O‘zbekistonda bugun, 25 noyabrdan boshlab «Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun faollik» tadbirlari boshlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva.
Ushbu tadbirlarning maqsadi — mavjud muammolarni tahlil qilish, bu borada keng jamoatchilik vakillari, mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar va boshqa shu sohaga aloqador insonlar fikrini o‘rganish, davlat tomonidan amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni belgilash, inson huquqlarini ta’minlash yo‘lida barchani birlashtirishdan iboratdir.
«Davlatimiz rahbarining qat’iy siyosiy irodasi tufayli «Inson qadri uchun» tamoyili asosida zo‘ravonlikning har qanday ko‘rinishiga qarshi tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Qonunlarimiz takomillashtirildi, jazo choralari qat’iylashtirildi, ushbu illatga qarshi ishlaydigan aniq tizim — Ijtimoiy himoya Milliy agentligi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Lekin qisqa muddatda amalga oshirilgan ishlar va bugungi natijalarimiz — bu borada qilinishi zarur bo‘lgan haqiqiy faoliyatga dastlabki qadamdir. Bu yo‘nalishda hali muammolar yetarlicha. Buning uchun barchamiz mas’ul bo‘lishimiz darkor. Butun jamiyatimiz zo‘ravonlikka qarshi kurashish uchun yagona kuchga aylanishi kerak. Befarq bo‘lmaslik, zo‘ravonlik aniqlanishi va to‘xtatilishi uchun barcha imkoniyatlarni ishga solish orqali barbod bo‘lgan taqdirlar, yo‘qolgan umidlarga najot berishimiz mumkin.
Albatta, biz xotin-qizlarimizga, bolalarimizga nisbatan har qanday ko‘rinishdagi zo‘ravonlik va kamsitishlarning oldini olish, chora ko‘rish bo‘yicha ishlarimizni izchillik bilan davom ettiramiz. Bu borada barcha faollarimizning tashabbus va takliflariga, albatta, tayanamiz», — deb yozadi Tanzila Norboyeva.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil aprelda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev xotin-qizlar va bolalar huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish tizimini takomillashtirishga doir qonunni imzolagan edi. Qonunga muvofiq, endilikda xotinini so‘kkan, tahqirlagan, qo‘rqitgan erkaklar buning uchun javobgarlikka tortiladi. O‘z turmush o‘rtog‘iga og‘ir jarohat yetkazish esa 12 yilgacha qamoq jazosiga sabab bo‘ladi. Birovga shilqimlik qilish, ortidan ergashib ta’qib qilish, tinmay telefon qilish va shahvoniy maylni ko‘rsatuvchi harakatlar uchun ham javobgarlik kiritildi.