Xitoyning Akrtikadagi faoliyati ilmiy tadqiqotlar chegarasidan chiqib, razvedka ma’lumotlarini to‘plashga o‘tgan. Bu haqda Kanada mudofaa vaziri Uilyam Bler Galifaksda o‘tkazilgan xavfsizlik forumida ma’lum qildi.
«Xitoy bizning Arktikamizga ikki usulda yondashmoqda. Birinchisi — iqtisodiy bosim, mintaqadagi o‘ta muhim va boshqa infratuzilmalarga investitsiyalar orqali. Ikkinchisi — o‘zlari ilmiy tadqiqot deb atayotgan yo‘nalish orqali», — deydi Mudofaa vazirligi rahbari.
Blerning so‘zlariga ko‘ra, Kanada xitoyliklarning Arktikadagi faoliyati ilmiy tadqiqot maqsadlari bilan cheklanib qolmayotganini kuzatib bormoqda.
«Ular dengiz tubining xaritasini tuzmoqda. Ular razvedka ma’lumotlarini to‘playapti» — deya oydinlik kiritgan Bler.
Avvalroq AQSh Mudofaa vazirligi Arktika mintaqasida Rossiya-Xitoy hamkorligi kengayishi xavfi haqida ogohlantirgandi. Pentagon kotibi o‘rinbosari Ketlin Xiks AQShning 2024 yilga mo‘ljallangan Arktika strategiyasini e’lon qilar ekan: «Biz Arktikada Xitoy va Rossiya o‘rtasida o‘sib borayotgan tijoriy hamkorlikni ko‘ryapmiz, Xitoy Rossiyaning Arktika energiyasidan foydalanishi bo‘yicha asosiy qo‘llab-quvvatlovchi», degan edi.