Bosh vazir yordamchisi va uning DXX Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i bo‘lib ishlagan akasi ishdan olindi

O‘zbekiston 12:40 / 25.11.2024 55422

Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd yuzasidan o‘tkazilayotgan tekshiruvlar doirasida yana ikki amaldor ishdan olingani oydinlashdi.

Bosh vazir matbuot kotibining xabar berishicha, Ashurov Sarvar G‘aniyevich bosh vazirning yordamchisi – bosh vazir qabulxonasining mudiri lavozimidan ozod qilingan. Uning o‘rniga Vazirlar Mahkamasi kotibiyati mudirining o‘rinbosari – bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan Shuhrat Ibragimov tayinlangan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Sarvar Ashurovning Davlat xavfsizlik xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan akasi polkovnik Ashurov Alijon G‘aniyevich ham ishdan bo‘shatilgan.

Ular Allamjonovga qilingan suiqasd ishini fosh etishga to‘sqinlik qilgani aytilmoqda.

Avvalroq ushbu jinoyat ishi bo‘yicha olib borilayotgan tergovga bog‘liq holatda DXX raisi Abdusalom Azizov, IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahrorjon Adhamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev hamda Toshkent shahar IIBB Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirov ham ishdan olingan edi.

Ko‘proq yangiliklar: