Komil Allamjonovga suiqasd bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan Javlon Yunusov Janubiy Koreyada qo‘lga olindi

O‘zbekiston 16:19 / 25.11.2024 44279

Bosh prokuratura Prezident administratsiyasi sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasd yuzasidan navbatdagi ma’lumotlarni taqdim etdi.

«Bosh prokuratura tomonidan Qibray tumanida O‘zbekiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonovga nisbatan sodir etilgan qotillikka suiqasd qilish bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.  

Tergov harakatlari davomida hodisa sodir bo‘lgan joyni va ayblanuvchilar boshqaruvida bo‘lgan avtomashinalarni ko‘zdan kechirish hamda ular istiqomat qilgan xonadonlarda o‘tkazilgan tintuvlarda ishga aloqador bo‘lgan ashyoviy dalillar aniqlanib olindi. 

O‘tkazilgan tergov va tezkor–qidiruv tadbirlari davomida ushbu jinoyatni sodir etishga aloqador bo‘lgan jami 7 nafar shaxs aniqlanib, 5 nafariga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llandi, shuningdek, 2 nafariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.

Qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi K.S.ning Qozog‘iston Respublikasida yashiringan manzili aniqlanib, uning ishtirokida tergov harakatlari olib borildi.

Shuningdek, qidiruvda bo‘lgan ayblanuvchi Javlon Yunusov Janubiy Koreya Respublikasida qo‘lga olinib, O‘zbekistonga ekstraditsiya qilindi», deyiladi xabarda.

Tergov harakatlari davom etmoqda.

Bungacha nimalar bo‘lgandi?

Joriy yilning 26 oktyabr kuni soat 1:40 atrofida Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi Ifor ko‘chasida ikki nafar noma’lum shaxs harakatdagi Range Rover rusumli yo‘ltanlamas avtomobilga o‘qotar quroldan bir necha marta o‘q uzib, voqea joyidan qochib ketgandi. Hujum nishoni prezident administratsiyasi axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov edi, u va yonidagilar jabrlanmagan.

Bosh prokuraturaning 27 oktyabr kungi xabarida o‘q uzganlardan biri gumonlanuvchi tariqasida ushlangani aytilgandi. 28 oktyabr kuni yana uch gumondor qo‘lga olingani ma’lum qilindi. Shundan keyin bu ish bo‘yicha rasmiy xabar berilishi to‘xtab qolgandi.

Qariyb bir oy o‘tib, 23 noyabr kuni Davlat xavfsizlik xizmati raisi Abdusalom Azizov ushbu ish doirasida lavozimidan olindi.

24 noyabr kuni esa IIV Tezkor qidiruv departamenti Jinoyat qidiruv xizmati boshlig‘i Ahrorjon Adhamov, Toshkent shahar IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev hamda Toshkent shahar IIBB Tezkor qidiruv xizmati Jinoyat qidiruv boshqarmasi Uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘limi boshlig‘i Timur Sobirov ham lavozimidan ozod etildi. Bu iste’folar ham Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd bilan bog‘liq hisoblanadi.

25 noyabr kuni Davlat xavfsizligi xizmati Ichki xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i Alijon Ashurov va bosh vazir yordamchisi Sarvar Ashurov (ular aka-uka) ishdan olingani ma’lum bo‘ldi. Ularning bir vaqtda ishdan bo‘shatilishi ham Komil Allamjonovga uyushtirilgan suiqasd bilan bog‘liq.

Ko‘proq yangiliklar: