ldi.

Yosh iste’dod egalari soha kelajagini o‘z nuqtai nazarlari bilan ko‘radi. Yangilik kiritishga harakat qiladi. Tanlovning dastlabki bosqichida xorijiy universitetlar professorlari, dizayner va texnologlari hakamlar hay’ati a’zosi sifatida ishtirok etib barcha ijodiy ishlarni diqqat bilan ko‘zdan kechirdi. Xususan, Gretsiyaning Krit texnika universiteti professori, hakamlar hay’ati a’zosi Nikolaos Bilasis tanlov ishtirokchilarining ishlariga baho berdi.

Yoshlarning mahorati va iqtidoridan hayratdaman. Har bir ishda o‘ziga xoslik va yangilik bor. Hech qaysi detal yoddan ko‘tarilmagan. Men yoshlarni atrof-muhitga g‘amxo‘rlik qilib, “yashil” deb atalmish yo‘nalishda ko‘proq ishlashga chaqiraman. Bu bilan ularda xalqaro maydonda yanada yuqori maqomga ega bo‘lish imkoniyati paydo bo‘ladi.

Foto: O‘zcharmsanoat

Turkiyaning Ege universiteti professori, hakamlar hay’ati a’zosi Arifi Jandash Adiguzel Zengin tanlov ishtirokchilarining ko‘zlarida olov ko‘rganini qayd etdi.

Ijodkor o‘ziga xos yangilik o‘ylab topish ishtiyoqi bilan yonishi juda muhim. O‘zbekiston yoshlarining ijobiy ma’noda yangilik qilishga, intilishga o‘chligini yuqori baholayman. Yosh dizaynerlarning mehnatini olqishlayman. Ularga kelajakda muvaffaqiyatlar tilab qolaman. “O‘zcharmsanoat” uyushmasi tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tanlov esa yosh iste’dod egalari kelajakni qaysidir ma’noda o‘zgartiradigan, jamiyat rivojiga hissa qo‘shadigan dizaynlarni loyihalash va o‘z ijodini hayotga tatbiq etishda noyob imkoniyatdir.

Foto: O‘zcharmsanoat

Mazkur tanlovda davlat idoralarining o‘rni va ahamiyati kattadir. Boisi, ularning qo‘llab-quvvatlovi bilan yoshlar yangi marralarni tez egallaydi. Xotin-qizlar va oila masalalari qo‘mitasining mazkur tanlovda hamkorlik qilishi yosh dizayner qizlar uchun yana bir imkoniyatdir. Qo‘mita vakillarining so‘zlariga ko‘ra tanlovda yangi avlod dizaynerlari tomonidan taqdim etilgan g‘oyalar nafaqat charmsanoat sohasida brendlarning yaratilishiga, balki O‘zbekiston dizaynerlar maktabining yanada rivojlanishiga xizmat qiladi.

“UzcharmStyle-2023” birinchi xalqaro yosh dizaynerlar tanlovning taqdirlash marosimi xalqaro podiumlarni eslatadi. Farqli jihat unda mahoratlilar emas, balki endigina bu olamga qadam qo‘ygan yoshlarning ishlari taqdim etilmoqda. Kelajakni ko‘ra bilish, innovatsiya va integratsiya, jamiyat ehtiyojlarini hisobga olish. Xalqaro tanlovning uchta muhim sharti aynan ushbu ijodiy ishlarda namoyon.

Foto: O‘zcharmsanoat

Xalqaro tanlov g‘oliblari tanlov haqida o‘z fikrlarini bayon qildi. Xususan, “Sergeli sanoat servis” korxonasi yosh dizayneri Ubaydullayev Zikrilla “Eng yaxshi erkaklar poyabzal dizayni” yo‘nalishida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu tanlov uning kelgusidagi faoliyatida muhimligini ta’kidladi.

Tanlovda ishtirok etish bu katta mas’uliyat. Boisi, xorijlik mutaxassislar ishlanmalarimni kuzatishdi. Menga “Krit” universiteti professorining loyihalarim kelajak avlodlar oldida turgan global muammolarga javob berishini, barqaror, baxtli kelajak rivojlanishiga hissa qo‘shishda o‘ziga xos va innovatsion usullarda taqdim etilganini ta’kidlagani katta g‘urur berdi. Xorijiy tanlovlarda ham qatnashishim kerakligini aytishdi. Bu tanlov menga katta ishonch va g‘urur beradi.

“Eng yaxshi bolalar va o‘smirlar poyabzallari dizayni” yo‘nalishi g‘olibi TTeSI talabasi O‘tkirxojayeva Nozimaxon mazkur tanlov yangiliklar maydoni ekanligini qayd etdi.

Tanlovda ilk bor ishtirok etdim. Katta hayajon va hadik bilan ishlanmalarimni topshirdim. Qarangki birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldim. Ijodiy ishlarimning yuqori baholanishi eng avvalo tanlagan sohamga mehrimni yanada oshirdi. Hay’at a’zolarining bizga ishonch bildirgani, sohadagi kelgusi faoliyatimizga omad tilagani kelajakda tarmoqda yanada ishonch bilan ishlashimizga kuch berdi. Bizga berilgan sovg‘alar ham sohamiz uchun o‘ta muxim. Endi eskizlarni qog‘ozda emas, mana shunday kompyuterlarda yaratamiz. Tanlov tashkilotchilariga minnatdorchiligimni bildiraman.

Foto: O‘zcharmsanoat

“Eng yaxshi mo‘ynadan tikilgan kiyimlar dizayni” yo‘nalishi g‘olibi, “Osiyo mo‘ynasi” korxonasi dizayneri Filipova Kseniya esa tanlovda ishtirok etish orzulari sari muhim bosqich ekanini aytdi.

Bolaligimdan qorako‘l va mo‘yna mahsulotlarini ishlab chiqarish korxonasida otamning ishlarini kuzatib borar edim. Bugun o‘zim ham shu korxonada dizaynerman. Tanlovdagi ishtirokim orzularim sari yana bir muhim bosqichdir. Menga bildirilgan ishonch maqsadlarim sari qo‘rqmasdan odimlashimga turki berdi. Kelgusi yilda ham tanlovda qatnashib yanada yangi ishlanmalarni taqdim etaman.

Foto: O‘zcharmsanoat

Taqdirlash marosimida tashkilotchilar o‘ylagan yechimlar bilan kesishadigan va jamiyatni turli sharoitlarda yaxshilashga qodir bo‘lgan qiziqarli dizaynlarni aynan ushbu tanlovda uchratish mumkinligi bot-bot yangradi.

Foto: O‘zcharmsanoat
Foto: O‘zcharmsanoat

Mahalliy va xalqaro hay’at a’zolari ilk bor o‘tkazilgan mazkur xalqaro tanlovda yettita yo‘nalishda mamlakatimiz charmsanoati uchun yangiliklar olib kiruvchi 21 nafar yosh dizaynerlarni tanlab oldi. Ularga diplom, tanlov statuetkasi hamda qimmatbaho sovg‘alar taqdim etildi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: