Barchasi 1971 yilda boshlangan. O‘sha yili dekabr oyida Kiyevda yashovchi shaxs 30 tiyinga pul va buyumlar o‘ynaladigan lotereya chiptasini sotib oladi. Ko‘p o‘tmay chiptaga ko‘pchilikning orzusidagi mashina – GAZ-24 «Volga» mashinasi yutug‘i chiqadi.
O‘sha paytlarda «Volga» mashinasining narxi 9150 rubl bo‘lgan. Biroq bu mashinani hatto navbatga turib ham olib bo‘lmas, shu uchun uning narxi ikkilamchi bozorda 20-30 ming rubl, hatto undan ham oshar edi.
Mashinasini sotmoqchi bo‘lganlar uning ustiga pul qo‘shib, davlat belgilaganidan qimmat narxga sotishi mumkin emasdi. Bu uchun jinoiy javobgarlik belgilangan va ular olibsotar deb jazolanardi.
Biroq mashinasini qimmatroqqa sotishni maqsad qilganlar jazodan qochish uchun xaridor bilan kelishardi. So‘ng oldi-sotdi hujjatlarida mashinaning davlat narxini ko‘rsatib, qolgan pulni yashirincha olardi.
Mashina taqchilligidan hukumat ham ustalik bilan foydalanardi. «Volga» GAZ-24 mashinalarini lotereyaga yutuq sifatida qo‘yib, bundan katta foyda olardi.
Endi yutuqqa ega chiqqan kiyevlikka kelsak, u «Volga» mashinasini emas, uning qiymatini pul ko‘rinishda olishga qaror qiladi.
1972 yil yanvar oyi boshida bayram ta’tilidan keyingi dastlabki ish kunida kiyevlik bankka keladi va lotereya chiptasini ko‘rsatib mashina emas, uning pulini olmoqchiligini aytadi.
Tartibga ko‘ra bank lotereya chiptasini yutgan odamdan olishi, uni ekspertizadan o‘tkazishi va barchasi joyida bo‘lsa yutuqqa chiqqan mashina qiymatini jamg‘arma kassada ochilgan hisobraqamga o‘tkazib berishi kerak edi.
Biroq Kiyevdagi bankning kassiri hamda uning nazoratchisi negadir tartibga rioya qilishmaydi va lotereyadan yutgan shaxsga «Volga»ning davlat narxi, 9 150 rublni naqd ko‘rinishda berib yuborishadi.
Ikkovlon yangi «Volga» GAZ-24 mashinasi o‘z narxidan ancha qimmat turishini bilishardi. Ular lotereyaning yutuqli chiptasini tanishlardan biriga sotib, foydani bo‘lib olishni maqsad qilishgandi.
Shu uchun ham lotereyaning yutuqli chiptasini olib kelgan odamga tartiblarni bir chetga surib naqd pul berib yuborishadi.
Bank xodimlari tez orada yutuqli chiptani sotib, bankdan olingan pulni hech kimga sezdirmay o‘rniga qo‘yishni reja qilishgandi. Biroq ishlar teskarisiga aylanib ketadi.
Tez orada kassir va uning hamkasbi yutuqli chiptani Oganesyan familiyali tanishiga 11 ming rublga sotadi. Kassadan olingan 9150 rublni o‘rniga qo‘yib, qolgan 1850 rublni bo‘lib olishadi.
Ularning har biriga 925 rubldan tegadi va bu summa bir ishchi-xodimning o‘rtacha bir yillik maoshiga teng edi.
Yutuqli chiptani sotib olgan Oganesyanga ham qimmat mashina kerak emasdi. U bu ishdan foyda olishni ko‘zlagandi. Shu sababli yutuqli chiptani Armanistonga olib borib Muradyan degan tanishiga salmoqli foyda bilan sotadi.
Lotereya chiptasining yangi sohibi Muradyan ham olibsotar edi. U GAZ-24 «Volga» mashinasi O‘rta Osiyoda juda qimmat narxlanishi haqida eshitgandi.
U mashinani Boku-Krasnovodsk yo‘nalishi bo‘ylab paromdan Turkmanistonga olib o‘tadi. So‘ng o‘ziga yangi «Volga» izlab yurgan boy sovxoz direktorining daragini eshitadi va uni izlab topadi.
Direktorga mashina rangi juda yoqib qolgani uchun u pulni ayamaydi. Muradyan yutuqli chiptani sovxoz direktoriga 45 ming rublga pullashga muvaffaq bo‘ladi. Direktor pullarni sanab bergach, borib yangi «Volga»ni oladi.
Militsiya Kiyevda yashovchi odamning lotereyasiga yutuqqa chiqqan «Volga» Turkmanistonga qay tarzda borib qolganini qanday aniqlagani ma’lum emas. Biroq chiptafurushlarning bu ishi fosh etiladi.
Sovxoz direktori yangi «Volga» olgandan ko‘p o‘tmay bu ish huquqni himoya qiluvchi organlar e’tiborini tortadi. Ular sovxoz direktorini chaqirib yangi mashinani qaysi pullarga olganini so‘rashadi.
Direktor «Volga»ni lotereyada yutganini aytadi, biroq organni bunga ishontira olmaydi. So‘roq davom ettiriladi. Shunda direktor lotereya chiptasini armanistonlik shaxsdan sotib olganini aytadi.
Shundan so‘ng militsiya arman millatiga mansub shaxsning ortidan tushadi va Muradyanni ushlaydi. Bu yog‘i zanjir tarzida ketadi va oxir-oqibat Oganesyan ham, Kiyevdagi bankning kassiri hamda nazoratchisi ham ushlanadi.
1972 yilda sud qarori bilan bankning ikki xodimi 5 yil, ularning tanishi Oganesyan 6 yil, yutuqli chiptani Turkmanistonga olib borib pullagan Muradyan 2,5 yil muddatga qamaladi.
Yutuqli chiptani oxirida xarid qilgan sovxoz direktorining nomi sud hujjatlarida eslanmaydi. Ehtimol u katta miqdorda pora berib, jazodan qutulib qolgan.
Oradan 10 yil o‘tgach 1982 yilda taniqli rejissyor Leoniy Gayday «Sportloto-82» kinokomediyasini suratga oladi.
Filmda voqealar boshqacha kechadi. Rejissyor filmni komediya yo‘nalishida suratga oladi. Ayrimlar o‘shanda Gayday 1972 yilda yutuqli lotereya chiptasi bilan sodir bo‘lgan hodisadan ta’sirlanib, filmni suratga olgan ham deyishadi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.